Breaking News

AQSh: Turkmanistonda inson huquqlari oyoq osti bo'lmoqda


AQSh rasmiylari Turkmaniston hukumatini mamlakatda inson huquqlari oyoq osti bo’lishda davom etyapti, deya tanqid qilmoqda.

AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi elchisi Juliya Fayneli tashkilotga a’zo davlatlarni Turkmanistonda inson huquqlari bilan bog’liq ahvolni kuzatishda davom etishga chaqirdi. Unga ko’ra, Qo’shma Shtatlar dissident Gurbandurdi Durdikuliyevning aprel oyida ozod etilishi kabi, bu boradagi cheklangan ijobiy qadamlarni olqishlaydi.

Biroq, deydi u, Turkmanistonda matbuot va ayniqsa chet-el axborot vositalariga kuchli bosim hali ham mavjud. Bu esa Turkmanistonda ob’yektiv axborot olish imkoniyatini cheklamoqda.

Turkmanistonda jurnalistlarni qo’rqitish, ularga qo’pol muomala qilish va zo’ravonlik o’tkazish odatiy holat hisoblanadi. Vashington hukumati Og’ulsafar Murodovaning qamoqxonadagi o’limi bo’yicha chuqur tashvishda. “Ozodlik” radiosi muxbiri Murodova o’q-dori saqlaganlikda ayblanib iyun oyida hibsga olingan va uning advokatlar bilan uchrashishiga ruxsat berilmagan edi. Avgust oyida bir necha daqiqa davom etgan yopiq sud uni 6 yil qamoq jazosiga mahkum etdi.

14 sentyabr kuni esa, uning jasadi oilasiga dafn qilish uchun berilgan. Murodovaning qachon, qanday sabablar tufayli o’lgani sir tutildi, uning jasadini yorishga ruxsat berilmadi. Oilasiga ko’ra, marhumaning tanasida zo’ravonlik alomatlari bo’lgan.

Turkmaniston-Xelsinki inson huquqlari jamg’armasi rahbari Tojigul Begmedova marhum jurnalistning oila a’zolari ham tahdid ostida ekanini aytmoqda.

Matbuot erkinligini cheklash inson huquqlarining Turkmaniston hukumati tomonidan oyoq osti qilinishiga bir misoldir. AQSh Davlat departamentining inson huquqlari bo’yicha yillik hisobotida yozilishicha, fuqarolar besabab hibsga olinadi, qiynoqlarga solinadi va ularning harakatlanish erkinligi cheklanadi. Prezident Saparmurod Niyozovni tanqid qilganlar esa qamoqqa tashlanadi. Masalan, Kakaboy Tejenov tanqidiy chiqishlari uchun o’tgan yil yanvar oyidan buyon ruhiy kasalxonada saqlanmoqda.

AQSh diplomati Fayneli Turkmanistonni o’zi imzolagan xalqaro shartnomalarga rioya qilib, ushbu mavzuda ma’lumot berishga, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini esa Turkmanistonning yakkalanib qolmasligi uchun u bilan inson huquqlari bo’yicha muloqotni davom ettirishga da’vat etdi.

XS
SM
MD
LG