Breaking News

Musulmonlar idorasi Papa bilan bog'liq mojaroga qaytmoqchi emas


Musulmon ulamolari nomidan yaqinda Rim papasiga yo`llangan xat, papaning islom diniga oid fikrlari unutilmaganini ko`rsatmoqda. O`zbekiston Musulmonlar idorasi rasman bu maktubga imzo chekmagan, biroq bu boradagi munozaralar davom etmoqda.

O`zbekiston Musulmonlar idorasining matbuot bo`limi boshlig`i shayx Abulaziz Mansurning so’zlariga qaraganda, O`zbekiston Musulmonlar idorasi Rim papasiga yuborilgan maktubdan xabardor. Musulmonlar idorasi rasman bu xatga imzo chekmagan va Rim papasi bilan bo`gliq majaroga qaytishni noo`rin hisoblaydi.

O`zbekiston sobiq muftiysi shayx Muhammad Yusuf pontifikka yo`llangan maktubga imzo chekkan va bu tashabbusni qo`llab-quvvatlaydi.

“Umuman, xabarim bor. Amir Go`ziy degan hurmatli odam bor. Iordaniyada shunday tashabbus bilan chiqdi. Erondan, Arabistondan ko`p kishilar, ko`p ulamolar imzo chekdi”, - deydi u.

Shayx Muhammad Yusuf fikricha, hozir umumiy vaziyat o`zgargan. Vatikanda musulmon elchilari qabul qilindi, lekin baribir masalani u tomon hal qiladi.

“Ular yaxshi bir munosabatda bo`lishsa, musulmonlar yaxshi bo`lishga doim tayyorlar”, - deydi shayx Muhammad Yusuf.

O`zbekiston ziyolilari ham so`nggi paytda dinlar o`rtasidagi ziddiyat kuchayganini e`tirof etadilar.

“Shahidlar xotirasi” xayriya jamg`armasi rahbari, adabiyotshunos olim Naim Karimov nazarida ruhoniylar ruhiyati nozik kishilar. Karikaturalar butun musulmon Sharqini larzaga keltirgan.

“To`g`ri, bizning odamlar, ziyolilar bir narsaga munosabat bildirganda, uning gazak olib ketishi mumkinligini o`ylab, ehtiyot munosabatda bo`ladi. Hamma ichida noroziligini yashirgan. Shuning uchun ham Daniyada bosilgan karikaturalarga bizning ziyolilar munosabat bildirmadi”, - deydi Naim Karimov.

Uning fikriga ko`ra, Rim papasining islom dini, islom aholisiga ko’rsatgan hurmatsizligi shu kayfiyatdagi harakatlarning yorqin namunasi hisoblanadi.

“Chunki Rim papasi davlat dumasining a`zosi yoki biror siyosiy guruh vakili emas. U dunyodagi diniy bir davlat – Vatikanning rahbari”, – deydi u.

Naim Karimovning aytishicha, Yevropada ekstremizm va islom o`rtasidagi farqni anglash istagi sezilmayapti.

“AQShdagi 11 sentyabr voqealariga aralashgan odamlar islom dinidagi odamlar, lekin ular dinning soxta mafkurasiga tarafdor bo`lgan odamlar. Yevropadagi ayrim guruhlar bu bilan hisoblashmaydilar. Kurashni islom diniga qarshi, islom dinidagi odamlarga qarshi boshlab yuboradilar. Shu ma’noda buning natijalari o`ta xatarli bo`lishiga shubha yo`q”, - deydi adbiyotshunos olim.

Sharqshunoslik institutining ilmiy xodimi Abdusattor Jumanazarov hech narsa o`z-o`zidan paydo bo`lmaydi deb hisoblaydi.

“Menimcha, shunday fikr Rim papasining miyasida bo`lgan, chiqish uchun o`z fursatini kutib yotgan. U qaysi bir lahzada ojizlik qildi va ojizligi uning haqiqiy qiyofasini ko`rsatib qo`ydi. Endi u ming marta yuziga niqob tortmoqchi bo`lsa ham, uning kimligini bilamiz. Menimcha, u haqiqiy dindor emas, uning qadayotgan urug`idan mana shunaqa hosil olinadi”, - deydi sharqshunos.

Abdusattor Jumanazarovning o’ylashicha, bu fikrlarga u qadar e'tibor bermaslik kerak.

“Agar o`qimasdan, dunyoqarashni kengaytirmasdan, bu kabi fikrlarni eshitaversangiz, sizni junbushga soladi. Boshqa dindagilarni bir-birlariga nisbatan dushmanga aylantiradi”,– deydi Jumanazarov.

Sharqshunos tadqiqotchi nazdida bunday fikrlar ong, madaniyat rivoji uchun faqat to`siq bo`ladi.

“Aytaylik, ko`p tilga olinadigan Kafka. Kafkaning yozganlarida oddiy inson turadi. Unda millat ham, din ham yoq, dinlar qo`shilib ketadi, ya’ni haqiqiy Xudoning dini o`sha yerda bor. Kafka ehtimol yahudiy, nemis, balki turkdir. Lekin o`qiganingizda buni sezmaysiz. U haqiqatni anglab yetgan inson”.

Sharqshunos fikricha, dunyoni anglash jarayonida odam bu kabi shov-shuvlardan, shaxsiy manfaat, nafsdan o’zini tiyadi.

“Keyin mana shunday bema’ni gaplarni ko`tarib chiqmaydi. Ongli ravishda ko`tarib chiqmaydi. Ko`tarib chiqa boshladimi, demak, u dinning odami emas”, - deydi Abdusattor Jumanazarov.

XS
SM
MD
LG