Breaking News

Sharhlovchilar: Iroqda siyosiy tenglik olg'a surilsin


Iroq dunyodagi eng qaynoq nuqtalardan biri bo’lib qolmoqda. O`zbekiston televideniyesi siyosiy sharhlovchisi Qobilbek Karimbekov fikricha Iroqda vaziyatning keskinlashishiga AQSh qo`shinlarining u yerda uzoq qolib ketgani sababdir.

“2003 yilda AQSh Iroqqa kirganda ko`pgina davlatlar qo`lladi. O`zbekiston ham. Mening fikrim shuki, AQSh Iroqda qancha ko`p qolsa, Bushning siyosati davom etaversa, tashqi siyosatda katta bir mag`buliyat bo`lishi mumkin”, - deydi siyosiy sharhlovchi.

Mahalliy kuzatuvchilardan biri Baxtiyor Isabek fikricha esa Iroqdagi vaziyat mamlakatdagi diniy va etnik muammolar bois hamisha chigal bo`lib kelgan.

“Amerikaning u yerga kirib kelishi o`sha yashirinib yotgan diniy nizolarni o`z-o`zidan yuzaga chiqarib yubordi. XX asrgacha bu narsa diniy ziddiyatda ko`ringan bo`lsa, keyinchalik arablar, kurdlar, turklar, turkmanlar o`z milliy qadriyatlarini oldinga sura boshlagan. Kurdlar, albatta, son jihatdan ko`p bo`lgani, til va mahzab jihatdan Eronga yaqin bo`lgani uchun uning yordami ham katta bo`lsa kerak. Turkmanlarga keladigan bo`lsak, ularning Iroqda yashashini Turmanistondagilardan tashqari boshqa, masalan, bizning o`zbek olimlari o`ylab ham o`tirishmaydi. Iroqda yuzaga kelgan vaziyatning tarixiy sabablari ham bor”, - deydi Isabek.

Karimbekov nazarida Iroqda barqarorlikka erishish uchun mazhablarga nisbatan teng siyosat yuritish kerak.

“Biroq AQSh yetakchiligida Iroqda asosan e'tibor ko`proq shialarga berilgandek. Hokimyat vakillarini, rahbarlikka nomzodlarni ham asosan shialar tashkil etadi. Bu ma`lum ma`noda ziddiyatlarni kuchaytirib yuboradi.Tenglik prinsipiga amal qilinsa yomon bo`lmas edi”, - deydi sharhlovchi.

Kuzatuvchilar AQSh harbiylari Iroqni tark etsa, vaziyat yanada keskinlashadi degan fikrda.

Qobilbek Karimbekovning aytishicha, AQShning bugungi vaziyatda Iroqdan chiqib ketishi mamlakatda fuqarolar urishiga olib borishi mumkin.

Baxtiyor Isabek nazarida esa AQSh baribir qachonlardir chiqishi kerak, lekin bundan avval aniq bir choralar amalga oshishi zarur.

Karimbekovning ta'kidlashicha, bu borada BMT faollik ko`rsatishi lozim, ayniqsa hozirda yangi bosh kotib Iroq masalasida aniq munosabat bildirilishi kerak.

Baxtiyor Isabek deydiki, Iroqdagi muammolarning barham topishi u yerda demokratik boshqaruv vujudga kelishini talab qiladi.

“Lekin bu demokratiyani AQSh harbiylari amalga oshirishi kerak emas. Iroqliklarning o`zlariga berish kerak. Hozir bunga yo`l ochib berildi. Menimcha, har bir mahzab va millat vakillarining [nufuzli] vakillarini taklif qilib, bir kelishuvga kelish kerak”, - deydi Baxtiyor Isabek.

XS
SM
MD
LG