Breaking News

Iroq va Afg'onistondan qaytgan harbiylar endi Kongressni zabt etmoqchi


AQShda bu yilgi umumiy saylovlarda ko’plab urush faxriylari o’z nomzodini qo’ygan. Sobiq harbiylarning aksariyati Iroq va Afg’onistonda xizmat qilgan. Ulardan biri Iroq urushi faxriysi Patrik Merfi Pensillvaniya shahri, sakkizinchi saylov hududidan Kongressga saylanmochi.

U Iroq va Afg’onistondagi urushlarda qatnashgan va Kongress saylovlarida ishtirok etayotgan 10 faxriydan biridir. Ulardan faqat birigina respublikachi. Demokratlar nazarida, 2004 yildan farqli o’laroq xalq prezident Bushning Iroqdagi siyosatidan charchagan. Iroq mavzusi saylov AQSh bo’ylab saylov kampaniyalarida bosh mavzu bo’lib kelmoqda.

“Iroqdagi siyosatimizni o’zgartirish lozim. Bizga “janob prezident, askarlarimizni uyga qaytarish vaqti keldi,” deb qat’iyat bilan gapiradigan odamlar kerak”, - deydi Patrik Merfi.

Illinois shtatining Chikago shahri yaqinidagi 6-saylov uchastkasidan esa Iroq urushining yana bir faxriysi Temi Dakvort Kongressga saylanish ilinjida. Iroqda uchuvchi bo’lgan Dakvort u boshqargan vertolyot urib tushirilganda ikki oyog’idan ayrilgan. Iroqda urush ochish g’oyasiga boshidan norozilik bildirgan. Boshqa demokrat nomzodlar kabi, Dakvort ham amaldagi prezident va respublikachi qonun chiqaruvchilar yuritayotgan siyosatga qarshi chiqmoqda.

“Siyosatchilarimiz janglarda jonini fido qilayotgan askarlarimiz sharafini oqlamadi. Niyatim - AQSh keyingi safar urush boshlab qolsa, men ham Kongressda bo’lib, bunday qarorlarga ta’sir o’tkazish, siyosatchilarga urushlarning haqiqiy bahosini tushuntirish.”

Texas g’arbidagi 17-saylov uchastkasidan Iroq urushi veterani Van Teylor yagona respublikachi nomzod. U amaldagi demokratik raqibining o’rniga saylanmoqchi. Texasga, ma’lumki, prezident Jorj Bush gubernatorlik qilgan.

Van Teylor Garvard Universitetini bitirgan. Ishi tadbirkorlik. Iroq urushida kapitan bo’lib xizmat qilgan. Prezident Bushni va Iroqdagi urushni qo’llab-quvvatlaydi. Iroqda boshlangan ishni oxiriga yetkazish lozim, deydi u.

”Iroqdagi askarlarimizdan qayg’urishga hojat yo’q, chunki harbiy salohiyati kuchli davlatmiz. Harbiy dengiz flotida 10 yil davomida, eng navqiron yoshlar bilan xizmat qilganimdan juda faxrlanaman. Ular ayni daqiqalarda mamlakatimiz uchun kurashyapti. Meni liberal demokratlar tashvishlantiradi. Ular prezidentning va harbiylarimizning erkin va farovon hayotimizni ta’minlash yo’lidagi harakatlariga g’ov bo’layotir.”

Van Teylor omma orasidagi reytingi haqida gapirishidan bosh tortdi. So’nggi ommaviy so’rovlar demokrat Patrik Merfi yutuqlaridan darak bermoqda. May oyida Merfi respublikachi raqibidan ancha orqada edi, endi esa reytingi ko’tarilmoqda.

May oyida demokrat nomzod Temi Dakvort ham raqibi bilan bir xil harakatlayotgani qayd etilgan edi. Mana besh oy o’tib, Dakvort oldinda ketmoqda, deyishadi tahlilchilar. Nomzodlarning Iroqdagi urushga qarshi bayonotlari omma e’tiborini tortayotgan ko’rinadi. Noyabr oyi saylovlariga vaqt oz qoldi.

XS
SM
MD
LG