Iroq AQSh saylovlari natijasini belgilashi mumkin


AQSh umumiy saylovlar arafasida. Har ikki yilda xalq Kongressga yangi a’zolar va shtatlarga yangi rahbarlarni saylaydi yoki ularni yangi muddatga qolishini belgilaydi. Bu safar saylov oldidan ishsizlik, soq’liqni saqlash va iqtisodiyot emas, balki asosan AQSh tashqi siyosati eng muhim masala bo’lib qolmoqda.

Amerikada siyosat har bir kishining xonadonidan va mahallasidan boshlanadi, degan gap bor. Chunki xalqni ko’proq uning ko’chasi qanchalik xavfsiz ekani yoki uning hayotiga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir qiluvchi masalalar qiziqtiradi.

Biroq bu safar amerikaliklarning ko’pchiligi davlatning tashqi siyosatidan, uning chet-elda obro’si tushib borayotganidan xavotirda.

Ogayo Davlat Universiteti professori Jon Myuller nazarida, Iroqda va Afg’onistonda davom etayotgan notinchlik Amerika xalqini ancha tashvishlantirib qo’ygan.

Amerika ikki urushda, deydi siyosatshunos. “Biri terrorga qarshi urush va amerikaliklar nazarida terror bevosita AQShga qaratilgan. Shu bois uni quvvatlaydilar. Biroq Iroqdagi urush... uning mohiyatini ko’pchilik to’liq anglamaydi. Demak, bu urush qimmatga tusharkan, uni qoralovchilar ham ko’payaveradi”,- deydi professor Myuller.

Ommaviy so’rovlar xalq AQShning hozirgi tashqi siyosatidan norozi ekanini ko’rsatmoqda.

"Har 10 amerikalikdan sakkiz nafari hayoti tobora xavf ostida ekanidan noliydi. Har 10 amerikalikdan olti nafari esa tashqi siyosat o’zgarishini istaydi",- deydi jamoatchilik fikrini o’rganuvchi mutaxassis Rut Vuden.

Bu norozilik AQShda hokimiyatga demokratlarni keltirishi mumkin. Strategik va Xalqaro Izlanishlar Markazi ilmiy xodimi Kurt Kampbell nazarida bu bilan ko’p narsa o’zgarmaydi.

"Biroq", -deydi olim, "demokratlar katta talablar qo’yadi. Kongressda faollik kuchayadi va respublikachi prezidentni so’roqqa tutishni boshlaydilar. Kongressdagi hozirgi sukunat buziladi".

Ommaviy so’rovlar shundan dalolat beryaptiki, oddiy amerikaliklar uncha tashvishda emas. Siyosatshunos Myuller fikricha, Amerika saylovchilarining bu safar kimga ovoz berishini Iroqdagi ahvol belgilaydi.

"Odamlar uchun Shimoliy Koreyaning yadro salohiyati, Xitoyning iqtisodiy qudrati, iqlim haroratining ko’tarilayotgani uncha katta muammo emas. Hatto, Isroil-Livan mojarosi ham xalq xotirasidan ko’tarilgandek... Iroq - Amerika uchun eng dolzarb masala",- deydi sharhlovchi Myuller.

XS
SM
MD
LG