Tojikistonda prezident Rahmonovning qayta saylanishi kutilmoqda


6 noyabr kuni Tojikistonda prezident saylovlari o'tkaziladi. Kuzatuvchilar fikricha, davlat rahbari kursisi yana bir bor Imomali Rahmonovga nasib etishi muqarrar. Chunki, deydi ular, tevarak atrofda amaldagi prezidentdan o’zib ketadigan raqib ko’rinmayapti. Tojikistonning AQShdagi elchisi Xamroxon Zaripovning so’zlariga qaraganda, bu yilgi saylovlar avvalgilaridan farq qiladi.

“Hozirda mamlakatda sakkiz siyosiy partiya faoliyat yuritadi. Ulardan beshtasi saylovoldi sinovlaridan muvaffaqiyatli o’tib, o’z nomzodlarini taqdim etdi. Saylovoldi targ’ibot-tashviqot ishlari erkinlik, tenglik tamoyillari asosida o’tmoqda. Bundan tashqari, kuzatuvchilar soni 1994 yildagidan bir necha o’n baravar ko’p bo’ladi”, - deydi elchi Zaripov.

Rasmiy Vashington avvaldan Tojikistonda eng muhimi tinchlik deb keladi. Lekin bu safargi saylov oldidan Amerika Tojikistonni adolatli va erkin saylovlar o’tkazishga va vijdonan ovoz berishga undamoqda. AQSh tahlilchilari esa amaldagi prezident Imomali Rahmonovning g’alabasini bashorat qilmoqda. Shunday bo’lgan taqdirda, konstitutsiyaga kiritilgan o’zgartirishga muvofiq, Rahmonov hokimiyatda 2020 yilgacha qoladi. O’zbekiston yoki Qozog’istonga nisbatan bisyor tanqidiy fikr bildirayotgan amerikalik mutaxassislar Tojikistonga kelganda iboralarni tanlab-tanlab ishlatmoqda.

Global taraqqiyot markazi vitse-prezidenti, iqtisodchi Dennis de Tray deydiki:

“Birovlarga yoqadimi, yo’qmi, prezident Rahmonov oxirgi besh yil mobaynida yaxshi ko’rsatkichlarga erishdi. Uning sa’y-harakatlari bilan mamlakat xavfsizlik tizimi takomillashdi, ichki vaziyat barqarorlashib, iqtisodiy o’sish kuzatildi. 2002 yilda bu yerga kelganimda Dushanbedan tashqarida harakatlanish o’ta xatarli edi. Hozir ahvol butkul boshqacha”, - deydi Tojikistonda Jahon bankining vakili bo’lib ishlagan janob Trey.

Jorj Meyson universiteti professori Erik MakGlinchi fikricha esa, odamlarni 6 noyabr kuni nima bo’lishi emas, ularni kelajakda nima kutayotgani qiziqtiradi.

“Menimcha, noyabr oyidagi saylovlar prezident Rahmonovning ulkan g’alabasi bilan yakunlanishi hech kim uchun sir emas. Meni tashvishlantirayotgan masala, 1990-yillardagi, aniqrog’i, 1992-97 yillardagi fuqarolik urushi qayta takrorlanmasa edi. Rahmonovning g’alabasi ko’pchilik tojikistonliklarning xafsalasini pir qilishi ham mumkin. Ular hokimiyatga ta’sir qilishning muqobil yo’llarini izlashga kirishishlari ehtimoldan holi emas”, - deydi professor MakGlinchi.

Imomali Rahmonov Tojikistonni 1994 yildan beri boshqarib keladi. Bu yilgi prezident saylovlariga Rahmonovdan tashqari yana to’rt kishi nomzodini qo’ygan. Bular Sotsialistik partiya vakili Abduhalim G’afforov, Agrar partiyadan Amir Karakulov, Iqtisodiy islohotlar partiyasidan nomzod Olimjon Boboyev va Kommunistik partiya vakili Ismoil Talbakov.

Aksariyat tojikistonliklar Rahmonovni mamlakat barqarorligi va tinchligining kafili deb hisoblaydi. Fuqarolik urushuga barham bergan 1997 yilgi tilnchlik sulhi ostida aynan Rahmonovning imzosi turganini unutmaslik kerak.

XS
SM
MD
LG