Fayzulla Xo'jayev ham kommunizmga, ham demokratiyaga ishongan


Sho’ro davri qatag’onlari qurboni bo’lgan o’zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy aytganidek, “moziyga qaytib ish ko’rmoq xayrlidir.” Insoniyat o’tmishga qarab turib kelajak sari qadam tashlaydi. Tarix - saboqlar, xulosalar jarayonidir.

“O’zbekiston ishchilar, dehqonlarning madaniy, ozod Qizil Sho’ro vatani bo’ldi. O’zbekiston zavodlar, fabrika, kolxozlar va sovxozlar mamlakati bo’ldi. Bularning hammasi partiyamizning yo’lboshchiligi, Lenin-Stalin milliy siyosatining O’zbekistonda to’g’ri ijro qilinishining natijasida bo’lgan yutuqlardir,” - deb aytgan edi O’zbekiston hukumatining ilk rahbari Fayzulla Xo’jayev o’zining 1935 yilda so’zlagan nutqida.

Fayzulla Xo’jayev XX asr boshlarida o’z yurti ozodligi va farovonligi uchun kurashgan taraqqiyparvar insonlardan bo’lgan. Dunyo bozorida qorako’l terisi bilan savdo qilgan Ubaydulla Xo’ja o’g’li, o’z davrining mashhur boylaridan bo’lishiga qaramay, u o’z boyliklarini Buxoroning, respublikaning istiqloli uchun sarflaganini aytishadi mutaxassislar.

Chunki Fayzulla Xo’jayev bolsheviklar o’zbek xalqiga taraqqiyot bilan birga demokratiya ham olib kelishiga ishongan, deydi professor Hamdam Sodiqov:

“1920 yil yoz oyida Fayzulla Xo’jayev rasman bolsheviklar firqasiga qabul qilinadi-da, ana shunda Fayzulla aka bir konvert beradi Frunzega. ‘Bu mening partiyaga a’zolik badalim,’ deb. Bu konvertda 10 million funt sterlingga yozilgan chek bo’ladi.”

“Shveytsariya bankida saqlanayotgan 10 million sterlingni olib kelish uchun Fayzulla Ubaydulla Xo’ja o’g’lining ishonchli odami Aznaur Polvon boradi va Fayzulla akaning butun oltinlari bir necha vagonga ortilib Moskvaga olib bketiladi. Fayzulla Ubaydulla Xo’ja o’g’li butun mol-mulkini, mablag’larini bolsheviklarga sidqidildan beradi-ki, shu pullarim Buxoro xalqi farovonligiga xizmat qilsa, degan maqsadda edi,” - deydi tarixshunos olim Hamdam Sodiqov.

1924 yilda O’rta Osiyoda milliy davlat chegaralanishi amalga oshirilgach, O’zbekiston hukumati boshlig’i etib Fayzulla Xo’jayev tayinlanadi. Tarixchi olim Qahramon Rajabov fikricha, bir tomondan Fayzulla Xo’jayev o’z xalqining sodiq farzandi sifatida respublikada bo’layotgan har qanday ijobiy o’zgarishlarga rahbarlik qilarkan, ikkinchi tomondan, avj olib borayotgan qatag’onchilikka loqayd bo’lmagan.

“1929 yilda Fitrat va Cho’lponning hayoti ham xavf ostida qolgandi. Lekin Fayzulla Xo’jayev mana shu ikki buyuk insonni 1937 yilgacha, va boshqa yana ko’plab bularning safiga Abdulla Qodiriyni ham qo’shish mumkin, osha qatag’onga olganlar qo’lidan qutqara oldi. Tergovchilarga bergan ko’rsatmalarida Fitrat ham, Cho’lpon ham Fayzulla Xo’jayevning ham moddiy, ham ma’naviy madadiga tayanganliklarini, 1929-30 yillarda Fitrat uning oldiga kelib Cho’lponning “Bizlarni ham qamoqqa olishlari mumkin-ku axir”, deganda, Fayzulla Xo’jayev Fitratga: “Agar men O’zbekistonda shu lavozimda o’tirar ekanman, agar men tirik bo’lar ekanman, siz ham (u Fitratni o’zining ustozi hisoblagan), Cho’lpon ham hech qachon qatag’onchilar qo’liga tushmaydi”, degan fikrni aytadi va mana shu masala haqiqatan 1937 yilning yozigacha to Fayzulla Xo’jayev ishdan olib tashlanish arafasigacha davom etadi”.

Fayzulla Xo’jayev o’z nutqida shunday degan edi:

“Paxta planini bajarish uchun butun asos bizda bor. Kolxozchi o’rtoqlar, butun kuch va butun quvvat bilan paxta terish ishiga chiqingiz. Butun ishlarni sotsial musobaqa va izdelshina asosida olib boringiz. Paxtani toza tering. Paxta planini bajarib, O’zbekiston yana kattaroq muvaffaqiyatlarga ega bo’lur.”

SSSRning o’sha paytdagi rahbari tomonidan ittifoqdagi eng kuchli iqtisodchilardan biri deb ta’riflangan Fayzulla Xo’jayev O’zbekistondagi paxta yakkahokimligiga qarshi o’z mulohazalarini bayon etgani ham tarixiy haqiqat ekanini urg’ulaydi Qahramon Rajabov:

“Fayzulla Xo’jayevning 1920 yilning o’rtalari-oxirlaridagi faoliyatini ko’rar ekanmiz, u paxta yakkahokimligiga qarshi kurash olib borgan milliy davlat arboblaridan biri ekanligini va aynan mana shu holat, ya’ni O’zbekistonni yalpi paxtazorlarga aylantirish kelajakda xunuk oqibatlarga olib kelishini avvaldan tushungan davlat arbobi ekanligini sezamiz.”

“Bu mulohazalarga kelishida Fayzulla Xo’jayevning mohir iqtisodchi va tarixchi bo’lgani ham muhim rol o’ynadi. Albatta Fayzulla Xo’jayev uzoq yillar rahbarlik qilgan davrda o’z fikrlarini o’zgartirishiga, ayrim holatlarda Sovet tuzumi bilan murosa qilishga, markaz manfaatlarini ma’lum ma’noda amalga oshirishga majbur ham edi,” - deb hisoblaydi Q. Rajabov.

Professor Hamdam Sodiqov fikricha, 1937 yilda Moskvada qatl etilgan Fayzulla Xo’jayevning murakkab va ziddiyatli faoliyati haligacha to’liq o’rganilmagan.

“Bu insonni eng avvalo demokrat, ziyoli, davlat arbobi sifatidagi serqirra faoliyati hali chuqur va to’laqonli o’rganilmagan. Uning aqli, tafakkuri, zakovatiga hamma tan bergan. Xorijda uni yaxshi bilishadi. Kimlardir uni xoin dedi, kimlardir uni bolsheviklarga sotilgan dedi, lekin shunisi aniq-ki, Fayzulla Xo’jayev har qanaqa sharoitda bo’lsayam o’zbek xalqini ko’tarishga intildi va shu yo’lda qo’lidan kelgan hamma ishni qildi,” - deydi professor Hamdam Sodiqov.

1920 yillar oxirida respublikaga yuqori malakali kadrlar zarurligini anglagan O’zbekiston rahbariyati bir qator yoshlarni Germaniyaga tahsil olish uchun yuboradi. Biroq 30-yillar ikkinchi yarmidan xorijda o’qib kelganlar ham Sovet tuzumining dushmani sifatida qatag’on etila boshlanadi. Tarixshunos Sherali Turdiyev:

“70 ga yaqin talabalar yuborilgan edi 20-yillarning boshlarida, Turkiston va Buxorodan. Bularning ichida turli yoshdagi yoshlar bor edi. Bir qism o’quvchilar 12 yosh, 10 yoshliklar ham bor edi, 20 ga yaqin. Ular Germaniyaning maxsus o’rta maktablarida o’qishga joylashtirildi. Qolganlari 17-18, 20 dan yuqori yoshdagilar ham bor edi. Ular bilim yurtlarini, gimnaziyalarni, o’rta maktablarni a’lo bitirgan eng talantli yigit-qizlar edi. Ularning asosiy qismlari o’qishni bitirganlaridan keyin O’zbekistonga qaytib kelib, bu yerda qatag’on bo’ldi.”

“O’zbekistonga kelib qatag’on bo’lganlarni, dastlabki qatag’onlar xabarlarini eshitganlar bir qismi Germaniyada qolib ketdi. Keyin Germaniyadan ular Turkiyaga o’tib ketdi. Masalan, Ahmadjon Ibrohimov, Ibrohim Yorqin, Tohir Chig’atoy, shunga o’xshaganlar. Bular endi Istanbul, Anqara universitetining professorlari bo’lib, dunyoga mashhur olim bo’lib yetishdilar,” - deydi tarixshunos Sherali Turdiyev.

XS
SM
MD
LG