Shoira Oygul Mamatova: Rahbarlarni xalq saylasin


Xotiralar almashar, do’stlar almashar,
Shogirdlar almashar, yorlar almashar.
Hatto qonim almashsa ham o’lmasman balkim,
Ammo bilaman
Seni almashtirgan kunim o’laman, Vatan.

1980-yillar oxiridagi demokratiya to’lqini shoira Oygul Mamatovani siyosat sahnasiga olib chiqdi. Mustaqillik uchun kurash olib borgan shaxs sifatida u mustaqil davlatning Oliy Kengashi deputati etib saylandi.

Biroq kutilmaganda ham siyosatdan, ham adabiyotdan chetlatildi.

OYGUL MAMATOVA: Deputat bo’lib saylanganimizning tarixi ham 1989 yillarda “Birlik” xalq harakati butun O’zbekiston bo’yicha xalqning dardini olib chiqadigan bir harakatga aylangan edi. Oddiy o’qituvchi bo’la turib, men o’sha vaqtlarda o’zbek tilini davlat tiliga aylantirish uchun butun xalq harakatiga qo’shilib, tumandan imzolar yig’ib biz markazga jo’natganmiz.

“Shu bilan men hukumatning birlikchilar ro’yxatiga tushdim. 1990 yilga kelib mening tashabbus guruhi tomonidan nomzodim ko’rsatildi, ular ham deyarli birlik xalq harakatining vakillari edi. Men o’shandan boshlab o’zimni bir adabiyotchi o’qituvchi yoki bir shoira emas, siyosatga aralashib ketganligimni va shusiz o’zimning maqsadimga erishish mumkin emas, degan fikrga kelganman.”

“Men 1992 yilda “Erk” demokratik partiyasiga rasman a’zo bo’ldim va mustaqil O’zbekistonning qanday islohotlar yo’li bilan borishini o’sha “Erk” partiyasi bilan birgalikda joriy etishni men o’zimning siyosiy harakatlarimning ma’nosi deb bildim.”

“Afsuski mana shu prezident saylovidan keyingi, Muhammad Solih bilan Islom Karimov ikkalasining muqobil bo’lib kurashgan 1991 yil dekabr oyidagi umumxalq saylovidan keyin, O’zbekistonda siyosiy kurash maydonlariga to’siq qo’yildi va yana yakkahokimiyatchilik, yakkapartiyaviylik, yakkasiyosatchilik degan narsa davom etdi O’zbekistonda.”

“Buning biz o’zimizga ta’sirini ochiq ko’rdik. Va aynan 1993 yilning yanvarida Oliy Kengashdagi doimiy komitetlar shtatlari qisqartirilib, bu maxsus qisqartirish, bizga o’xshagan ma’lum bir demokratik ruhda harakat qiladigan, Oliy Kengashga yig’ilgan demokrat deputatlarning bir guruhini tarqatib yuborish maqsadida mana shu ish qilindi. Va biz deputatlar viloyatlarga, qayerdan kelgan bo’lsak saylanib, o’sha joyimizga qaytib ketishga majbur bo’ldik. Keyinroq televideniyeda, gazetalarda bizga yo’l berilmadi.”

MUXBIR: Oygul Mamatova o’zbek ayollari orasida birinchi bo’lib romandek murakkab janrga qo’l urgan adiba hamdir. Adiba nima uchun yozuvchilikni katta siyosatga qo’shib olib borishga uringani haqida gapiradi:

OYGUL MAMATOVA: Bilasizmi, shu romanimni yozganimni ham bir dardi bor. Demokratiya degan narsa – haqiqat degan narsa. Odamlarimizga haqiqat bormi, degan savolni izlab o’sha romanimni yozganman. Romanimning tug’ilishiyam shunday. O’sha romanimni yozayapman, haqiqiy demokratiya bo’lishini, rahbarlarni xalq saylashini, mana bugungi kunda ko’rayapmizku, xalq saylamagan rahbar nimaga javob bera olayapti?

“Xalqda saylov huquqi bo’lmaganligi uchun biz mana shu ahvolga tushib qoldik-da. Men 1987 yili yozgan romanimda tuman hokimi alternativ ruhda saylanib, o’zining dushmanlari ustidan g’olib keladi-da. Haqiqatni joriy eta oladi o’sha tumanda.”

“Masalan, “Jannat Qushi” romanim bosilgandan keyin, “Darvish ayol” she’rlar to’plamim chop etilgandan keyin 1991-92 yillar juda ko’p yozib olishdi tasmalarga, qishloqlardan yozib kelishdi, baribir efirlarda biron marta she’rlarimni ham, o’zimni ham ko’rsatishmadi.”

Yozuvchi Zohir A’lam:

“Oygul Mamatova o’zbek ijodkor xotin-qizlar ichidan ilk marta katta janr – romanga qo’l urgan ayol sifatida biz xohlaymizmi-xohlamaymizmi, adabiyot tarixida qoladi deb o’ylayman. Garchi roman o’sha paytda badiiy jihatdan hali ishlanishi kerak, degan xulosa qoldirgan bo’lsa ham. Oygul Mamatovaning yo’li hozirgi kunda o’zbek xalqining moddiy jihatdan judayam qiynalgan paytida shuni aytishga urinish, shuni gapirish bu nafaqat ijodkor ayollarga, umuman ayollarga o’rnak bo’lishi kerak”, - deb hisoblaydi Zohir A’lam.

MUXBIR: O’zbekistonda ayol kishi uchun siyosatchi, buning ustiga muxolifatdagi partiya a’zosi bo’lish osonmi?

OYGUL MAMATOVA: Muxolifat partiyaning a’zosi bo’lish juda, o’ta-o’ta murakkab, ayniqsa ayollar uchun. Ayollar uchun muxolifatchi sifatida ayol kishining oilasi qanday qaraydi bu muxolifatga? Buni uning oilasidagi turmush o’rtog’i yoki farzandlari, qolaversa qarindoshlari shuni o’zlariga singdira oladimi yo’qmi?

“Agar buning aksi bo’ladigan bo’lsa, ayol bechora yolg’iz bo’lib qoldi deyavering. Muxolifat partiyaning ichida ijodkor ayollar ko’p deyolmayman. Ijodkor ayollarimizning juda ko’pchiligi ehtiyotkor, o’zlarining munis, musiqaga tushadigan she’rlari bilan yurishibdi. Aynan isyon bilan yozadigan shoirlarimiz sanoqligina. Ularning siyosiy muxolifat a’zosi sifatida yozadigani undan ham kamroq.”

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi a’zosi Toshkenboy Shukurov:

“Partiyamizning bo’lib o’tgan beshinchi qurultoyini tayyorlash komissiyasining ishini Oygul Mamatova boshqarib borgan edi. Juda dramatik holatlarda ishlashga to’g’ri kelgan. Har qanday erkakning ham qo’lidan kelmaydigan ishni Oygul Mamatova a’lo darajada desam bo’ladi, olib bordi. Undagi sobitqadamlik, qat’iyatlilik “Erk” partiyasining boshqa a’zolariga ham ta’sir ko’rsatadi”, - deydi Toshkenboy Shukurov.

OYGUL MAMATOVA: Qulmiz, paxtaning quli edik, deb yozgan shoirlarimiz, yozuvchilarimiz bor. Aynan afsuslanadigan tomoni - o’sha yozuvchilarimiz hatto bugun parlamentda deputat bo’lib turibdilar. “Yov qochsa, botir ko’payadi” degan maqol to’g’ri ekan-da. SSSR tarqalish davrida botirlar ko’paygan ekan.

“Nima, bugungi hukumat tugaydigan paytda o’shalar yana botirlarga aylanadimi? Bugun ham qishloqda hali o’qish boshlangan emas. Qani o’sha xalq deputatlari? Hozirgacha mana, nega bir oy emas, bizning bolalar uch oy paxta teradi? Yana qorning, yomg’irning ostida,” - deydi adiba Oygul Mamatova.

Tog’larning falsafasi buyuklikdir,
Mening falsafam – tiriklik.
Tog’larning boshida qor aylanadi,
Mening boshimda dor aylanadi.
Aylanar dor, toki boshim aylangunicha,
Nasibamga tosh-tarozu bog’langunicha.

XS
SM
MD
LG