Breaking News

O'zbekistonda besh ming musulmon haj arafasida


Haj ziyoratiga boruvchi o`zbekistonliklar besh ming kishini tashkil etadi. O'zbekiston Musulmonlar idorasiga ko`ra, har bir davlatga kvota ajratuvchi Saudiya Arabistoni bilan shunga kelishilgan.

Musulmonlar idorasining xalqaro aloqalar bo`limi vakili, haj ziyoratini tashkillashtirish ishlariga mas'ullardan biri Saidbahrom Burhonovning aytishicha hozirda o`zbekistonliklar turadigan mehmonxonalar aniqlangan va shartnomalar imzolangan.

Musulmonlar idorasi vakili bu yil haj ziyorati uchun xarajatlar nega oshganligi sababi haqida izoh berishni istamaydi. Unga ko`ra bu idoraning o`zini ishi.

Ma`lumotlarga ko`ra o`tgan yili haj safari uchun xarajatlar 2 million 300 ming so`mni tashkil etgan bo`lsa, bu yil 2 million 700 ming so`mga etgan.

Sobiq muftiy Abdurashid qori Bahromovning ishdan olingani va jarimaga tortilgani haqidagi ma`lumotlar tarqalgan edi. Fuqarolar buni hajj ziyoratini tashkil etish ishlari bilan bo`gliq ko`rishadi.

“Haj safariga ketayotgan odam imtihon topshiradi. Ollohni yoniga ketayotgan inson qilgan gunohlaridan kechirim so`rash o`rniga, diniy idoraga “ekzamen” topshiradi, bu yerda juda katta o`yin bor... Navbatda turgan odam qoladi, pul bergan odam ketaveradi”, - deydi fuqarolardan biri.

Ayni paytda haj ziyorati hozirligini ko`rayotgan otaxonning aytishicha u ziyoratiga borish uchun bir yil oshiq navbat kutgan, biroq buning uchun pora talab qilinishi haqidagi ma`lumotlardan xabarsiz.

“Masalaning bu tomonlari haqida hech narsa deya olmayman. O`tgan yil zahiraga yozib qo`yishgan edi, bu yil navbatim kelibdi, hozirlik ko`rayapman. Xudo xohlasa borib kelaman”, - deydi otaxon.

Huquq himoyachisi Mo`tabar Ahmedova bildirayotgan e`tirozlarga ko`ra haj jarayonida poraxo`rlikka yo`l qo`yilishi shubhasiz. Narx ko`tarilishidan qat`iy nazar odamlar ziyoratga borishda davom etaveradi.

Kuzatuvchilar haj safari uchun ayrim cheklovlar borligini ham aytishadi. Bu cheklovlar ko`proq hukumat nuqtai-nazaridan ishonchsiz kishilarga qo`llanilishi ta`kidlanadi.

Umra ziyoratiga borishni rejalashtirgan huquq himoyachisi Shoira Sodiqboyevaning aytishicha unga huquq himoyachisi bo`lgani uchun ziyoratga borish ruxsati berilmagan:

“Umra ziyoratiga borishni juda xohlagan edim. Davlatga qarshi, qonunga xilof hech qanday ish qilmaganman. Faqat huquq himoyasi bilan shug`ullanganimgina bunga sabab bo`lgan”, - deydi Sodiqboyeva.

O`zbekiston Musulmonlar idorasining vakili Saidbahrom Burhonov fikricha ziyoratga boruvchilar uchun hech qanday cheklovlar yoq va ichki vizalarni qo`yish masalasi esa ulardan taqozo etadigan holat emas.

Huquq himoyachisi Sodiqboyevaning maqola chiqishidan avval bildirgan ma`lumotiga ko`ra unga umra ziyoratiga chiqish uchun ruxsat berilgan.

Muborak haj safariga ziyoratchilarini ortgan birinchi samolyot 14 dekabrda Toshkentdan Madinaga uchadi.

XS
SM
MD
LG