Breaking News

Muxolifat xalqni hukumatga qarshi bosh ko'tarishga undamoqda


Qirg’izistonda muxolifat prezident va bosh vazir iste’fosini talab qilmoqda.

“Avval tizimni o’zgartirib olib, keyin prezident saylash kerak edi. Qirg’izistondagi hozirgi vaziyat jinnixonani eslatadi. 2 noyabr qirg’izlarning tozalanish, birlashish bayrami bo’lsin,” - deydi “Islohotlar uchun” harakati a’zosi, deputat Melis Eshimqanov.

Muxolifat fikricha, 2005 yilning 24 mart kuni xalq qo’zg’oloni to’lqinida sobiq prezident Asqar Aqayev Rossiyaga qochgach, hukumat tepasiga kelgan Qurmanbek Bakiyev o’z va’dalarini bajarmagan.

Avval muvaqqat hukumat boshlig’i, keyin umumxalq saylovida prezident bo’lib saylangan Bakiyev konstitutsion islohotlar o’tkazishni, davlat teleradikompaniyasini jamoatchilik ixtiyoriga topshirishni, poraxo’rlikka barham berishni va oilaviy tijorat bilan shug’ullanmaslikni va’da qilgan edi.

Ammo muxolifatga ko’ra, buning aksi bo’ldi. Mart voqealaridan keyin mamlakatda yollanma qotilliklar avj olgan, tadbirkorlar, mustaqil ommaviy axborot vositalari tazyiq ostida qolgan, prezident va uning oilasi Asqar Aqayevdan qolgan mulkni o’zlashtirishda davom etyapti, poraxo’rlik kuchaygan, prezident Bakiyev esa o’z vakolatlarini yo’qotishdan qo’rqib, konstitutsion islohotlarni kechiktiryapti.

Ammo prezident o’ziga qo’yilgan ayblovlarni tan olgisi yo’q.

“Agar mening farzandlarim davlat mulkini o’zlashtirib olgan bo’lsa, menga hujjat ko’rsatinglar, ertasiga o’zim buyruq chiqarib, yana davlat ixtiyoriga o’tkazib beraman. Hujjatsiz baqir-chaqir qilishning nima keragi bor,” - deydi Bakiyev o’g’li Maksim Bakiyevning tijorati xususidagi ayblovlarga javoban.

“Nima uchun davlatda bir davlat kanali bo’lmasligi kerak. Biz davlat mafkurasi, millat mafkurasi deymiz, kim uni xalqqa yetkazadi, qaysi televizion orqali yetkazamiz. Men bunga yo’l qo’ymayman,” - deydi Bakiyev Qirg’iziston davlat teleradiokompaniyasini jamoatchilik ixtiyoriga topshirish o’rniga.

Prezident, shuningdek, boshqa va’dalarini ham bajarishdan bosh tortgan.

Deputat Qodirjon Botirovning aytishicha, “Bu namoyish umumxalq namoyishidir. Namoyishda o’zbeklar ham qatnashadi.”

Yuqorida biz Bishkek shahri aholisi 2 noyabr kunini qo’rquv bilan kutayotganini aytdik. Aholi 2005 yilning 24 mart kuni yuz bergan “qizg’aldoq inqilobi” kabi ertaga ham shaharda talon-toroj, tartibsizlik avjiga chiqishi ehtimolidan xavotirda. Ammo hukumat va muxolifatga ko’ra, namoyish tinch o’tadi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Qirg’iziston hukumati va muxolifatni muloqotga hamda namoyish paytida og’ir-bosiq bo’lishga chaqirdi. Qirg’izistondagi AQSh elchixonasi esa, AQSh fuqarolarini namoyish o’tadigan Olatog’ maydonidan olisroq yurishga va xavfsizlik choralarini ko’rishga chorladi.

XS
SM
MD
LG