Breaking News

Yevropa O'zbekistonga nisbatan sanksiyani o'zgartirishi mumkin


Yevropa Ittifoqiga raislik arafasida turgan Germaniya O'zbekistonga nisbatan amaldagi sanksiyalarni yumshatishi mumkin. Agar, deydi Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Volter Shtaynmayer, O'zbekiston inson huquqlari ahvoli yaxshilanadi deb kafolat bersa.

O`zbekistonga tashrif buyurgan Shtaynmayer prezident Islom Karimov va tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bilan muzokara o`tkazgan.

Germaniya tashqi ishlar vaziri O`zbekiston prezidenti qabulida bo’lib, o`zaro aloqalarni kengaytirish, xalqaro miqyosdagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.

Germaniya G'arbda rasmiy Toshkent bilan Andijon fojeasidan keyin faol muloqot qilayotgan yagona davlat.

Kuzatuvchilar fikricha, rasmiy Toshkent Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni yaxshilashga urinmoqda. Andijon fojeasida mahalliy hokimiyatning ham aybdor deb topilishi shunday qadamlardan biri sifatida e’tirof etiladi.

Bundan tashqari, fuqarolik jamiyati, demokratik vaziyat mavzularida xalqaro ekspertlar ishtirokida Toshkentda o’tkaziladigan anjumanlarda rasmiylarning muloqot qilishga urinayotgani e’tiborli hol.

O`zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi raisi Surat Ikromov fikricha, hukumat inson huquqlarini yaxshilash va`dasi bilan chegaralanishi mumkin.

“Ular, Yevropa Ittifoqi O`zbekistondagi inson huquqlari bilan bog`liq vaziyatni yaxshilanishi uchun takliflar berishi kerak edi. Aksincha, bu faqat va’dabozlik bo`lib qolishi mumkin,” - deydi Surat Ikromov.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi bosh kotibi Vasila Inoyatovaning aytishicha, shundoq ham kulgili bo`lgan sanksiyalar natijasi o`laroq, faqat inson huquqlari himoyachilariga nisbatan tazyiqlar kuchaygan:

“Agar haqiqatdan ham O`zbekistonda sharoit o`zgaradigan bo`lsa, huquq himoyachilari, muxolifat vakillariga nisbatan munosabat yumshash darajasiga ko`tarilsa, demokratik jarayonlar yo`lga qo`yilsa, balki haqiqatdan ham arzirlidir,” - deydi Vasila Inoyatova.

Siyosatshunos Farhod Tolipov fikriga ko`ra, rasmiy Toshkentning maqsadi G’arbda O`zbekiston haqida shakllangan yanglish tasavvurni o’zgartirish.

“Rasmiy darajada qarasak, mana konferentsiyalar ham bo`layapti, boshqa chiqishlarda ham kuzatishimiz mumkin. O`zbekiston G`arb qo`ygan aybnomalardan norozi, ularni qabul qilmaydi. O`z navbatida G’arbni turli xil inqilobiy harakatlarda, demokratiyani kuch bilan singdirishda ayblab kelmoqda”, - deydi siyosatshunos.

Farhod Tolipov nazarida bu katta muammo. Chunki G`arb hech qachon o`z pozitsiyasidan voz kechmaydi. Ya’ni demokratik o`zgarishlar yo`q bo`lsa, uni bor deb aytmaydi.

Mustaqil kuzatuvchilar fikriga ko`ra, Ittifoq O`zbekistonda inson huquqlari muammosiga ko’z yumib, munosabatlarni yangilasa, o’lkada demokratik tamoyillar undanda qadrsizlanishi mumkin.

Germaniya geosiyosiy maqsadlar yo’lida harakatlanmoqda, deydi O`zbekjiston inson huqulari jamiyatining vakili Baxtiyor Hamroyev.

“O`zbekistonda avtoritar tuzum bor ekan muxolifatga, inson huquqlari masalasiga hech qachon yo`l berilmaydi. Bo`lishi mumkin, ma`lum vaqt huquq himoyachilariga tegilmaydi, lekin ish bitgandan keyin yana boshlanadi. Germaniya hukumatimi, boshqasimi, albatta, biz muloqot tarafdorimiz, lekin muloqot bir bo`ladi, ikki bo`ladi, 16 yildan buyon muloqot qilib kelamiz, yana 16 yil muloqot qilish kerakmi?” - deydi huquq himoyachisi.

G`arb va O`zbekiston kelishmovchiligining asosiy sababi sifatida ko`rilayotgan Andijon fojialari xalqaro tashkilotlar, huquq himoyachilari, muxolifat vakillari tomonidan ommaviy qirg`in deb baholangan. Yuzlab tinch aholi qurbon bo`lgan bu voqealar Yevropa Ittifoqi, xalqaro hamjamiyat tomonidan mustaqil ravishda tergov qilinishi talab qilingan bo`lsa-da, mazkur talablar inobatga olinmagan.

Muxolif “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripovning aytishicha, sanksiyalar tizimi samarali yo`lga qo`yilmagan. Shu bois ham sanksiyalarni yumshatish yoki keskinlashtirish haqida gapirish o’rinsiz.

“Haqiqiy demokratik davlatlar O`zbekiston hukumati bilan munosabatlarni uzishi kerak. Biroq Yevropa Ittifoqi tarkibidagi davlatlarning hammasini ham demokratik mamlakat deb bo`lmaydi. Biz muxolifat partiya sifatida hukumatga munosabat to`g`ri bolishini istar edik, albatta. O`z xalqini shunday qiyinchiliklarga, og'ir ahvolga boshlagan hukumat bilan oddiy demokratik munosabatni o`rnatish noto`g'ri deb bilamiz”, - deydi “Erk” partiyasining bosh kotibi Otanazar Oripov.

Yevropa Ittifoqi, deydi u, O`zbekiston va`dalariga ishonib, jamoatchilik avvaldan yumshoq ekanligini aytib kelayotgan sanksiyalarni yanada yumshatmoqchi bo`lsa, bu bilan O`zbekiston xalqining, dunyo jamoatchiligining ishonchini yo`qotadi.

XS
SM
MD
LG