Saylovda injilchilar ovoz bermasligi mumkin


Amerika xalqi Kongress vakillarini va senatorlarning uchdan-bir qismini har ikki yilda, prezidentni esa har to’rt yilda bir saylaydi. Ushbu tizim odatda Kongress palatalarining birini yo har ikkisini bir partiya qo’liga yoki Oq uyni boshqa partiya qo’liga topshiradi. Prezident Bush, saylovda respublikachilar partiyasi g’alaba qilishiga ishonadi.

Ham Vakillar Palatasida, ham Senatda respublikachilar yetakchilik qilishiga ishonchim komil. Chunki hozirgi saylov kampaniyasida ikki eng dolzarb masala bu – biri iqtisodiyot va u o’sishda davom etyapti. Mamlakatda ishsizlik darajasi 4.6 foiz.

Bushning aytishicha, AQSh xavfsizligi ikkinchi masala. Ommaviy so’rovlarga ko’ra, xalq, umuman olganda, Bush ma’muriyatining terrorga qarshi kurashini quvvatlaydi. Biroq Iroq urushi atrofidagi bahslar iqtisodiy o’sish haqidagi da’volarni yo’qqa chiqarishi mumkin.

"Amerikaliklar ayni damda ijobiy kayfiyatda emas. Iroq urushi ularning boshqa jabhalarga nisbatan munosabatini ham o’zgartirgan. Pessimizm hukm surmoqda bugun",- deydi AQSh Biznes Instituti xodimasi Karlin Bouman. Shunday jabhalardan biri, deydi u, iqtisodiyotdir.

"Har kungi dolzarb masalalar umumiy saylovlarda va umuman saylov kampaniyalarida muhim rol o’ynaydi. Aksariyat amerikaliklar iqtisodiy ahvoldan norozi. Ko’pchilik o’zidan emas, ko’proq hamkasblari ahvolidan tashvishda."

Shunga o’xshab, deydi tahlilchi, saylovchilar ham o’z vakillaridan emas, boshqa kongressmenlar faoliyatidan norozi. Yaqin o’tgan oylarda Kongressda ro’y bergan bir qator mojarolarda nufuzli respublikachilar nomi tilgan olingan. Masalan, lobbichi Jek Abramoff Kongress a’zolariga pora berganini tan oldi.

Vakillar Palatasida respublikachilar sardori Tom Deley moliyaviy qonunbuzarlikda ayblandi. Florida kongressmeni Mark Foli esa o’smir yordamchilarga behayo maktublar yozgani va jinsiy bosim o’tkazgani aniqlangach, ishdan ketdi.

Vashingtondagi Jorjtaun Universitetida professori Stiven Veynning aytishicha, mojarolar respublikachilarni qo’llovchi nasroniy yevangelchilarning, ya'ni injilchilarning hafsalasini pir qilgan.

"Bu, injilchilar demokratlarga ovoz beradi degani emas. Biroq ular endi umuman ovoz bermasligi mumkin. Agar nasroniylar saylovda qatnashmasa, respublikachilar dog’da qolishi aniq",- deydi Veyn.

Siyosatshunoslar fikricha, saylov natijasini aniq bir siyosiy masala belgilamaydi. Styuart Rozenberg Vashingtonda xolis siyosatni olg’a suruvchi nashrni yuritadi. Natijani turli shtatlarda turli mavzular hal qiladi, deydi u.

"Dori-darmon chegirmalari. Sog’liqni saqlash mavzusi. Bu masalalar ko’plab qariyalar yashovchi, masalan Florida shtatida saylov natijasida katta ta’sir o’tkazadi. Yana bir omil – immigratsiya, bu mavzu qanday rol o’ynashi bizga hozircha noma’lum",- deydi Rozenberg.

AQShning Meksikaga yaqin shtatlarida chegara xavfsizligi va arzon mehnat kuchiga ehtiyoj masalasi to’qnash kelmoqda.

Boshqa shtatlarda, masalan Michiganda ish o’rinlarining qisqarishi, mashinasozlik sanoatida o’n minglab kishining ishdan bo’shatilishi katta mavzu. Janubiy Dakota shtati esa yaqinda referendum o’tkazib, abort qilishni ma’n etdi. Hatto jinsiy tajovuz bo’lganda ham.

Bu masalalarni hisobga olmagan taqdirda ham, deydi professor Stiven Veyn, yakuniy natijani saylovchilarning kayfiyati hal qiladi.

"Amerikaliklarning kayfiyati yaxshi emas. Ko’pchilik prezidentdan norozi. Kongress faoliyati ham ko’pchilik tomonidan salbiy deb baholanmoqda",- deydi Veyn.

Shunday bo’lsa-da, qayta saylanayotgan prezident yoki Kongress emas, balki Kongress a’zolaridir. Kuzatuvchilar nazarida, ko’pchilik qonun chiqaruvchilar o’z o’rnida qoladi, biroq atigi bir necha o’rin boy berilsa muxolifatchi demokratlar g’alaba qilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG