Breaking News

Noqonuniy muhojirlar AQShda ziddiyatli masala bo'lib qolmoqda


Noqonuniy muhojirlar AQShda kundalik dolzarb mavzu. Hozirda mamlakatda 12 milliondan ortiq hujjatsiz muhojir yashaydi. Masala ayniqsa Meksika bilan chegaradosh Arizona shtatida juda og’ir.

Umumiy saylovlar arafasida nomzodlar ommaga asosan noqonuniy muhojirlardan qanday qutulish haqida so’zlamoqda.

Arizona shtatidan Kongressga saylanishga umid qilayotgan respublikachi Rendi Graf aslida o’z partiyasi tomonidan quvvatlanmayapti. Partiya nazarida u diqqatni faqat immigratsiyaga qaratib, boshqa muhim masalalarni chetga surmoqda. Bu partiyaga qimmatga tushishi mumkin.

Biroq nomzod boshqacha fikrda. "Vashingtonda o’tirgan ayim siyosatchilar balki muammoni to’liq tushunmas. Saylovchilarni aslida nima tashvishga solayotganini ular bilmaydi", -deydi Graf.

Respublikachilar partiyasi a’zosidan ko’z yumayotgan bo’lishi mumkin, biroq noqonuniy muhojirlarga toqati yo’q mahalliy tashkilotlar unga katta ishonch bildirmoqda. Grafning demokrat raqibi Gabriela Giffordsga qarshi siyosiy chiqishlarda. Giffords xonim muhojirlarni kechirish tarafdori.

"Noqonuniy immigratsiya turmushimizga, maktablarimizga, sog’liqni saqlash tizimiga va adliyaga salbiy ta’sir o’tkazmoqda. Soliq to’lovchilarga og’ir kelyapti. Gabriela Giffords nima uchun bu hujjatsiz chet-elliklarni avf etish kerakligini isbotlasin",- deydi Graf.

Giffords xonim ham bo’sh kelmaydi. "Noqonuniy immigratsiyani elektron yo’llar, ilg’or texnologiyadan foydalanib cheklash mumkin. Biz hujjatsiz muhojirlarga ish berayotgan korxonalarni jazoga tortaylik va bu muhojirlarni qonuniylashtiruvchi tizim yarataylik",- deydi u.

Giffords xonim nazarida qonunbuzar muhojirlarga ishlash huquqi berilmasligi kerak. Qonunga xilof ish tutgan chet-elliklar avf etilmaydi.

Noqonuniy muhojirlarni boqish, ijtimoiy yordam berish davlatga oson emas, deydi demokrat nomzod. "Arizona aholisi bu muammodan juda charchagan. Muhojirlar masalasini yechish shtatga arzonga tushmaydi. Ayniqsa, politsiya, kasalxona va maktablarga. Federal hukumat shug’ullansin bu inqiroz bilan".

AQShda ko’pchilik noqonuniy muhojirlardan nolisa-da, muammo yechimi haqida hamma turlicha fikrda:

"Muhojirlarning iqtisodiyot, sog’liqni saqlash va ta’lim tizimiga ta’siri katta."

"Jinoyatchilarning AQShga kirayotganiga qarshiman. Biroq kelayotganlarning ko’pi yaxshi insonlar."

Arizona Universiteti professori Bill Dikson nazarida xalqni muhojirlardan ko’ra ko’proq terrorizm, Iroqdagi urush va sog’liqni saqlash sohasi oqsab qolgani xavotirga soladi. Arizonada bu safar demokratlar ustun kelishi mumkin, deydi olim. Respublikachilar muammo tubiga yeta olmayapti, deydi u.

"Oddiy odamlar noqonuniy immigratsiyadan qanchalik shikoyat qilmasin, kimga ovoz berishga kelganda ular ancha o’ylanib qolgan. Arizonada demokratlar respublikachilarga qaraganda ancha oldinda ketmoqda",- deydi Dikson.

Professor Dikson fikricha, ko’pchilik amerikaliklar muhojirlar mamlakatga nima sabab kelayotganini biladi, lekin vatan xavfsizligi hamma narsadan ustun. Ba’zilar, muhojirlarni boqmaymiz, deydi. Boshqalar nazarida esa bu muhojirlar aslida Amerika iqtisodiyotiga foyda keltirmoqda.

"Ochig’i, agar hujjatsiz muhojirlarga ish berayotganlar nishonga olinsa, Arizona shtati qishloq xo’jaligi jar yoqasiga borib qoladi",- deydi Dikson.

Yaqinda prezident Bush AQSh-Meksika chegarasida bir necha ming kilometrlik devor qurishni buyurdi. Aynan shu hudud AQShning noqonuniy darvozasi hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG