Qirg’iziston muxolifati hukumat iste'fosini talab qilmoqda


Qirg’iziston poytaxti Bishkek shahrida norozilik namoyishi davom etmoqda. Muxolifat prezident Qurmanbek Bakiyev va bosh vazir Feliks Qulovning iste’fosini talab qilgan.

Namoyishchilar bu tunni “Olatog’” maydonida o’tkazgan. Muxolifat talablar bajarilmaguncha namoyish davom etishini ma’lum qilgan.

“Islohotlar uchun!” harakati bosh bo’lgan namoyishchilar prezidentni konstitutsion islohotlarni amalga oshirmayotganlikda, bosh vazirni esa layoqatsizlikda ayblamoqda. “Yashasin yangi konstitutsiya! Bakiyev ketsin! [Bakiyev-Qulov] tandemi ketsin!” deya hayqirdi “Islohotlar uchun!” harakati a’zosi, deputat Temir Sariyev.

“Xaloyiq! Bakiyev hech qaysi va’dasini bajarmadi! Ketsin! Bakiyevga yopishgan Qulov ham va’dasini bajarmadi! Ketsin! Savdo bitdi, ikkalasi ham ketsin!” - dedi “Asaba” partiyasi raisdoshi Ro’za O’tunboyeva.

2005 yilning 24 mart kuni xalq g’alayonlari to’lqinida sobiq prezident Asqar Aqayev Rossiyaga qochdi. Hukumat tepasiga kelgan Qurmanbek Bakiyev prezident vakolatini parlamentga topshirish, konstitutsion va boshqa islohotlarni amalga oshirish, davlat teleradiosini jamoatchilik ixtiyoriga topshirish kabi va’dalarni bergan.

Ammo kuzatuvchilar Qurmanbek Bakiyev 1,5 yil davomida o’z va’dalarining birortasini ham bajarmaganini ta’kidlaydi.

Namoyishchilar islohotlar zudlik bilan amalga oshirilmaguncha, prezident va bosh vazir iste’foga chiqmaguncha “Olatog’” maydonida qolish niyatida. Prezident Bakiyev esa 6 noyabr kuni parlamentga mamlakat konstitutsiyasining isloh qilingan nusxasini taqdim qilishini aytgan. Prezidentning aytishicha, namoyishlar bilan masalani hal qiladigan davr o’tib ketdi.

Namoyishchilar tartibni buzgan taqdirda, ularga nisbatan kuch qo’llanilishi mumkin. Namoyish o’tayotgan “Olatog’” maydoni xavfsizlik kuchlari va militsiya bilan o’rab olingan. Hozirgacha namoyishchilar tomonidan hech qanday tartibbuzarlik qayd qilinmagan.

XS
SM
MD
LG