Yevroparlament O'zbekistonga nisbatan sanksiyani kuchaytirmoqchi


Yevropa Parlamenti deputatlaridan ba’zilari O’zbekistonga nisbatan amaldagi sanksiyalarni yumshatish tarafdori bo’lsa, boshqalari ularni kuchaytirishga chaqirmoqda.

Yevropa Parlamentida Markaziy Osiyo davlatlarining qonun chiqaruvchi organlari bilan hamkorlik qilish bo’yicha mas’ul a'zosi va Yevroparlamentdagi yetti siyosiy guruhdan biri, Liberallar va Demokratlar Ittifoqi fraksiyasi vakili Ona Yuknavichenya o'tgan yilgi sanksiyalarni joriy qilishda ham faollik ko'rsatgan. Uning aytishicha, rasmiy Toshkent sanksiyalardan bir yil davomida saboq olmagan.

"Yevropa Kengashi tomonidan qo'yilgan sanksiyalar O'zbekiston tomonidan inkor etildi. Ular biz kutgan natija bermadi. Shuning uchun bu safargi rezolyutsiya matnini keskinroq qilishni lozim topdik toki prezident Karimov Yevropa Ittifoqi pozitsiyasiga quloq tutsin."

Yevropa Parlamenti o'tgan hafta qabul qilingan rezolyutsiyada Yevropa Kengashidan O'zbekistonga qarshi sanksiyalarni yangilash va kengaytirishni so'ragan. Shunday bo'lgan taqdirda viza cheklovlari shaxsan prezident Karimov hamda O'zbekistonning yangi ichki ishlar va mudofaa vazirlari, Milliy xavfsizlik xizmati raisi, bosh prokuror va yaqindagina ishdan olingan Andijon viloyati hokimiga ham qo'yiladi. Bundan tashqari qora ro'yxatga tushgan O'zbekiston rasmiylarining Yevropa Ittifoqiga a'zo-davlatlaridagi mulk va hisob raqamlari muzlatiladi.

Yevroparlamentda 20 a'zo davlatning 89 deputatidan tashkil topgan Liberallar va Demokratlar Ittifoqi fraksiyasi vakili Ona Yuknavichenya asli litvalik. U 1997-2000 yillar davomida Jahon Bankining O'zbekistondagi vakolatxonasida katta maslahatchi bo'lib ishlagan. Uning aytishicha, 8 noyabr kuni Bryusselda Yevropa Kengashi va O'zbekiston hukumati delegatsiyasi o’rtasida maxsus uchrashuv bo'lib o'tadi va unda sanksiyalarning taqdiri muhokama etiladi.

"Uchrashuvda biz qabul qilgan rezolyutsiya 100 foiz jiddiy qabul qilinadi, deb umid qilaman," deydi Ona Yuknavichenya. "Agar majlis biz kutganidek yakunlansa va O'zbekiston hukumati talablarimizni inobatga olsa, mamlakatdagi siyosiy ahvol bir oz mo'tadillashadi va hukumat ba’zi tashkilot va fuqarolarga nisbatan chora ko'rayotganda diqqatliroq bo'ladi, deb o'ylayman."

Yevropa Parlamenti deputati 8 noyabrdagi uchrashuvda O'zbekiston Yevropa Kengashining oldingi talablariga, ya'ni Andijon voqealari bo'yicha xolis xalqaro tergovning o'tkazilishiga ko'nishiga ko'zi yetmaydi.

"O'zbekiston Andijon voqealari ichki masala ekanini ta'kidlab kelgan. Shu bois mustaqil taftishning o'tkazilish talabiga bu safar ham rozi bo'lmaydi, deb o'ylayman. Biroq hukumat bundan keyin hozirgi va kelajakdagi harakatlarini o'ylab amalga oshiradi, deb umid qilaman."

Sanksiyalarning kuchda qolishi yoki yumshatilishi Yevropa Kengashi tomonidan 13 noyabrgacha ma'lum qilinadi.

XS
SM
MD
LG