O'zbekiston Tojikistonga gaz narxini oshirmaslikni va'da qilgan


O'zbekiston va Tojikiston hukumatlari tabiiy gaz bahosini qayta ko’rib chiqish borasida muzokara o’tkazmoqda. Ayrim manbalarga ko'ra, tabiiy gazning har ming kubometri uchun O’zbekiston 100 dollar narx belgilagan. Sir emaski, Tojikistonning qator viloyatlari yoq'ilg'i-gaz sohasida O'zbekistonga qaram. Ikki davlat munosabatlari haqida tojikistonliklar qanday fikrda?

Tojikistonlik o’zbek shoiri va jurnalist Mirzohakim Qobilov istiqbolda munosabatlar yaxshilanishiga umid qiladi. Biroq sun’iy to’siqlar, dedi u, kelgusida fojeaga sabab bo’lishi mumkin.

“Oradagi “simtikan”lar tojikistonlik o’zbeklar, umuman, O’zbekistondagi o’zbek birodarlarimiz bag’riga urilgan xanjar desak ham bo’ladi. Nazarimda ikki davlat rahbarlari bu doirada bir to’xtamga kelib, bu chegarani olib tashlashmasa, kelgusida biz katta fojiaga duchor bo’lishimiz mumkin”, - deydi M. Qobilov.

Bundan o’n yil muqaddam Tojikistonda O’zbekiston bilan tuzilgan qo’shma korxonalar juda ko’p edi. Hozir buning aksi. Nomini aytishni istamagan tadbirkorning fikricha, u hozir ham O’zbekistondan oyiga yuzlab tonna qurilish mahsuloti oladi.

Tojikiston shimolida xalq iste’moli mollarining 50 foizga yaqini O’zbekistondan keltiriladi. Bu yerda gaz bilan ishlovchi barcha korxona va transport vositalari o’zbek gazidan foydalanadi. Yoqilg’i-moylash materiallarining 80 foizdan ortigi O’zbekistondan keltiriladi. Elektr energiyasi sohasida Tojikiston shimoli O’zbekistonga qaramligicha qolmoqda.

Yangi yildan boshlab Tojikistonga beriladigan tabiiy gazning har ming kubometri uchun O’zbekiston 100 dollar narx belgilagan. Ayni damda hukumatlar mazkur masalani qayta ko’rib chiqish borasida muzokara o’tkamzoqda, deydi So’g’d viloyat hukumati Axborot va tahlil markazi boshligi Narzullo Dadaboyev.

“Men o’ylaymanki, keyingi yilda bu ishlar yanada tezlashtiriladi. Bu masala “Tojikgaz” va “O’zbekgaz” o’rtasidagi munosabatlarga va ularning vakolatiga bog’liq. U yog’iga nima gap bo’ladi, o’zlaring topib olasizlar”, - deydi Narzullo Dadaboyev.

So’g’d viloyat raisi o’rinbosari Domullojon Jabborov O’zbekiston Yevroosiyo Iqtisodiy hamjamiyatga qo’shilgach, o’rtadagi munosabatlarga iliqlik kiradi deb umid qiladi.

“O’zbekiston Yevroosiyo Iqtisodiy hamjamiyatiga qo’shildi. Tuzilmaga a’zolik O’zbekiston zimmasiga muayyan mas’uliyatni yuklaydi. Shu yil oxirigacha ikki davlat prezidentlari o’rtasida uchrashivlar bo’lishiga ishonaman va barcha masalalar o’z yechimini topadi. Albatta, chegara hudularida hamkorlik. Ammo bu bizni qoniqtirmaydi. Biz aholi uchun hozirgacha O’zbekistondan gazni arzonroq olayotgan edik. Ammo narx 100 dollarga chiqmasligi uchun hozir hukumatlar o’rtasida muhokamalar ketmoqda. O’zbekiston tomon narxni ko’tarmaslikka va’da qilmoqda”, - deydi Domullojon Jabborov.

O’zbekistonning 6 viloyati bilan chegaradosh So’g’d viloyati juda ko’p sohalarda qo’shni davlat bilan bog’liq. So’g’d viloyat hukumati mas’ul xodimi N.Dadaboyev o’zaro aloqalar haqida shunday fikrda:

“Bizning eshiklarimiz ochiq. Lekin majburlab mehmon da’vat etmaymiz. Biz muzokaralarga, munosabatlarni yanada yaxshilashga tayyormiz. Bu yerda men o’ylaymanki, jumhuriyat va mintaqalar hukumati qat’iy irodasi lozim bo’ladi,” - deydi N.Dadaboyev.

Tojikistondan Rossiya, Qozog’iston va O’zbekistonga kelib, ish izlayotgan minglab muxojirlar sovuqchilik sababi qo’shni davlat rahbariyatida deb biladi. Tojikiston janubidagi Qabadiyon nohiyasidan bo’lgan mehnat muxojiri Mo’min aka bu haqda iztirob bilan gapiradi.

“Hozirgi O’zbekiston hukumatining olib borayotgan siyosatidan nafaqat Tojikiston xalqi, eshitishimcha, butun Markaziy Osiyo xalqlari norozi. Turkmanistonni hisobga olmaganda Markaziy Osiyo xalqlarini bo’lib tashlagan hozirgi paytda aynan O’zbekiston emasmikan?

O’z atrofini tikanli sim bilan o’rab, armiya hatto mina qo’ygan aynan O’zbekiston emasmi? Nega haqiqatparvar, xalqparvar siyosatchi, yozuvchi-shoir va jurnalistlar bugun jim? Nega bu haqda bong urmayapti?! Aniq ishonch bilan aytamanki, O’zbekistonning hozirgi olib borayotgan siyosati qoralanishi aniq.

Chunki atrofiga sim to’r qo’yib, ko’chaning narigi tarafida yashayotgan boshqa millat vakilarini tahqirlab, “sen boshqa davlatning fuqarosisan, nega bu yerga kelding” deb haydab yuborishi tarixda bolmagan voqea.

Inson nohaqlikka, azob-uqubatlarga uchrab hokisor bo’lib qolsa, uning qaddini tiklashga ko’maklashib vayron bo’lgan qalbiga tasalli beradigan mardu-maydon topilarmikan?!” - deydi qabadiyonlik mehnat muhojiri Mo’min aka.

XS
SM
MD
LG