Breaking News

O’zbek ziyolilarining so’nggi maskaniga aylangan Toshkent qatlgohlari


Mutaxassislar fikricha, sovetlar davrida ziyolilari guruh-guruh etib qamalgan yoki qatl etilgan. Otib tashlanganlar qabri noma’lum qolgan. Uzoq yillar Abdulla Qodiriy, Cho’lpon singari o’zbek adabiyotining yirik namoyandalari qayerda va qachon qatl etilgani ham bahsu munozaralarga sabab bo’lgan edi. Tarixshunoslar fikriga ko’ra, bu shoir va yozuvchilar Sibirda yoki boshqa joyda emas, Toshkentdagi 3 ta qatlgohning birida otilgan.

“Adam 1904 yilda tug’ilganlar. 1930 yilda u kishini Stalin vaqtlarida qamashgan, xalq dushmani deb. Besh yil qamoqda yotganlar Salavki degan joyda. Men 1990 yillarda Salavkiga borib keldim. 14 yoshdan yozgan she’rlarini u kishi keyinchalik Moskvaga borib o’qiganlar, Toshkentda o’qiganlar.

Moskvada o’qib turib ham kelib Toshkentda, Farg’onada ro’znomalarning bosh muharriri bo’lib ishlaganlar. U kishini qamoqqa olishganda 26 yoshga kirgandilar. 1938 yil 9 mayda hukm chiqazgandan keyin o’ldirilgan. Lekin ko’mgan joyi noma’lum”, - deb eslaydi shoir Botuning qizi, tibbiyot fanlari doktori Naima Mahmudova.

O’zbekistonda Stalin davri va undan keyingi yillarda repressiyalar davom etgan. Bu qatag’onlarda xalqning ziyoli vakillari ko’p azob tortgan. Ayrim ziyolilar, ilm-fan ahli va adiblar qayta-qayta qamalgan va surgun etilgan.

“Qilmagan aybi uchun uni ayblab, bir marta emas, bir necha marta qamash, uni surgun qilish mumkinmi? Masalan, shoir Oltoyni oladigan bo’lsak, 3 marta qamalgan. Laziz Azizzodadek bir ma’rifatparvar insonni olaylik. Milliy ittihod jamiyatiga, tashkilotiga a’zo bo’lganligi uchun u 3 marta surgun qilingan.

30 yil umri qamoqda o’tdi. Oltoyning 22 yil umri qamoqda o’tdi. Yoki bo’lmasa, shoir, jurnalist Bahrom Haydariyni 15 yildan ortiq umri qamoqda o’tib, surgunda vafot etib ketdi. Hatto Akademiyada ishlagan laborantlar orasida ham shunday bir arzimagan narsa uchun ayblanib, otishga hukm qilingan insonlar ko’p uchrab turadi. Bular hammasi sho’rolar hukumatining mustabid, zolim tuzumi mevasi edi”, - deydi olim Sirojiddin Ahmad.

Uzoq yillar Abdulla Qodiriy, Cho’lpon singari o’zbek adabiyotining yirik namoyandalari qayerda va qachon qatl etilgani bahs-munozaralarga sabab bo’lgan edi. Kimdir ularni Chimkentda otilgan desa, yana kimdir Sibirga surgun etilib, o’sha yerda qatl etilganini aytadi. Biroq tarixshunos olim Sobir Mirvaliyev fikricha, Abdulla Qodiriy, Cho’lpon va boshqa bir necha ziyolilar Toshkentdagi 3 ta qatlgohning birida qatl etilgani isbotlangan.

“Qoronqul tepaligidan turpoq olgan shofirlarni, injenerlarni, direktorlarni qidirdik. 1953 yilning mart-aprel oylarida Alvastiko’prikning naryog’idagi ikkinchi qatlgoh ochilib ketgan. Shu yerda Mirahmad aka Olimov degan odam ”Ehtiyot bo’linglar bu tepalikni ochayotganda, bu yerda qatlgohlar bor.

Aziz, tabarruk odamlar yotibdi” deb ogohlantirgan. Haqiqatan, masalan, Asfandiyor aka degan odam buldozerda surayotganda katta turpoq surilib ketgan-da, suyaklar o’tin kabi qalashib yotganligi ko’ringan. U yerda mingdan ortiq odamning tana suyagi bo’lgan. Yonida ertasiga kechki payt yana bir kichik qatilgoh ochilgan. Tasodifni qarang-ki, shular 1938 yili otilgan. Bu voqea 1953 yilda ro’y berdi. 15 yil bo’ladimi?

Mana shunda endi kim, masalan, qanaqa otilgan bo’lsa, kiyimida, enida do’ppisi yo shapkasi bilan qandoq bo’lsa, shundoq ko’ringan. Jadid bo’lgan bular. Kiyimlari judayam chiroyli, banoras to’n, amirkon tufli yo etik, boshida duxoba do’ppi yo oyog’ida sherst paypoq shundoq ranglari bilan ko’ringan.

Quyosh nuri tushib, turpoq oqishi bilan rangi ham ketgan, kiyim ham ketgan. Keyin biz buni odamlardan surishtirdik, bu Qodiriy, Cho’lponmasmikan? Oxiri tarix shuni tasdiqladiki, ular Sibirda ham emas, boshqa joyda ham emas, shu yerda otilgan”, - deb hisoblaydi S. Mirvaliyev.

Xorazmlik Otajon Polvonov xalq dushmani farzandi sifatida 1950 yili hibsga olinganini shunday hikoya qiladi:

“1950 yili o’qituvchi bo’lib chiqqan vaqtimda meni ham mana o’quvchi bolalarning oyoq kiyimi, bosh kiyimi bo’lmagani uchun Moskvaga, Stalinga yozgan edim. “Bolalar kelajagimiz, shu bolalarimizga ust kiyim yordam bersa, biz o’qitsak. Bu kelajak kadrlar” deb yozdim. Darhol NKVD olib borib qamab, “otasi xalq dushmani bo’lgan, bolasi ham aksilinqilob” deb, meni ham Turkiston voyenniy tribunali xalq dushmani deb otishga hukm qilib, SSSR Oliy prezidiumining … bilan 20 yilga qamab yubordilar.

Sibirga yubordilar. 1963 yili “bizda siyosiy mahbus yo’q” deb sekretniy qilib ota boshladi olib ketib lagerdan. Otuv poligoniga borganda, ichimizdan bir odamni olib qolish uchun hammamizni qaytarib keldilar. Keyin Moskva harbiy tribunali qaytadan mening ishimni ko’rib, bekor qilib yuborishdi. Men 1965 yilda keldim”.

Aholining, ayniqsa, ziyolilarning ko’plab qatag’on etilishida nafaqat mustabid tuzum, balki ayrim xalq vakillarining xiyonati va ko’rolmasligi sabab bo’lgan deydi tarixshunos Sobir Mirvaliyev:

“Men matbuotni, ayniqsa, 1937 yilgi “Ozbekiston ovozi” (o’sha paytda “Qizil O’zbekiston”)ning butun bir yillik sahifasini o’qib chiqdim. Qarang, bugun, masalan, aloqachilarni qamrab oladi, ertaga o’qituvchilar hibsga olinadi, indinga artistlarni, undan keyin yozuvchilarni.

Biror bir jamiyatning tabaqasi qolmagan, galma-gal amalga oshirilgan. Bu yerda o’zimizning ham aybdorlarimiz bo’lgan. Tergovchilarni qarasangiz, keyin borib o’zbeklar ham aralashgan. Shu qamalishlarda o’zimizning yozuvchilar, olimlar, katta bir davlat arboblar orasidan chiqqan xalq sotqinlari bo’lgan. Xiyonatchilar ham bo’lgan. Hammasi qo’shilib shu ish gurillab yongan-da, katta fojeaga aylangan”.

Boylikka, xususiy mulkka qarshi bo’lgan, o’zini ishchi va dehqonlar sinfi deb atagan sho’rolar hukumati xalqning o’ziga to’q xonadon vakillarini qatag’on etishni alohida tarzda boshqargan. Quloqlar deb atalgan bu o’zbekistonlik dehqonlar, asosan, Ukrainaga surgun etilgan va u yerda paxta yetishtirishga majbur etilgan. Mutaxassislar fikriga ko’ra, barcha huquqlardan mahrum etilgan, og’ir sharoitda yashagan quloqlar manzillari O’zbekistonning o’zida ham bo’lgan.

Onam, Robiya Ahmad qizi eng ko’zga ko’ringan, zamonasining eng badavlat odami farzandi bo’lganlar. Repressiya boshlanganda ularni sud qilishmagan-da, bir kunda bitta rus odami kelib kimningdir, nimaningdir qarorini o’qigan. Hech narsa tushunishmagan. O’sha kuni hamma narsalarini aravaga bosib, bularni umuman noma’lum tomonga qarab qiy-chuv, yig’i bilan jo’natishgan.

Onam rahmatlik o’tirib, akalarini, oilalarini, otalarini eslardilar, yasab bergan dutorlarini, o’qigan g’azallarini eslab turib yig’lardilar, “shu sovet ittifoqi bir odam bo’lsa-yu, borib bo’g’ib-bo’g’ib o’ldirib qo’ysam” deb onam ko’p yig’laganlar. Chunki dunyoda yolg’iz qolib ketganlar-da, hammani qirib tashlashgan”, - deb aytadi mustaqil jurnalist Dilorom Ishoqova.

Sovet davrining Lenincha ta’limotiga muvofiq, jamiyatni ishchilar sinfi boshqarishi kerak bo’lgan. Shuning uchun ham o’rtahol dehqonlar, o’ziga to’q tadbirkorlar, mulkdorlarni quloq qilishga ko’rsatma berilgan deydi tarixshunos olim Rustam Shamsuddinov:

“Bizning O’zbekistonda quloq degan ijtimoiy tabaqa bo’lmagan. Chunki aholining sinfiy tabaqalanishuvi ro’y bermagan. Ammo Komfirqa arboblari ko’r-ko’rona, mahalliy-milliy sharoitni hisobga olmasdan, aslida quloq bo’lmagan o’lkalardan masalan, O’rta Osiyo respublikalaridan, O’zbekistondan ham yo’q quloqlarni istab quloqlar topib, ularni qatag’on tig’iga ushlatgan.

Ya’ni mulkdor, tadbirkor, o’z mehnati bilan kun ko’radigan dehqonlarimizni shu sovet hokimiyatining dastlabki yillaridan boshlab 1937-38 yilgacha qatag’on qilindi. Butun Ittifoq bo’yicha shu vaqtda 10 milliondan ziyod dehqon quloq qilinib, badarg’a qilingan, surgun qilingan, qamalgan, otilgan. Bizning O’zbekistonda ham 600-700 ming kishi quloqlik tamg’asi bilan jazolangan”, - deydi R. Shamsuddinov.

“Mening otam ham mana shunday qatag’on qurboni bo’lgan. Otam 1938 yili 12 martda qatl qilingan. Familiyasi Yaxshimurodov Polvon otamning. Otam katta bir korxona tuzib, boyligidan yetimxona ochib, turib xalqlarni tarbiya qilgan. Non bergan, tuz bergan. Ana shuni so’nggi davrda xalq dushmani deb otganlar”, - deydi xorazmlik Otajon Polvonov.

Bobom va amakilarim repressiyaga uchrashining asosiy sababi ularning o’ziga to’q xonadon egalari bo’lganidadir deydi Dilorom Ishoqova:“Onam rahmatlik ko’rsatganlar bir bizlarga, “mana shu hovlida biz yashaganmiz” deb. Juda katta, go’zal bir bog’lar. O’sha yerni bo’shatish kerak bo’lgan.

U yerga o’sha paytdagi revolyutsion nimalarini joylashtirishgan. Eng kichkina ikkita farzandlarini qoldirishgan amakilarining qo’lida, ikkovi ham tez orada o’lib qolishgan. Beshta farzandlarini olib buvim, buvam, shular qatorida mening onam ketishgan.

Endi eng dahshati shu bo’lgan-ki, yo’l-yo’lakay farzandlari o’lib, yo’l-yo’lakay o’lik ko’mib borishgan ular. 4 ta farzandni ko’mishgan, bitta onam qolganlar. Nurotaga yetib kelishganda bobom va buvim shishib ketishgan ekan. Keyin bobomni o’sha yerda Ukraina tomonlarga jo’natib yuborishgan”.

O’zbekistonlik quloq qilinganlar, asosan, uzoq Ukraina o’lkasiga surgun etilgan. Biroq mutaxassislar fikricha, O’zbekistonning o’zida ham bir qancha quloq qishloqlari bo’lgan.“

O’zbekiston hududining o’zida 17 ta quloq posyolkalari bo’lgan. Shu joylarda ham O’zbekistondan, boshqa respublikalardan kelgan quloqlar kazarma holatida, ya’ni har tomondan o’ralgan, bir hududdan ikkinchi hududga chiqmasdan, ya’ni qat’iy rejim asosida ishlagan.

Kazarmalar, masalan, Bekobod, Hazorasp, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Oqqo’rg’on (Toshkent viloyati), Samarqandning Bulung’ur sovxozida bo’lgan. Ularning pasporti bo’lmagan, nihoyatda og’ir sharoitda mehnat qilishgan. Juda ko’p haq-huquqlardan, saylash-saylanish huquqlaridan mahrum qilingan”, - deydi tarixshunos Rustam Shamsuddinov.

Xo’sh, nima uchun quloq sifatida surgun etilganlar Rossiyaga emas, faqat Ukrainaga yuborilgan? Shamsuddinov fikricha, buning boisi paxta mustaqilligi siyosati bilan bog’liqdir:

“Paxta mustaqilligini ta’minlash maqsadida o’zbek dehqonlaridan iqlimi biroz O’zbekistonga yaqin Ukrainaning janubiy qismi, Xerson, Odessa, Nikolayev, Dnepropetrovs viloyatlarida paxtachilik sovxozlari, kolxozlar tuziladi. Ana o’sha yerda o’zbek dehqonlarini paxta ekishga majbur qilishadi.

O’zbek dehqonlarining o’zga yurtlarga quloq qilib badarg’a qilinishi o’sha surgun qilinganlar boshiga mislsiz musibatlar, og’ir kunlar soldi. O’zbek dehqonlari 1937-1938 yillarda qatag’on ob’yekti bo’lgan”.

XS
SM
MD
LG