Breaking News

Saddam Husayn o'limga mahkum etildi


Bugun Iroq sudi mamlakatning sobiq rahbari Saddam Husaynni insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topdi. Unga o’lim jazosi buyurildi.

Sud qaroriga muvofiq, sobiq diktator osib o’ldiriladi.

Hukm o’qib eshittirayotganida Saddam Husayn bir vaqtning o’zida “Allohu Akbar” va “Yashasin Iroq” deya hayqirib turgan.

Iroq Oliy Sudi Saddamni 1982 yilda Dujayil shialar qishlog’ida 148 kishini o’ldirishga ko’rsatma berganlikda aybdor deb topdi.

Mazkur ish yuzasidan yana yetti kishiga jazo belgilangan. Xususan ikki kishi o’limga, biri umrbod, uch nafari 15 yil qamoq jazosiga mahkum etildi.

Bugun Bag’dodning shialar yashaydigan qismlarida bayram shukuhi kezmoqda. Mahalliy matbuot xabarlariga ko’ra, sunniylar aksincha, qarordan norozi. Saddam tug’ilib o’sgan Tikrit shahrida minglab odamlar norozilik namoyishida qatnashmoqda.

Turli mazhablar orasida zo’ravonlikni bartaraf etish maqsadida, Bag’dodning boshqa qismalarida komendant soati joriy etilgan.

AQShning Bag’doddagi elchisi Zalmay Halilzod sud qarorini Iroq hayotidagi muhim bosqich deb e’tirof etgan.

Inson huquqlari bo’yicha Xalqaro Amnistiya tashkiloti esa Saddamni sudlash jarayonida bir qator kamchiliklarga yo’q qo’yildi deya, hukmning adolatli ekaniga shubha bildirdi. Tashkilot o’lim jazosiga qarshi.

Britaniya Tashqi ishlar vazirasi Margaret Beket, Saddam va boshqa ayblanuvchilar ustidan e’lon qilingan hukmni “xushxabar” deya ta’riflagan. Britaniya ham o’lim jazosiga qarshi, biroq Beket xonim Saddam taqdirini Iroq xalqining o’zi hal qilgani to’g’ri, deb qayd etgan.

XS
SM
MD
LG