Bishkekda namoyishchilarga qarshi gaz, tutunli bomba qo'llandi


Qirg’izistonda “Islohotlar uchun!” harakati boshchiligida muxolifat prezident Bakiyev iste’fosini talab qilishda davom etmoqda. Bakiyev tomonidan parlamentga taqdim etilgan konstitutsiya loyihasi esa muxolifat tomonidan rad qilingan.

Kecha tunda muxolifatchi deputatlar parlamentda Ta’sis Majlisi tuzib, mamlakatning yangi konstitutsiyasini qabul qilgan. Prezident va bosh vazir Ta’sis Majlisini noqonuniy deb e’lon qilgan va muxolifatni hokimiyatni egallab olishga uringanlikda ayblagan.

Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev deputatlar tuzgan Ta’sis Majlisi mamlakat bosh qonunini o’zgartirishi yoki taklif qilishi noqonuniy ekanini aytgan.

“Konstitutsiya parlament tomonidan qabul qilinadi, Ta’sis Majlisi yoki maydondagi namoyishchilar tomonidan emas,” - dedi prezident Bakiyev.

Qirg’iziston poytaxti Bishkek shahrida 6 kundan buyon muxolifat prezident va bosh vazir iste’fosini talab qilib, namoyish o’tkazmoqda. Poytaxtdagi “Olatog’” maydoni namoyishchilar qo’nalg’asiga aylangan.

Muxolifat prezident va bosh vazirni konstitutsion islohotlarni kechiktirishda, oilaviy tijorat bilan shug’ullanishda va fuqaro jamiyatini ta’qib qilishda ayblamoqda.

Kecha prezident parlamentga o’z vakolatlarini saqlab qolgan holda ishlab chiqqan konstitutsiya loyihasini taqdim qilgan, ammo muxolifatchi deputatlar parlament yig’ilishida qatnashmagan.

Muxolifat tuni bilan parlamentda Ta’sis Majlisi tuzib, 38 deputat ishtirokida prezident vakolatlarini keskin cheklovchi, amalda parlament saylaydigan bosh vazir mamlakatni boshqarishi ko’zda tutilgan yangi konstitutsiya loyihasini qabul qilgan.

“Konstitutsiya oyna ostida olomonni to’plab olib emas, balki xotirjam, tinch vaziyatda qabul qilinishi kerak. Tunda o’tirib olib, konstitutsiya qabul qilib, deputatlarni uchoqdan tushmay turib qo’l qo’ydirib, bunaqasi ketmaydi. [Muammoga] bunday yondashish juda yomon o’rnakdir, biz shundan qo’rqamiz,” - dedi bosh vazir Feliks Qulov.

Ayni paytda Bishkekda muxolifat va prezidentning minglab tarafdorlari namoyishi davom etmoqda. Parlament binosi maydonida prezident tarafdorlari, poytaxtning asosiy “Olatog’” maydonida esa, muxolifat tarafdorlari to’plangan.

Kunduzi ikki guruh o’rtasida birinchi to’qnashuv yuz bergan, xavfsizlik kuchlari ko’zni yoshlantiruvchi gaz va tutunli bomba yordamida olomonni tarqatgan. Ma’lumotlarga ko’ra, muxolifat tomondan yaralanganlar bor.

Prezident Bakiyev muxolifat tomonidan ma’muriy binolarni bosib olishga urinish bo’lgan taqdirda, kuch qo’llanilishini ma’lum qilgan.

“Maydonda namoyishga chiqqan fuqarolarga nisbatan kuch ishlatish niyatimiz yo’q. Agar [muxolifat] qonunni buzib, Oq Uyni bosib olamiz desa, televizion yoki boshqa davlat binolarini bosib olamiz desa, qonun doirasida kuch qo’llaniladi.”

Namoyish o’tayotgan maydonga bronetransportyorlar keltirilgan, avtomat, gaz otuvchi moslama va yelim to’qmoq bilan qurollangan harbiylar Oq Uy himoyasi uchun tashlangan.

Qirg’iziston janubidagi O’sh, Jalolobod va Botkent viloyatlarida prezident tarafdorlari muxolifatga qarshi namoyishlar o’tkazgan. Davlat teleradikompaniyasi Qurmanbek Bakiyev siyosatini qo’llovchilar chiqishlarini kun davomida qayta-qayta ko’rsatmoqda.

“Islohotlar uchun!” harakati a’zosi Edil Baysalovning aytishicha, Qirg’izistonda yuzaga kelgan bo’hronni nazorat qilish tobora qiyinlashib bormoqda.

“Hukumat muxolifat tarafdorlarining talablarini bajarish o’rniga, muammoni fitnalar bilan, kuch ishlatish, qo’rqitish yo’li bilan hal qilishga urinyapti. Biz Qirg’iziston hukumatini mulohaza qilishga va tezroq bo’hrondan chiqish yo’lini topishga chaqiramiz,” - dedi Edil Baysalov.

Prezident Bakiyev mamlakat Ichki ishlar vaziri Osmonali Guronovni muxolifat bosimi ostida o'z lavozimidan bo'shatgan.

Uning o'rniga Omurbek Suvanaliyev yangi vazir etib tayinlandi va birinchi buyrug'i bilanoq Bishkek shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig'i Moldomusi Kongatiyevni iste'foga chiqardi. Bu ham muxolifat talabi edi.

XS
SM
MD
LG