Yevropada O'zbekistonga qo'yilgan sanksiya kelajagi muhokamada


Chorshanba kuni Belgiya poytaxti Bryusselda bir yarim yillik tanaffusdan so’ng Yevropa Ittifoqi-O’zbekiston Hamkorlik Kengashining 7-yig’ilishi bo’lib o’tdi.

Unda Yevropa Ittifoqi va O’zbekiston o’rtasidagi aloqalarni jonlantirish istiqbollari va o’tgan yil O’zbekistonga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar taqdiri muhokama etildi.

Yevropa Ittifoqi tomonidan o’tgan yil noyabr oyida O’zbekistonga qo’yilgan sanksiyalar muddati tugab borar ekan, Yevropa Parlamenti ularni yangilash va hattoki kuchaytirishni nazarda tutib rezolyutsiya qabul qilgan edi.

Chunki Yevropa Ittifoqining Andijon voqealarini taftish qilish va O’zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq ahvolni yaxshilash talablari hanuzgacha qondirilmagan.

Biroq Yevropadagi ba’zi siyosiy guruhlar va ayniqsa yanvardan boshlab Ittifoq prezidentligini o’z qo’liga olayotgan Germaniya O’zbekistonni yakkalash foydadan ko’ra, ko’proq zarar keltirayotgani haqida gapira boshlagan. Ular nazarida O’zbekistondagi vaziyat Yevropa Ittifoqi nazorati ostidan chiqib bormoqda.

Bryusselga tashrif buyurgan O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yevropa Ittifoqining ikki tomon o’rtasidagi hamkorlik kengashining navbatdagi yig’ilishini o’tkazish haqidagi taklifini qabul qildi, chunki Yevropa bilan aloqalarni buzish O’zbekiston manfaatlariga ham javob bermaydi. Shunga qaramay O’zbekiston hamon o’z fikrida qolmoqda.

Vladimir Norov o’tgan yil may oyida Andijonda ro’y bergan voqealarni G’arb talqin qilganidek, xalq qozg’oloni va tinch namoyish emas, oldindan rejalangan terror xuruji, deb atadi.

Ikki tomon fikridagi qarama-qarshiliklarga qaramay, O’zbekiston hukumati Yevropa Ittifoqiga Toshkentda mahalliy va Yevropa mutaxassislari bilan hamkorlikda Andijon voqealari bo’yicha yil oxirigacha maxsus yig’in o’tkazishni taklif qildi va inson huquqlari muammolari bo’yicha qo’shma muloqotni jonlantirishga va’da berdi.

Yevropa Ittifoqi-O’zbekiston Hamkorlik Kengashi yig’ilishida raislik qilgan Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Pertti Torstila O’zbekiston Andijon voqealari bo’yicha muloqotga tayyor ekanini “ijobiy qadam” deb atadi, biroq Yevropa Ittifoqining to’liq va mustaqil tergov o’tkazish talabi hanuz kuchda qolishini aytdi.

Biroq Vladimir Norov O’zbekiston Andijondagi voqealarni o’z kuchi bilan taftish qila olishini bildirib, mustaqil tergov haqidagi O’zbekiston hukumatining ilgarigi pozitsiyasini yana bir bor ta’kidlab o’tdi.

Janob Torstila nazarida O’zbekistonda 2008 yildan boshlab o’lim jazosining bekor qilinishi ijobiy hol, biroq qaror bundanda ertaroq kuchga kirsa yaxshi bo’lardi.

13 noyabr kuni Yevropa Kengashi O’zbekistonga nisbatan qo’yilgan sanksiyalarni kuchaytirish yoki yumshatish bo’yicha aniq bir qarorga keladi.

XS
SM
MD
LG