Kongress butunlay demokratlar nazoratiga o'tmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh siyosatida katta o’zgarishlar kutilmoqda. Demokratlar Kongressning har ikki palatasida hukmronlikni qo’lga olmoqda. Bush ma’muriyatidagi eng nufuzli rasmiylardan biri, AQSh Mudofaa vaziri Donald Ramsfeld iste’foga chiqdi. Uning o’rniga Bush Markaziy Razvedka Boshqarmasining sobiq rahbari Robert Gyetsni tavsiya qilmoqda.

“Uzoq mulohazadan so’ng biz, ya’ni Donald Ramsfeld va men, Pentagon rahbariyatini o’zgartirish kerak degan xulosaga keldik,”- dedi Bush kechagi matbuot anjumanida.

Bush 7 noyabrgi saylov Iroq bo’yicha referendum sifatida ham ko’rilganini tan olib, uning siyosati kutilgan natija bermaganini e’tirof etdi.

Demokratlar 1994 yildan beri ilk bor Kongressda ko’pchilikni tashkil etmoqda. Vakillar Palatasining yangi raisasi Nensi Pelosi, “Iroq muammosiga Bush ma’muriyati bilan birga yechim izlashga tayyormiz”,- deydi.

“Parokandalik yo’lidan qaytib, prezidentni Iroqqa yangicha yondashishga chaqiramiz”, - deydi demokratlar yetakchisi Pelosi xonim.

Prezident Bush ham Iroqdagi vaziyatni to’grilash uchun demokratlar bilan hamkorlik qilish umidida.

“G’alaba uchun boshqacha yondashuv zarur degan takliflar bor. Agar maqsadimiz bir, ya’ni g’alaba qozonish bo’lsa, birgalikda ishlay olishimiz tabiiy. Agar maqsad Iroqdan chiqib ketish bo’lsa, hamkorlik qilish ancha qiyin bo’ladi”, - deydi AQSh prezidenti.

Virjiniya Universiteti professori, siyosiy tahlilchi Larri Sabato nazarida Iroq urushi respublikachilarning eng nozik tomonidir.

“Demokratlar g’alabaga uzoq yillik mehnati tufayli erishdi. Biroq prezident Bushning Iroqqa nisbatan olib borgan noto’g’ri siyosati ham ularga qo’l keldi”,- deydi janob Sabato.

Siyosiy sharhlovchi Jon Fortyer fikricha Iroq masalasida Bushning demokratlar bilan til topishi oson kechmaydi.

“Endi demokratlar nohukumat tashkilotlari bilan hamkorlikda Iroq bo’yicha prezidentga bosim o’tkazishi aniq. Ammo prezident mamlakat bosh qo’mondoni va Iroqqa nisbatan siyosatni o’zgartirish yoki o’zgartirmaslik uning qo’lida”,- deydi janob Fortyer.

Bu prezident uchun katta sinov, deydi tahlilchi Larri Sabato:

“Bushning hukmronlik davri tugadi. Endi u davlat lavozimlariga istagan odamini tayinlay ololmaydi. Mamlakat byudjetini ham istagancha isrof qilolmaydi.”

Chunki bu qarorlarni tasdiqlash, deydi sharhlovchi, endi Kongressda ko’pchilikni tashkil etuvchi demokratlar qo’lida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG