Breaking News

"O'zbekistonning Yevropaga berayotgan va'dasiga ishonch past"


O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning Yevropa Ittifoqi vakillari bilan kecha Bryusselda olib borgan muzokaralarida, O`zbekiston hukumati inson huquqlarini yaxshilash borasida qanday takliflar bergani hozircha noma`lum.

Kuzatuvchilarga ko`ra, O`zbekiston hukumati Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarini yaxshilash uchun bir qator choralarni amalga oshirishi mumkin.

Jizzaxlik huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyevning aytishicha, bu choralar faqat qamoqqa olingan huquq himoyachilarini ozod etish bilan cheklanib qoladi:

“Qamoqqa olingan jurnalistlar, huquq himoyachilari, umuman hur fikrlovchi odamlarning ro`yxati berilgan bo`lishi kerak. Shunga qarab O`zbekiston hukumati birinchi bo`lib Ulug`bek Haydarovni tanlagan bo`lishi mumkin. Yana bir ikkita huquq himoyachilari, jurnalistlar ozodlikka chiqariladi. Shu bilan bu narsa tugaydi. Chunki bu narsa diktator rejimga xos narsa emas,” - deb hisoblaydi huquq himoyachisi.

O`zbekistonda inson huquqlari keskin buzilayotganligi ko`rsatkichlaridan biri sifatida mamlakatda qiynoqlar qo`llanilishi davom etilayotganligi keltirib o`tiladi. Yaqinda BMT bosh kotibi O`zbekistonda qiynoqlar qo`llanilishi ommaviy tarzda davom etayotganligi haqida o`z tashvishini bildirgan edi.

Bu bayonotga javoban rasmiy Toshkent O`zbekistonda qiynoqlar ommaviy qo`llanilmayotganligini urg`uladi.

O`zbekistonda asosan huquq-tartibot organlarining tergov-surishtiruv usuli sifatida keng qo`llaniladigan qiynoqlarga barham berish bo`yicha bir necha yillar avval BMTning qiynoqlarga qarshi qo`mitasi bilan muzokara bo`lib o`tgan edi.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasining bosh kotibi Otanazar Oripovga ko`ra, o`sha paytda ham, xuddi hozirgidek, O`zbekiston hukumati xalqaro jamoatchilik oldida inson huquqlarini ta’minlash kafolatini olgan edi.

“Inson huquqlarini yaxshilaymiz deb nomlanishi mumkin bo`lgan narsalar juda ko`p. Xuddi biz mana demokratik davlat qurayapmiz degan va`dalarga o`xshab qoladi. Eng avvalo demokratiya sari yo`nalish kerak, hali yo`nalishning o`zi yo`q. Siyosiy kurs demokratik emas. Kurs o`zgarmaguncha hamma va`dalar puchga chiqaveradi,” - deydi Oripov.

Huquq himoyachisi Surat Ikromov mulohazalariga ko`ra, qiynoqlar bo`yicha vaziyat o`zgarmagan, jinoyat sodir etmagan kishilarni aybiga iqror qilishning asosiy usuli sifatida qolmoqda:

“Bu muloqot demak o`sha xalqaro tashkilotlar bilan bizning hukumatni uchrashuvlari, qandaydir topshiriqlarni bajarilishi. Mana shular orqali hukumatni ishlatish mumkin, boshqa tomondan sanksiyalarni qattiqlab borish kerak. Agar faqat yaxshilanish kuzatilsa, yumshatish kerak. Lekin buning uchun avvalo islohotlar boshlanishi kerak. Islohotlar hali boshlanagani yoq,” - deydi Ikromov.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi bayonotiga ko`ra, O`zbekiston va Yevropa o`rtasidagi muloqotlar mamlakatdagi demokratik o`zgarishlarga xizmat qilishi mumkin.

“Birlik” partiyasining bosh kotibi Vasila Inoyatova so`nggi bir yilda tazyiqlar kuchayganini aytadi.

“Ayrim safdoshlarimiz sanksiyalarni yanada qattiqlashtirish, yanada kuchaytirish, keskinlashtirish kerak deb hisoblashadi. Lekin bu narsa yanada yakkahokimchilikka olib keladimi deyman-da. Shuning uchun bu narsalarni natijasini vaqt ko`rsatadi,” - deb hisoblaydi Inoyatova.

Huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev nazarida, hukumat xalqaro hamjamiyat fikri bilan hisoblashishga majbur:

“O`zbekiston hukumati xohlaydimi-xohlamaydimi mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog`liq vaziyat BMT, Yevropa Ittifoqi doirasida yuqori darajadalarda ko`rila bormoqda. Shu narsaga e`tibor berish kerak. Bu vaziyat yuqori darajada ko`rila boshlangach, O`zbekiston hukumati majbur bo`la boshladi,” - deydi Hamroyev.

Bildirilayotgan fikrlarga ko`ra, hukumat inson huquqlarini ta’minlash va demokratik islohotlar haqidagi muloqotini qayta boshlamoqchi.

Xalqaro hamjamiyat esa avvalgi muloqotlarning qanday yakunlanganini e`tibordan qochirmasligi kerak.

XS
SM
MD
LG