Ijtimoiy tashabbuslar jamg'armasi kimning xizmatida bo'ladi?


O`zbekistonda ijtimoiy tashabbuslar jamg`armasi tuzildi. Uning vazifasi ijtimoiy muammolarni yechishda ko`maklashish.

Kuzatuvchilar fikriga ko`ra, O`zbekistonda murakkab ijtimoiy muammolar bilan shug’ullanuvchi nohukumat tashkilotlar deyarli qolmagan.

Jamg`arma ta`sischilari - “O`zbekiston madaniyati va san`ati forumi” jamg’armasi, “Ekosan” xalqaro tashkiloti, “Mehr nuri” jamg’armasi va boshqalar. Ijtimoiy tashabbuslar jamg`armasini tuzish fikri O`zbekiston prezidentining qizi, “O`zbekiston madaniyati va san`ati forumi” jamg`armasi asoschisi Gulnora Karimovaga tegishli.

Yangi tuzilma ta`sischilaridan biri, “Ekosan” tashkiloti rahbari Yusuf Shodimetovning so’zlariga qaraganda, jamg`arma ijtimoiy muammolar bilan shug’ullanadigan nohukumat tashkilotlarni qo`llab-quvvatlaydi.

“Maqsad ko`plab ijtimoiy sohadagi tashkilotlar boshini qo’shish, ko`maklashish. Bu degani yaxhsi-yaxshi loyihalar. Masalan, chiqindilarni olib chiqish, ekologik vaziyat, og`ir ekologik muhitda yashayotgan aholiga yordam berish”, - deydi Shodimetov.

Shodimetovning aytishicha, jamg'armani moliyalash ishlariga fermerlar, yirik kompaniyalar va eng asosiysi, xalqaro tashkilotlarni jalb etish rejalashtirilgan.

Jamg`arma taqdimotiga qator xalqaro tashkilotlar taklif qilingan. Jamg’arma ta’sischilari hamkorlikka umid bog`lamoqda.

Ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga qaratilgan bu loyihalar qisman ta’sischilar yoki xalqaro tashkilotlar mablag`i evaziga moliyalanadi.

Kuzatuvchilar fikricha, ayni payta mahalliy nodavlat tashkilotlarning turli xalqaro tashkilotlarga mustaqil murojaat qilish, ulardan moddiy ko`mak olish imkoniyati keskin cheklangan.

Nohukumat tuzilmalarning xalqaro tashkilotlar bilan moliyaviy amaliyotlari Markaziy bank tomonidan nazoratga olingan. Muhim ijtimoiy muammolarni ko`targan loyihalar to`xtatib qo`yilgan.

Muxolif “Ozod dehqonlar” partiyasi raisasi Nigora Hidoyatova nohukumat tashkilotlarni yangi jamg`arma bilan hamkorlikka jalb qilishdan maqsad ularning ustidan nazoratni kuchaytirishdir, deb hisoblaydi.

“Qolaversa,” deydi Nigora Hidoyatova, “ajratilishi mumkin bo`lgan xalqaro yordamlar uchun alohida shaxslarga qarashli kichik bir tuynuk qoldirish, shu orqali moliyaviy va tashkiliy nazoratni qo`lga kiritish maqsad qilinmoqda.”

Nigora Hidoyatovaning fikricha, bugungi kunda eng dolzarb muammolar -ishsizlik, tibbiy yordam va ekologik vaziyat. Xususan, aholining 16 foizdan ko`proq qismi umuman ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan.

Nigora Hidoyatovaning bildirishicha, nohukumat tashkilotlar keskin nazoratga olingan bir paytda ularning ijtimoiy muammolarni tahlil qilish, yechim qidirishga imkoniyati yo`q.

“Hozir qoldirilgan rasmiy nodavlat tashkilotlar siyosiy hayotdagi mavjud cho`ntak partiyalari funksiyasini bajarishga majbur. Bilasizki, cho`ntak partiyalar har bir ishda hukumatni qo`llab-quvvaqtlaydi, nodavlat tashkilotlar ham shu tariqa ish tutishadi. Hukumatni qo’llab-quvvatlashadi, hukumat esa mavjud muammolar haqida gapirishni, ularni ko`tarishni xohlamaydi,” - deydi Nigora Hidoyatova.

So`nggi paytda O`zbekistonda yuzlab nohukumat tashkilotlar faoliyati tugatilgan. Ayrim tashkilotlar ixtiyoriy ravishda faoliyatini to`xtatishga majbur bo`lgan.

Kuzatuvchilarning aytishicha, mamlakatda, asosan, ma`lum ma`noda "elakdan o`tkazilgan" nohukumat tashkilotlar faoliyatiga ruxsat berilgan.

XS
SM
MD
LG