Obid Asomov: Sahnadan tushganim yo'q


Taniqli o`zbek qiziqchisi Obid Asomov ayrim ommaviy axborot vositalarida o`zi haqida tarqatilgan xabarlarni inkor etgan. Bundan tashqari, qiziqchi o`zbek san`ati senzuradan erkin ravishda rivojlanayotganligini ta’kidladi.

Qator axborot saytlari Obid Asomov ta`qib ostiga olingani haqida xabar tarqatgan edi. Odatda mish-mishlarga ijobiy yondashadigan qiziqchi bu xabardan hayratga tushgan:

“Emishki, Obid Asomovga tazyiq o`tkazilayapti; televideniye, radiodan chetlatilganmish. Sababi Obid Asomovning Rossiya televideniyesida chiqqani emish. Bilasizmi, bu uydirma bo`lganda ham juda qo`pol uydirma. Agar bunga biron asos bo`lganda ham tushunishim mumkin edi”, - deydi Asomov.

Obid Asomovning aytishicha, u deyarli har kuni O`zbekiston televideniyesi ko’rsatuvlarida chiqadi. Hatto bu bilan bo`gliq hangoma ham bor, deydi u.

“Bir yili “Darakchi” gazetasida bir opaxonning menga yo`llagan xati e`lon qilindi, - hikoya qiladi Obida Asomov. - Yangi yil arafasi opaxon televizor ko`rmoqchi bo`lib, birinchi kanalga qo`yadi – unda meni ko`rsatishayapti. Opa biroz ko`rgach, ikkinchi kanalga oladi - yana Obid Asomov. Uchinchi kanalga oladi – yana men. Asabiylashib, to`rtinchi kanalga oladi…”

Keyin, “kechirasiz, O`zbekistonda Obid Asomovdan boshqa artist yo`qmi” deb yozibdi.

“Ishonasizmi shunga, - deydi qiziqchi, - keyin men xat yozdim: “Opa, uzr, ayb menda, ko`p chiqib yuboribman, bundan keyin agar yana shunaqa ko`p chiqadiga bo`lsam, telivizorni o`chirib qo`yib, radio eshiting”, - dedim.

Obid Asomov bilan suhbat mavzusini jiddiylashtirishga hozirlanamiz. Taniqli san`atkorning bugungi san`at darajasi, mavjud muammolar haqidagi fikrlari bilan qiziqaman.

Ta'kidlab o`tish joiz, bundan birmuncha vaqt oldin “Xalq so`zi” gazetasida Obid Asomovning qiziqchilik san`ati tanqid ostiga olingan maqola bosilgan.

Qiziqchi buni og`ir qabul qilganini yashrimaydi. Bu tanqidga o`z munosabatini bildirishni istagan, biroq Asomovning mulohazalari nima sababdandir gazetada bosilmaydi. Obid Asomov bu tanqidga javobini shaxsiy sayti - Obid.uz-da e`lon qiladi.

“Gazetadagi tanqiddan rosti, rosa ensam qotdi. Nima emish, Obid Asomov kontsertida hazil tariqasida tomoshabinlarga gul o`rniga pul olib chiqinglar deb aytdi, shu yaxshimi san`atkor sahnadan pul so`rasa, emish… Men pul olib chiqinglar deganim bilan zal yuz dollardan ko`tarib chiqqani yoq. Ikkinchidan hamma bunga miriqib kuldi. Bu hazil”.

Obid Asomov fikriga ko`ra, bu sahnada vaqt tig`izligi bilan bo`gliq. Konsertda unga o`n daqiqa vaqt berilgan. Bu vaqtda esa tomoshabinlar gul olib chiqishni boshlaydi. Gul berish chiqish uchun belgilangan vaqtning ko`p qismini olib qo`yadi. Natijada san`atkorga ajratilgan vaqt, asosan, gul olish bilan o`tib ketadi.

“Sahnada xalqni kuldirmasdan chiqib keta olmayman, yutqizgandek bo`lib qolaman. Men shuni biroz madaniyroq qilib aytmoqchi edim. Gul olib chiqmang desangiz, tomoshabinlar xafa bo`lib qolishi mumkin. Men gul olib chiqmang, pul olib chiqing. Gul so`lib qoladi, pul ko`ngilda qoladi deb aytgandim. Shu gap kimgadir yoqmabdi”, - deydi Asomov.

Obid Asomov ta’biricha, o`zbek san`atida muammolar bor, lekin bu muammolarni ta`qib bilan bo`glash noto`g`ri:

“Toshkentdagi san`at institutini har yili 30-40 kishi tugatadi. Men san`atga dadasining yoki boshqaning yordami bilan kelib qolishlariga qarshiman. Natijada chekka qishloqdagi haqiqiy iste`dodlar o`qishga kirolmasdan qaytib ketishayapti”.

San’atkor bu muammoni qanday hal etish lozimligini aytib bera olmaydi:

“Mana, deylik, badiiy kengash. Qo`shiqlarning saviyasini aniqlab, keyin ko`rsatishga tavsiya beradi. Lekin, to`g`risini aytganda, nima, badiiy kengashdagilarning ham bola-chaqasi bor. Gohida ular ham bilmasdan 5-10 so`m pulni olib qo`yadi, qo`shiqlarni o`tkazib yuboradi”, - deydi Asomov.

San`atkor O`zbekistonda san`at ta’qib ostida degan fikrlarga qo`shilmaydi. San`at erkin rivojlanmoqda, “ lekin men siyosatchi emasman”, qo`shib qo`yadi Obid Asomov.

Obid Asomov fikricha, hozir ko`proq televideniyeda dublyaj ishlari bilan band va qiziqchilik borasida yangi dastur bilan chiqishga shoshilayotgani yoq.

XS
SM
MD
LG