Jahonda rahbar ayollar soni ortib bormoqda

  • Amerika Ovozi

Xalqaro siyosiy maydon sohiblarining kop’chiligi erkaklar. Biroq oxirgi paytlarda bu davradan ko’plab ayollar ham o’rin olmoqda.

Dunyoning eng qudratli insonlari ro’yxatida, deydi amerikalik jurnalist Elizabet Makdonald, bugun nafaqat yirik kompaniyalarni, balki butun boshli davlatlarni ham boshqarayotgan xotin-qizlarni ko’rasiz. Hozirda 30 mamlakatga ayollar rahbarlik qiladi.

“O’tgan yili ayollar 17 davlatni boshqarayotgan edi. Bugun ularning jahondagi kuch-qudrati yanada oshgan”, - deydi jurnalist Makdonald.

Chili, Liberiya va Germaniyada tarixda birinchi marta ayol kishi rahbar etib saylandi. Germaniya kansleri Anjela Merkel vatanida “rok yulduz” singari mashhur. Umuman olganda, yirik, ko’zga ko’ringan ayol davlat arboblari insoniyat uchun yangilik emas.

Britaniyaning temir ayol deya tan olingan sobiq bosh vazirasi Margaret Tetcher, Hindistonning sobiq Sovet Ittifoqi bilan do’stligini mustahkamlagan sobiq bosh vazirasi Indira Gandi va 1960-yillarda jahon siyosatini titratgan Isroil sobiq bosh vazirasi Golda Meyerni tanishtirib o’tirishga xojat bo’lmasa kerak.

“Ular bu maqomga erishish uchun erkak hamkasblariga qaraganda qattiqqo’lroq, qat’iyatliroq bo’lishga majbur bo’lgan. Aks holda ularni saylanishi yoki yuqori lavozimga tayinlanishi amrimahol edi. Bu ayollar mohir davlar rahbari, tengi yo’q siyosatchilar bo’lgan. Ular nafaqat aqlli ayollar, balki kuchli irodali insonlar bo’lgan”,- deydi AQSh Xalqaro aloqalar kengashi vakili Izabel Koulman.

“Ayollar, ba’zi tadqiqotlarga ko’ra, qaror qabul qilishda boshqacha usuldan foydalanar ekanlar. Bu usul erkaklarnikidan yaxshiroq yoki yomonroq demoqchi emasmiz. Yo’q. Ular farq qiladi xolos. Masalan, Hindistonni olaylik. Bu yerda ayol rahbarlar suv va ta’lim muammolariga, erkaklar esa qurilish va transport sohalariga ko’proq e’tibor qaratadilar”.

Koulman nazarida hukumat idoralarida ko’plab xotin-qizlar faoliyat ko’rsatsa-da, ularning boshqaruv kursilarini egallashi qiyin. Shu bois ayollarning xalqaro siyosatga ta’sir qilishi ham oson emas.

Prezident va vazirlik lavozimidagi ayollar soni kam, lekin ularni dunyoning deyarli har bir mintaqasidan topsa bo’ladi. Qo’shma shtatlar qonunchilik organi bo’lmish Kongress a’zolarining 20 foizi ayollardir. Amerika hali o’zining ayol prezidentini saylangani yo’q, biroq mamlakat tashqi siyosatida yuritishda ayollar juda faol.

AQShning birinchi davlat kotibasi Madlen Olbrayt 1997-2001 yillarda Klinton ma’muriyatida xizmat qilib, Amerika diplomatiyasini boshqargan. 2005 yil boshidan beri bu lavozimni Kondoliza Rays egallab kelmoqda.

Kongressning Vakillar Palatasi ayol rais qo’lida. Palataga tarixda birinchi marta ayol qonunchi, Nensi Pelosi, spikerlik qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG