Yevropa Ittifoqi O'zbekistonga sanksiyalarni kuchda qoldirdi


Bugun Bryusselda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari o’zaro uchrashib, O’zbekistonga qo’yilgan va muddati tugagan sanksiyalar bo’yicha bir qarorga keldi.

Ma’lumki, yaqinda Bryusselga O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov kelib ketgan va Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan bu borada gaplashgan edi.

Ittifoqning o’tgan yili qabul qilingan sanksiyalari talabini O’zbekiston qondirmagan bo’lsada, ya’ni aynan Andijon voqealari bo’yicha mustaqil xalqaro tergovning o’tkazilishiga ko’nmagan bo’lsada, Norov o’z tashrifi davomida yil oxirigacha Andijon voqealari bo’yicha ikki tomon mutaxassislarining uchrashuvini taklif etgan.

Yevropaning ba’zi siyosatchilari buni O’zbekistondagi vaziyatni nazorat ostiga olish uchun imkoniyat sifatida ko’rishgan, chunki ma’lumki O’zbekistonning AQSh va Yevropa bilan munosabatlari sovuqlashgach, Rossiya va Xitoy bilan aloqalari faollashgan. Bu esa Yevropani xavotirga solmoqda.

Shuning uchun Yevropa Kengashining bugungi yig’ilishida sanksiyalarning bir qismini, ya’ni qurol embargosini yana 12 oyga qoldirish, boshqa qismini esa, ya’ni hukumatning 12 nafar sobiq va amaldagi rasmiylarining Yevropaga kirishilari uchun taqiqni 6 oyga yangilash qarori qabul qilindi.

Ba’zi mutaxassislar va xalqaro tashkilotlar o’tgan yili qo’yilgan sanksiyalar yumshoq edi va hech qanday natija bermagan, shuning uchun ularni bu yili kuchaytirish kerak, degan fikrni olg’a surgan edilar.

Britaniya, Skandinav davlatlari, Qo’shma Shtatlar hamda Human Rights Watch va Xalqaro inqirizolarni o’rganish guruhi kabi yirik tashkilotlar ro’yxatni kengaytirishni va unga prezident Karimovni qo’shishni ham talab qilib, sanksiyalarda O’zbekistonning ba’zi rasmiylarining Yevropadagi bank-hisob raqamlari va mulklari ham nishonga olinsin, deya so’ragan edi.

Biroq Yevropa Ittifoqi O’zbekistonga yana bir imkoniyat berishga qaror qildi va ikki tomon o’rtasida muzlatilgan hamkorlik shartnomasini tikladi. Yevropa Kengashiga ko’ra, O’zbekistondagi inson huquqlari bilan bog’liq ahvol va Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari 3 oydan so’ng yana bir bor tekshiriladi. Agar Yevropa Kengashi nazarida uch oydan so’ng ijobiy qadamlar qo’yilmasa, sanksiyalar istalgan payt tuzatilishi va kuchaytirilishi mumkin.

Markaziy Osiyodagi jarayonlarni yaqindan kuzatadigan va o’rganadigan, Moskvadagi Umumiy tarix instituti xodimi, tarix fanlari doktori Artyom Ulunyanga ko’ra, rasmiy Toshkent Yevropa mutaxassislarini Andijon voqealari bo’yicha muloqot o’tkazishga chaqirish orqali ularga voqealarning o’z talqinini singdirmoqchi. Chunki O’zbekiston hukumati Yevropa jamoatchiligi ongida hukm surayotgan islomiy tahdid tushunchasidan o’z foydasi yo’lida foydalanmoqchi va yevropaliklarni Andijonda hukumat musulmon esktremistlarga qarshi kurashib, nafaqat o’zi uchun va hattoki Yevropa uchun ham iltifot ko’rsatgan, deya ishontirmoqchi.

Artyom Ulunyan O’zbekistondagi tuzumning demokratik shaklga o’ta olishiga shubha bildirmoqda va tuzum ayni damda o’zini saqlab qolish bilan ovora, deydi.

XS
SM
MD
LG