Artur Grigoryan: Chagayev albatta g'alaba qozonadi


18 noyabr kuni Germaniyaning Dyusseldorf shahrida andijonlik bokschi Ruslan Chagayev hayotidagi eng muhim jangini o’tkazadi. Og’ir vaznlilar bo’yicha VBA rusumining qit’alararo chempioni Chagayev ikki karra sobiq jahon chempioni amerikalik Jon Ruizga qarshi ringga tushadi.

Yengil vaznlilar o’rtasida 18 karra jahon chempioni, o’zbekistonlik afsonaviy bokschi Artur Grigoryan Amerika ovoziga jangga tayyorgarlik xususida intervyu berdi.

“Tayyorgarlik oliy darajada o’tdi. Kayfiyat joyida. Ruslan boksda birinchi kun emas, shuning uchun ham jangning jiddiyligi anglab yetmoqda.”

Chagayevning raqibi Jon Ruiz o’tgan yil dekabr oyida rossiyalik Nikolay Valuyevga yutqazgandan so’ng, chempionlik kamarini boy bergan. Endilikda u kamarni qaytib olish ilinjida, biroq buning uchun u avvalombor Ruslanni mag’lubiyatga uchratishi kerak. Artur Grigoryan Jon Ruiz imkoniyatlarini past, deb baholamoqda.

“Jon Ruiz so’nggi jangda mag’lubiyatga uchragach, bir oz ruhiy tushkunlikka tushgan va hali o’ziga kelgani yo’q. Ruslanning g’alaba uchun imkoniyatlari katta. Taktikasidan va unga qo’yilgan vazifalardan qaytmasa bo’lgani.”

Agar Ruslan jangda g’olib kelsa, u holda Nikolay Valuyevga qarshi chempionlik kamari uchun tayyorgarlikni boshlaydi va unda og’ir vaznda ilk o’zbekistonlik jahon chempioni bo’lish imkoniyati paydo bo’ladi. Shu paytgacha mag’lubiyat nimaligini bilmagan Ruslan professional boksda 22 jang o’tkazgan. Uning 17 tasini nokaut bilan yakunlagan. Bir jangda durangga erishgan. Uning raqibi hisobida 48 jangda 41 g’alaba qayd etilgan.

“Ruslan jangni hujumda o’tkazishi kerak. Unga himoya yarashmaydi. Uning kuchli tomoni ham hamisha hujumda bo’lishi," - deydi Artur Grigoryan. "Men Ruslanga bu jangdan so’ng uni jahon chempioni kutishi haqida aytdim. Hozir asosiysi – mana shu jangda g’alaba qilish. Mening bashoratim shundayki, agar Ruslan bugungi jangda yutsa, Valuyevni mag’lub qilishi qiyin bo’lmaydi.”

Artur Grigoryanning aytishicha, jangda Ruslan Chagayevni nafaqat O’zbekiston va sobiq Ittifoq davlatlari va hattoki butun Germaniya ham qo’llab-quvvatlaydi.

“Nemislar Ruslanni qo’llab quvvatlashadi, chunki u bu yerda mashq qiladi, Germaniyadagi klub sharafini himoya qiladi. Agar mening shogirdim jahon chempioni bo’lsa, men o’zimni bahtiyor, deb his qilgan bo’lar edim. O’zim jahon chempioni bo’lib, yangi jahon chempionlarini yetishtira olsam maqsadimga yetgan bo’laman.”

Jang davomida Artur Grigoryan Ruslan Chagayev sekundantlaridan biri bo’ladi. U o’zining ko’p yillik bilimi va tajribasini andijonlik bokschidan ayamayapti. Artur Grigorian ringni tark etganiga ikki yil bo’lsada, boksdan ajramagan.

“Men hozirda trenerlik qilmoqdaman. Trenerlik ishining bunchalik qiyin bo’lishini bilmagan ekanman. O’zim 26 yil boks bilan shug’ullangan bo’lsam, trenerlarning ishi oson, bizning boshimizni qotirishdan iborat, deb o’ylardim. Biroq ikki yildan buyon murabbiylik qilib, bokschi bo’lgan paytimdagidan ancha ozdim.”

XS
SM
MD
LG