Breaking News

AQSh razvedkasi Tolibon haqida ogohlantirmoqda


Markaziy Razvedka Boshqarmasi boshlig’i general Maykl Xayden AQSh Senatidan Afg’oniston uchun qo’shimcha yordam so’ramoqda.

“Barqarorlik bo’lishi uchun kamida o’n yilcha vaqt va milliardlab dollar atrofida mablag’ kerak bo’ladi. Afg’oniston hukumatining o’zi buni eplay olmaydi. Aholiga o’z vaqtida xizmat qilishi uchun hukumatga yordam ko’rsatish kerak. Birinchi navbatda xavfsizlikni ta’minlash joiz”, - deydi janob Xayden.

General Xayden nazarida Tolibon kuchlari yana Al-Qoida bilan birlashmoqda. Afg’on hukumati to’g’ri boshqarilmasa, deydi u, Tolibonga boy beradi.

“So’nggi yillarda Tolibon yana jonlanib, hujumlarni kuchaytirgan. Ularning asosiy nishoni hozirda afg’on xavfsizligini qo’lga olayotgan NATO kuchlari”, - deydi general Xayden.

Tolibon ag’darilgach hukumat tepasiga AQSh tomonidan quvvatlangan Hamid Karzay keldi. Mamlakatda erkin saylovlar tashkil etildi. Biroq afg’onlar nazarida Karzay hukumati samara bermayapti. Ayniqsa, aholini toza suv va elektr quvvati bilan ta’minlashda.

Mudofaa vazirligining razvedka boshqarmasi boshlig’i general Maykl Maplsning aytishicha, Tolibon kuchlari hozirgi hokimiyatning zaif tomonlaridan foydalanmoqda.

“Rasmiy Kobul mahalliy hokimiyatlarga ko’p pul bermayapti. Natijada boshqaruv tizimini mustahkamlash uchun mablag’ yetishmaydi. Biroq Karzay mamlakatda kuchli arbob hisoblanadi, ko’pchilik uni quvvatlaydi”, - deydi general Mapls.

Har ikkala general ham Afg’onistonning asosiy muammosi qora-dori savdosi ekanini aytadi. General Xaydenga ko’ra, xalqaro hamjamiyat unga qarshi kurashni kuchaytirishi lozim.

“Tadbirkorlik, savdo va boshqa infratuzilmalar barpo etilsin, ish joylari yaratilsin”, - deydi general Xayden.

BMTga ko’ra, jahon qoradori bozoriga 92 foiz geroin Afg’onistondan keladi.

XS
SM
MD
LG