Antaliyada turkiy davlatlar rahbarlarining sammiti yakunlandi


Antaliyada turkiy davlatlar rahbarlarining sammiti o’z nihoyasiga yetdi.

Unda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog’iston va Qirg’iziston prezidentlari ishtirok etdilar. Ko’ziga operatsiya o'tkazilishini kutayotgan Turkmaniston prezidenti sammitga o’z elchisini yuborgan. O’zbekistondan esa hech kim bormagan.

Ayrim manbalarga ko’ra, sammitga tayyorgarlik ishlarida qatnashgan O’zbekiston rasmiylari sammit so’nggida qabul qilinishi rejalangan bayonotga kiritilgan Tog’li Qorabog’ masalasi bo’yicha kelisha olmagan.

Manbalarga ko’ra, O’zbekiston rasmiylari BMTning Tog’li Qorabog’ bo’yicha ilgari qabul qilgan to’rt rezolyutsiyasining bayonotda ta’kidlanishini ma’qullagan, biroq Armanistonning Ozarbayjonga qarshi bosqinini qoralagan Islom Konferensiyasi Tashkiloti va boshqa bayonotlarning takror kiritilishiga qarshi chiqib, majlisni tark etgan.

Sammit so’nggida qabul qilingan Antaliya Deklaratsiyasida, shuningdek, turkiy davlatlar o'rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish ehtiyoji alohida urg’ulangan. Deklaratasiya xalqaro terrorizm illatini ham qoralagan.

XS
SM
MD
LG