Bagila Buxarbayeva: Erkinlik berilsa iste'dod yo'l topadi


Amerikalik jurnalist Pol Xlebnikov sharafiga ta’sis etilgan, jurnalistik mardlik uchun taqdim etiladigan xalqaro mukofot bu yili o’zbekistonlik muxbir Bagila Buxarbayevaga nasib etdi.

Forbes jurnalining rus tilidagi nashriga asos solgan Pol Xlebnikov Rossiyada 2004 yilda o’ldirib ketilgan edi. Oilasi uning nomiga tashkil etgan jamg’arma har yili jurnalistika burchlariga sodiq deb topilgan muxbirni mukofotlaydi. Sovrindor sobiq Sovet Ittifoqidan tanlanadi. O’zbekisonlik sovrindor Bagila Buxarbayeva uchun bu nafaqat kasbiy yutuq balki mintaqa jurnalistlarining tan olinishi hamdir.

“Men bu mukofotni xalqaro jurnalistlar jamoasidan Markaziy Osiyodagi hamkasblarimga quvvatlov deb bilaman. Markaziy Osiyoda biz hamon kasbiy huquqlarimiz uchun kurashyapmiz – hukumatni so’roqqa tutish, axborot olish, haqiqatni bilish va ommaga yetkazish huquqi”, - deydi Bagila.

Buxarbayeva 2005 yilda Andijon voqealarini joyidan yoritgach, hukumat bosimi ostida Qozog’istonga chiqib ketishga majbur bo’lgan. Hozirda AQShning Associated Press axborot agentligining Markaziy Osiyo bo’yicha muxbiri.

“Hukumat men yozgan maqolalardan norozi ekanini bilardim. Lekin bu bilan xato ish qilmaganman. Jurnalist ekanman, yozishga haqqim bor”.

Markaziy Osiyoda, deydi Buxarbayeva, haligacha matbuot erkinligi yo’q, hukumatlar o’z fuqarolarining erkin fikrlash huquqini hurmat qilmaydi. Avtoritar mamlakatlarda ishlayotgan jurnalistlar ishini bajara olishi uchun birinchi navbatda o’z erkinligini anglab olishi kerak, deydi u.

“Hozirda mintaqada jurnalistlar uchun nisbatan erkin sharoit -Qirg’izistonda. Mamlakatda mustaqil televizion kanallar, gazetalar, muxolifat nashrlari faoliyat yuritadi. Ular kuchli ta’qib ostida emas”, - deydi Buxarbayeva.

O’zbekistonlik jurnalist fikricha, Qirg’izistonda o’tgan yili hukumat ag’darildan beri siyosiy beqarorlik davom etayotgan bo’lsa-da, ijobiy o’zgarishlar yo’q emas. So’nggi inqiroz natijasida hukumat va muxolifat o’rtasida siyosiy yechimga kelindi. Prezident vakolatlari cheklandi, parlament kuchaytirildi. Ammo bu jarayonlarni mintaqa aholisi qanday qabul qilyapti?

“Odamlar yaqindan kuzatmayapti, aslida esa aksi bo’lishi lozim. Bir mintaqamiz, qo’shnilar hayoti bilan qiziqizh kerak. Ammo bu jurnalistlarning ham aybi. Chunki voqealarning mintaqaviy ta’sirini va xalqlarning uzviy bog’liqligini anglaydigan ommaviy axborot vositalari yo’q. Jurnalistlarning o’rni bor bu yerda”, - deya ta’kidlaydi jurnalist.

Bagila Buxarbayevaning aytishicha, Markaziy Osiyoda ommaviy axborot vositalari bosim ostida, ammo muxbirlikni tanlayotganlar ham kam emas. Ular jurnalistning betaraf bo’lishi lozimligi, haqiqatni yetkazishi, jamiyat ko’zgusi bo’lishi kerakligini tushunadi, deydi u.

“Eng muhimi – erkinlik. Erkinlik berilsa, iste’dod yo’l topadi. Mustaqil jurnalistikaning rivojlanishida xatolar, muammolar bo’lishi tayin, biroq bu jarayondan o’ta olish muhim. Hukumatlar erkinlik berishi kerak, albatta, shunda mustaqil axborot vositalari kurtak otadi”.

XS
SM
MD
LG