BMTda O'zbekistonga qarshi qaratilgan rezolyutsiya quvvatlanmadi


O’zbekistonda inson huquqlarining poy-mol etilishini qoralab tuzilgan rezolyutsiya loyihasiga O'zbekiston BMT Bosh Assambleyasining inson huquqlari bo’yicha qo’mitasida to'sqinlik qildi.

Qo'shma Shtatlar va G'arb davlatlari rezolyutsiyaning Bosh Assambleyada umumiy ovozga qo’yilishi tarafdorlari edi, biroq O'zbekiston uni Bosh Assambleyada ovozga qo'ymaslik masalasini qo'mita ichida ovozga qo'ydi.

O'zbekiston taklifini, ya'ni rezolyutsiyani Bosh Assambleyada ovozga qo'ymaslik qarorini 74 a’zo-davlat qo’llab-quvvatladi, 69 a’zo qarshi chiqdi va 24 a’zo betaraf bo’ldi. Rezolyutsiya loyihasi O’zbekistonni asossiz hibsga olishlarda, siyosatdan norozi fuqarolarga tazyiq o’tkazishda va boshqa qonun-buzarliklarda ayblagan.

Ovoz berishdan oldin Yevropa Ittifoqi nomidan so’zlagan Finlyandiyaga ko’ra, BMT inson huquqlari bilan bog’liq jiddiy qonun buzarliklarga e’tibor qaratmasa, obro’siga putur yetadi. AQSh ham loyihaning o’tmaganidan norozi ekanini bildirdi. Inson huquqlari bilan shug’ullanadigan Xalqaro Amnistiya tashkiloti ham qo’mita qarorini tanqid ostiga oldi.

O'zbekiston taklifini qo'llab-quvvatlagan Kuba va Xitoy O’zbekiston o’tgan yilgi rezolyutsiyadan so’ng ijobiy o’zgarishlarni amalga oshirganini ta’kidladi.

Ma’lumki, o’tgan yil may oyidagi Andijon voqealaridan so’ng Bosh Assambleya aynan shu mazmundagi rezolyutsiyani qabul qilgan edi.

XS
SM
MD
LG