Breaking News

O'zbekiston prezidenti saylovlari 2007: Muxolifatga yo'l beriladimi?


O`zbekistonda 2007 yilda kutilayotgan prezidentlik saylovlari borasida hukumat tomonidan norasmiy targ'ibot ishlari boshlangani aytilmoqda.

Saylovda amaldagi muxolifatning ishtiroki esa muammoligicha qolyapti.

Huquq himoyachisi Surat Ikromov ma’lumotlariga ko’ra, turli davlat idoralarida, o’quv maskanlarida boshlangan targ’ibot bevosita prezidentlik saylov kampaniyasi haqida emas, balki amaldagi prezidentning muddatini uzaytirishga qaratilgan:

“Hozircha bu professorlar, oqituvchilarga tushuntirish berish orqali boshlanayapti,” - deydi Ikromov.

Ta`kidlanishicha, targ`ibot ishlari quyi davlat idoralaridan boshlanib, keyinchalik yuqori idoralarga ko`tarilishi mo’ljallangan.

Kutilayotgan saylovlarda amaldagi muxolifat vakillarining qatnashishi har safardagidek muammoli.

“Erk” demokratik partiyasining bosh kotibi Otanazar Oripovga ko`ra, hukumat avvalgi tazyiqlardan farqli muxolifat zarurligini tushunib yetgan, shuning uchun ham faqat o`zini qanoatlantiradigan muxolifatni izlayapti.

“Bu muxolifatga kimlar kiritiladi, qaysi guruhlar hozirdan aytish qiyin. Har holda muxolifatga bolta urgandan keyin, endi muxolifatga muqobil fikrdagi, muqobil yo`nalishdagi, siyosiy qarashdagi muxolifatga yo`l berilmaydi, agar mavjud hukumat saylovlarni o`tkazadigan bo`lsa,” - deydi Otanazar Oripov.

Otanazar Oripovga ko`ra, muxolifat 15 yildan buyon prezidentlik va parlament saylovlarida ishtirok etish uchun urinib kelayapti, biroq saylovga qo`yilmayapti.

“Hali O`zbekistonda haqiqiy saylovlar tanlov asosida bo`lgan emas va yaqin o`rtada bo`lmaydi,” - ta’kidlaydi Oripov.

Muxolifatdagi “Ozod Dehqonlar” partiyasi vakili Nigora Hidoyatovaga ko`ra, partiya tomonidan bu saylovlarda nomzod ko`rsatilmaydi, biroq muxolifat umumiy yig’ilish o`tkazib, bu borada yagona nomzod ko`rsatishi lozim.

“Muxolifat birlashib yagona bir nomzodga to`xtamas ekan, bu borada biron natijalarga erishish qiyin bo`ladi. Bundan tashqari kelayotgan saylovlar bizning imkoniyat emasligini ham bilamiz, qanday rejim ostida yashayotganimiz hammaga ayon. Muxolifat rasman ro`yxatdan o`tkazilib, saylovlarda ishtirok etish huquqini beruvchi davrlar ham kelar,” - deydi Nigora Hidoyatova.

Uning fikricha, O`zbekiston qonunchiligiga muvofiq mustaqil tarzda nomzod korsatib saylovlarda ishtirok etish imkoniyati ham aynan mamlakatdagi siyosiy vaziyat tufayli natija bermaydi.

“400 ming kishi imzosini yig`ish texnik jihatdan murakkab emas, biroq hozirgi hukumat bunga yol qo`ymadi,” - deydi “Ozod Dehqonlar” partiyasi vakili.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi uni ro`yxatdan o`tkazish jarayoni qanday kechayotganini aniqlashtirish uchun Adliya vaziriga xat bilan murojaat qilgan.

“Birlik” bosh kotibi Vasila Inoyatovaga ko`ra, partiya qurultoyida kutilayotgan saylovlardagi ishtirok haqida aniq xulosalarga kelinadi.

“Ba`zi bir joylarda ba`zi muxolifat vakillari muammo ikkita partiyaning yetakchilarida, ba`zi joylarda ular ba`zi muammolarda moratoriy qabul qilib kelishib turibdi. Ehtimol umumiy muammo oldida yana kelishib ketar degan qarashlar ham bor. Ayrim joylarda ko`rsatilgan nomzodlar O`zbekiston ichida yashashi kerak, tashqaridan ko`rsatilganlar prezident bo`la olmaydi, degan gaplar ham bor. Turli-tuman fikrlar, shuning uchun qurultoy o`tkazishga shoshilmaymiz.”

“Bugungi kunda qiladigan ishimiz - partiyani ro`yxatdan o`tkazish. Xabaringiz bor, 2007 yil 23 dekabr prezidentlik saylovlari belgilangan, biz 23 iyunga qadar Adliya vazirligida siyosiy partiya sifatida ro`yxatga olinish uchun har qanday imkoniyatlardan foydalanib harakat qilamiz,” - deydi “Birlik” vakili Vasila Inoyatova.

2007 yilda O`zbekiston prezidenligi uchun kutilayotgan saylov kampaniyasida ishtirok etish uchun “Birlik” partiyasining raisi Abdurahim Po’latov va “Erk” partiyasining raisi Muhammad Solihning nomzodlari muxolifat tomonidan ilgari surilgan.

Biroq kuzatuvchilar bu nomzodlarning saylovlarda ishtirok eta olishini mavhum baholamoqda.

XS
SM
MD
LG