Rasmiy Toshkent AQShni ikkiyuzlama siyosatda aybladi


Rasmiy Toshkent AQSh Davlat departamentini ikki yoqlama siyosat yuritayotganlikda ayblab, bayonot tarqatgan.

“AQSh Davlat departamenti tomonidan O`zbekiston “diniy erkinlikni ta`minlash borasida jiddiy tashvish uyg`otayotgan davlatlar” deb atalmish ro'yxatga kiritilgani mamlakatimiz keng jamoatchiligida, beozor aytganda, taajjub uyg`otdi.

Bu hol Amerika tashqi siyosat mahkamasining din va e`tiqod erkinligi kabi dolzarb masalalarga bir tomonlama yondashishini va “ikkiyoqlama standartlar” bo`yicha ish tutishini yana bir bor namoyon etdi”, - deyiladi O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligining juma kuni matbuotda e`lon qilingan bayonotida.

O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi nazarda tutayotgan AQSh Davlat departamenti e’lon qilgan ro`yxatda O`zbekiston dunyoda diniy e`tiqod erkinligi cheklanayotgan 13 davlatdan biri sifatida e`tirof etilgan edi.

AQSh Davlat departamentiga ko`ra, sabab - O`zbekistonda diniy e`tiqod erkinligi ta`qib ostidaligi, fuqarolarni turli ekstremistik tashkilotga a`zolikda ayblab, qiynoqqa solish va keyingi paytlarda nasroniylikning turli oqimlari ta’qib ostiga olinganidir.

O`zbekistonda diniy erkinlikning ta’qib ostida ekanligi bir qator xalqaro tashkilotlar tomonidan ham e`tirof etilgan. Jumladan, Inson huquqlari bo`yicha xalqaro Xelsinki komissiyasi xulosalariga ko`ra, O`zbekiston diniy erkilikni ta`qib ostiga olishda tashvish uyg`otayotgani to`g`ri.

Mahalliy huquq himoyachilari va muxolifat vakillarining bildirishicha, O`zbekiston qamoqxonalaridagi dindorlarning aksariyati aybsiz, faqat o`z e`tiqodi uchun jazoga loyiq topilgan fuqarolar.

O`zbekiston tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, O`zbekistonda turli diniy konfessiya vakillari tinch-totuv yashab kelishmoqda.

17 noyabr kuni Toshkent viloyatining Yangiyo`l tumani jinoiy ishlar sudi to`rt fuqaroni diniy ekstremistik tashkilot – “Vahobiylik” oqimiga a`zolikda ayblab, 8 yildan 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilgan.

Sudlangan fuqarolar qarindoshlari fikriga ko`ra, hukm qilinganlar mutlaqo aybsiz, faqat namoz o`qigan, ularga nisbatan qiynoq qo`llanganligi tufayligina o`z ayblariga iqror bo`lishgan. Yopiq tarzda o`tkazilgan sud bir hafta ichida hukm chiqargan.

Sakkiz yil qamoq jazosiga hukm qilingan Abdurahim Usmonovning singlisi va advokati Ulbo`sin Usmonovaning aytishicha, akasi qiynoqqa solingan.

“21 avgust kuni akam oldiga kirgandim va kuraklarida ko`kargan joylarni ko`rdim. Akam oldingiday emas. Qo`rquvga tushib qolgan. Sen bu yerga kelma, ovora bo’lma deb aytayapti. Ko`kargan joyini tergovchiga aytganimda, ishingiz bo`lmasin, ochib ko`rishga haqqingiz yo`q deb aytdi”, - deydi Ulbo`sin Usmonova.

Hukm kamida bir kishi guvohligida o`qilishi kerak edi, biroq sudlanayotganlarning “pichoqqa ilinadigan” aybi bo`lmagani uchun mahkama yopiq tarzda o`tkazilgan.

O`zbekistonda diniy ekstremistik tashkilotga a`zolik borasida o`tkazilayotgan sud jarayonlarida himoyachi sifatida qatnashib kelayotgan Rustam To`laganovning aytishicha, qonunda ayblanuvchiga nisbatan qiynoq o`tkazilgani ma`lum bo`lsa, ko`rsatmalar haqiqiy hisoblanmaydi, biroq amalda hammasi aksincha.

“Lekin buyruq berilgan, nima bo`lsa ham sudlaysan degan, shuni amalga oshirishayapti. Men nechta sudda qatnashgan bo`lsam, aybi bormi-yo`qmi baribir, “vahobiylik”da ayblanayotganlarga “Xizb-ut-Tahrir” varaqasini tashlab qo`yishadi. Vaholanki, ikkovi mutlaqo qarama-qarshi”, - deydi To`laganov.

To`laganov chor Rossiyasi davrida inqilobchilarga va keyinchalik Stalin davrida ko`rsatilgan qiynoqlarni misol keltiradi:

“Stalin davrida faqat o`ng qo`lini so`g qoldirib, boshqa hamma joyini maydalashgan, natijada hamma [aybni] bo`yniga olib, imzo chekishga majbur bo`lgan. Hozir ham shu narsa davom etmoqda”, - deydi To`laganov.

Muxolifat vakillari fikricha, hukumat diniy ekstremizm tahdididini “yasama” tarzda bo’rttirib, muxolifatning haq qanday ko`rinishini bartaraf etmoqda.

O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko`ra, O`zbekistonning diniy erkinliklar bo'g'ilayotgan mamlakat sifatida qayd etilishi asossiz.

XS
SM
MD
LG