Breaking News

Qirg'iziston Toshkent bilan gaz narxi bo'yicha kelisha olmayapti


Noyabr oyi oxirida birinchi qor yog’ib, havo keskin soviy boshlagach, Qirg’izistonda aholi va muassasalarni tabiiy gaz bilan ta’minlash muammosi jamoatchilik uchun asosiy mavzuga aylandi.

Qirg’iziston tabiiy gazni qo’shni O’zbekistondan sotib oladi.

Ma’lum bo’lishicha, rasmiy Bishkek va rasmiy Toshkent o’rtasida yangi 2007 yil uchun gaz yetkazib berish bo’yicha kelishuvga erishilmagan. Qirg’izistonda gaz ta’minoti bo’yicha mas’ul “Qirg’izGaz” shirkati rasmiylariga ko’ra, O’zbekistondan gaz sotib olish bo’yicha muzokaralar davom etmoqda.

“Yangi yilda Qirg’izistonda gaz bo’ladi. Shubhalanishga asos yo’q. Sotib olinadigan gaz hajmi aniqlangan, bu – 850 million kubometr hajmdagi gazni tashkil qiladi. Noyabr oyi oxiri yoki dekabr oyi boshida [O’zbekiston bilan] muzokaralarning yakuniy bosqichi boshlanadi, shunda gaz narxi ham aniqlanadi,” - deydi “Qirg’izGaz” shirkatining matbuot kotibasi Oyzoda To’yg’onboyeva.

O’zbekiston yangi 2007 yildan e’tiboran tabiiy gaz narxi hamma xaridorlar uchun birdek oshishini ma’lum qilgan. Tabiiy gaz narxi har ming kub metr uchun “O’zbekneftegaz” shirkati tomonidan100 dollar miqdorida belgilangan.

Har ming kub metr hajmdagi gaz uchun 55 dollardan haq to’layotgan Qirg’iziston vakillarining o’zbekistonlik hamkasblari bilan gaz narxini arzonlatish bo’yicha olib borgan muzokaralari hozirgacha natija bermagan.

Uzoq yillar davomida gaz xo’jaligi sohasida ishlagan deputat Davron Sobirovning aytishicha, endi O’zbekistondan sotib olinayotgan gaz narxi pasayishiga umid yo’q.

“O’zbekiston chet elga sotadigan gazni Rossiya “Gazprom”iga berib yubordi. Bundan keyin Markaziy Osiyoda gaz savdosini “Gazprom” yuritadi. O’shalar narx qo’yadi, eshitishimcha, ular har ming kub metr gazni O’zbekistondan 120 dollardan sotib olishga rozi bo’lgan. Bugungi kunda O’zbekiston bizga har ming kub metrini 55 dollardan sotayotgan gaz narxi yanagi yilda Rossiyadan olsak, 120 dollardan kam bo’lmasligi aniq. Buni “Gazprom” belgilaydi,” - deydi deputat Davron Sobirov.

“24.kg” axborot agentligining xabar berishicha, O’zbekneftegaz” shirkati vakillari Qirg’izistondan O’zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish bo’yicha yozma kafolat olinmagan taqdirda, gaz yetkazib berish bo’yicha bitim ham imzolanmasligini ma’lum qilganlar.

Ammo “Qirg’izGaz” shirkatining matbuot kotibasi Oyzoda To’yg’onboyeva fikricha, O’zbekiston gaz narxini pasaytirishiga umid hali ham bor.

“Uzil-kesil [gaz] narxi bo’lajak muzokaralarda aniqlanadi. Hozir tomonlar maslahatlashishyapti. Shirkatimiz uchun aholining qurbi yetmasligi hisobga olinsa, “O’zbekneftegaz” qo’ygan narxni pasaytirish juda muhim,” - deydi Oyzoda To’yg’onboyeva.

XS
SM
MD
LG