O'zbekistonda rus-o'zbek qardoshligi mafkurasi qayta shakllanmoqda


O`zbekiston Siyosiy tadqiqotlar markazi takilifiga binoan mamlakatga tashrif buyurgan rossiyalik ekspertlar va siyosatshunoslardan iborat guruh O`zbekistonda qayta shakllanayotgan rus-o’zbek qardoshligi ideologiyasini muhokama qildi.

Ekspertlar doirasidagi uchrashuv “O`zbekiston va Rossiya tajribasi - demokratik institutlarga oid vaziyat va ularning rivojlanishi” deb nomlangan.

Rossiyalik va o`zbekistonlik ekspertlar uchrashuvi yakunidan so`ng rossiyalik mutaxassislar guruhi O`zbekiston prezidenti Islom Karimov tomonidan qabul qilingan. Prezident Rossiya ekspertlari tomonidan O`zbekistondagi siyosiy-ijtimoiy ahvolga berilayotgan bahoning muhumligini ta’kidlab o`tgan.

Ekspertlar delegatsiyasi rahbari, Rossiyadagi “Samarali siyosat jamg'armasi” tashkiloti rahbari Gleb Pavlovskiyga ko`ra, O`zbekistonda siyosiy o`zgarishlar aholining barcha qatlamlari manfaatini himoya qilgan holda yuritilmoqda, mamlakatdagi siyosiy-ijtimoiy barqarorlik sarmoya va biznes uchun qulay muhit mavjudligidan dalolat bermoqda.

Delegatsiya tarkibidagi ekspertlardan biri Andranik Migranyanga ko`ra, O`zbekiston ko`p partiyaviylik tizimni mustahkamlayapti va yangi taraqqiyot bosqichiga ko`tarilmoqda.

Mahalliy kuzatuvchilar fikricha, rossiyalik ekspertlarning O`zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni baholash uchun jalb etilishi va bu mulohazalarning mahalliy matbuotda keng targ'ib qilinishi faqat bir narsani – demokratik islohotlar bilan bog'liq haqiqiy ahvolni jamoatchilikdan berkitishni nazarda tutadi.

Rassom Vyacheslav Axunov demokratik islohotlar borasida Rossiya ekspertlari bilan tajriba almashish mavhum, deb hisoblaydi:

“Ularning o`zida an’anaviy Moskva knyazligi tuzumi, knyaz va podshoh boshchiligida imperiyacha qarash mavjud. Kreml ekspertlari G`arbni, demokratiyani yomon ko`rishadi. Rossiyada qanaqa demokratiya haqida gapirish mumkin? Ular G`arb mamlakatlarini ko`ra olmaydilar. Hozir ularda aksincha jarayon boshlangan, ya’ni avvalgi imperiya buzilib ketdi, endi boshqa, neoimperiyani tiklashlari kerak”, - deydi Axunov.

Rossiyada mustaqil nashrlar, erkin fikr va mulohazalar mavjudligini inobatga olib, Rossiya bilan demokratik islohotlar bo`yicha o`tayotgan seminarlar O`zbekistonga nima berishi mumkin, degan savolga Vyacheslav Axunov shunday deydi:

“Ulardan nima olish mumkin, ular nima berishi mumkin? Masalan, o`sha ekspertlardan biri Migranyan bo`ladigan bo`lsa, uning Qirg`iziston shimoliy qismini Qozog'istonga, janubini esa O`zbekistonga bo`lib berish, shu bilan Qirg`izistonni tugatish haqidagi fikrlari uning kimligini ko`rsatib turibdi”.

Axunov mulohazalariga ko`ra, faollashayotgan rus-o`zbek ideologiyasi faqat bir fikrga – “biz podshohsiz yashay olmaymiz” degan g'oyaga asoslanmoqda.

“Menimcha, Putin Karimovda mavjud cheksiz hokimiyatga yashirin bir hasad bilan qarasa kerak”, - deydi Axunov.

XS
SM
MD
LG