Qirg'izistonlik olima fikricha vatani demokratiya sari yo'l olmoqda


Shu oy boshida Qirg’iziston yana bir inqirozni boshdan kechirdi. Muxolifat talabi bilan prezident vakolatlari cheklanib, parlamentning kuchaytirilishi - mamlakatda barqarorlikni tikladi. Yangi konstitutsiya qabul qilindi. Mutaxassislar nazarida, Qirg’izistonda namoyishlar davom etishi tayin, biroq so’nggi mojaro ketidan hukumat va muxolifat orasida erishilgan murosa mamlakatning demokratiya tomon yo’nalayotganidan dalolat.

Vashingtonda joylashgan Siyosiy tahlil bo’yicha Jeymstaun jamg’armasi prezidenti Glen Xovard nazarida Qirg’iziston AQSh manfaatlari uchun muhim davlat.

"Qirg’zistonda yaqinda ro’y bergan ikkinchi inqilob muhim ahamiyatga ega va mamlakat demokratiya sifatida yetishyapti. Ammo barqarorlik qanchaga cho’zilishi noma’lum. Qirg’iziston muxolifati ichida, parlamentda yangi odamlar paydo bo’lyapti", - deydi Glen Xovard.

Uning aytishicha, Qirg’iziston hukumati AQSh bilan munosabatlariga va Amerikaning Manas aviabazasiga qanday qarashi o’ta muhim, ayniqsa AQSh O’zbekistondagi harbiy bazasidan ayrilganidan keyin. Chunki Afg’onistonda Tolibon harakati jonlanyapti. Bazadan Afg’onistondagi AQSh askarlariga yordam yetkaziladi. Qirg’izisonda bo’layotgan voqealar AQSh manfaatlarini chetlab o’tmaydi, deydi janob Xovard, xususan mintaqaga Xitoy va Rossiyaning ta’sirini ham hisobga olganda.

Lola Inqilobi: Qirg’iziston Bir Yildan So’ng” nomli AQShda chop etilgan yangi kitob muallifi, qirg’izistonlik yosh olima, Erika Marat fikricha, Qirg’izistondagi vaziyatni Tojikistonda 1990-yillarda ro’y bergan voqealarga o’xshatish mutlaqo noto’g’ri.

"Qirg’izistonda o’tgan namoyishlarni beqarorlik belgisi deb aytish to’g’ri emas. Qiyin vaziyatga tushdik, ba’zida odamlarga qarshi kuch ham ishlatildi, lekin bularning sababi biror bir katta ichki mojaro emas. Bu siyosiy jarayon", - deydi olima.

8 noyabrda qabul qilingan yangi konstiutsiya, deydi Erika Marat, ko’p maqsadlarni ko’zlaydi, hatto Yevropa davlatlarinikiga o’xshaydi. Ehtimol, siyosiy, iqtisodiy jihatdan Qirg’iziston unga tayyor emasdir, deydi olima, biroq yangi bosh qonun barqarorlik kaliti hamda hokimiyatni mustahkamlaydi.

Biroq ayrim tahlilchilar yangi konstitusiya matni haligacha xalqqa ko’rsatilmagan deb da’vo qilmoqda.

"Konstitutsiya qabul qilingan kuni xalqqa ko’rsatilgan, bir necha veb sahifalarda chop etilgan. Hatto parlamentda muhokama qilingan konstitutsiya loyihalari ham gazetalarda chop etilgan", deydi Erika Marat.

O’zbekiston ommaviy axborot vositalari Qirg’izistondagi o’zgarishlarni chetlab o’tdi. Qozog’istonda, O’zbekistonda, Tojikistonda va Turkmanistonda – Qirg’izistondagi voqealar demokratik o’zgarishlar sifatida yoki progressiv siyosiy madaniyat va demokratik jamiyat qurish harakati sifatida qabul qilingani yo’q, deydi Erika Marat.

"Qo’shni davlatlarda amaldagi prezidentlar hokimiyatda ekan, Qirg’iziston ularning siyosiy qarorlariga ta’sir etmaydi. Shunday bo’lsa-da, Qirg’iziston inqilobi Markaziy Osiyo uchun namuna", - deydi tadqiqotchi.

Erika Maratning aytishicha, Qirg’izistonda norozilik namoyishlari davom etishi mumkin, chunki prezident va parlament yangi konstitutsiya talablariga to’liq javob bera olmaydi. Ammo xalq adolatsizlik bo’lganda, saylovlarda qonunbuzarliklar ro’y berganda, ortiq chidab o’tirmaydi.

"Norozilik namoyishlariga chiqish, qarshilik bildirish orqali Qirg’iziston xalqi o’zini tanib oldi. Ammo xalqaro hamjamiyat Qirg’izistonga siyosiy beqaror va turli to’dalar makoni deb qaramasligi lozim. 8 noyabrdagi konstitusiyaviy islohot xalqqa umid berdi, ya’ni tinch yo’l bilan katta siyosiy o’zgarishlarga erishsa bo’ladi degan ishonchni", -deydi Qirg'izistondagi inqilob haqida hikoya qiluvchi kitob muallifi Erika Marat.

XS
SM
MD
LG