Breaking News

Har bir hukumat idorasiga bittadan jurnalist


O`zbekistonda jurnalistlarning hukumat idoralari bilan ishlashini tartibga soluvchi yangi tahrirdagi qonun tasdiqlandi. Kuzatuvchilar fikriga ko`ra, matbuot faoliyati yuzasidan qabul qilinayotgan so’nggi qonun xujjatlari nafaqat jurnalistlar, balki tahririyatlar faoliyatini ham cheklab qo`ymoqda.

O`zbekiston matbuot agentligi rasmiy vakilining mahalliy matbuotda yangi tartib yuzasidan bergan izohiga ko`ra, qaror jurnalistlarning hukumat idoralari bilan ishlashini osonlashtirish uchun qabul qilingan.

Mazkur qonunga muvofiq, tahririyatlar ma`lum bir jurnalistni muayyan hukumat idorasi bilan ishlashga nomzod sifatida ko`rsatishi, hukumat idorasi esa bu jurnalistni akkreditatsiyadan o`tkazishi mumkin.

Qonunga ko’ra, nomzod o`rganilgach, 2 yilga ro`yxatdan o`tkaziladi. Ro`yxatga olingan jurnalistlar uchun hukumat idoralari bilan ishlash imkoniyati beriladi.

O`zbekiston davlat matbuot agentligi rasmiy vakilining izohlari “Hurruyat ” gazetasi bosh muharriri Ismat Xudoyorov tomonidan qo’llab-quvvtlanadi:

“Bu jurnalistlar ishini osonlashtiradi, turli davlat idoralari bilan ishlashda ancha yengilliklar bo`ladi”.

Mustaqil jurnalistlar nazarida bu amaliyot o`zbek matbuotidagi ahvolni yaxshilamaydi, aksincha, cheklashi mumkin, xolos.

Jurnalist Abdurahmon Tashanov fikricha, hozir O`zbekistonda muassis orqali tahririyatni, tahririyat orqali jurnalistlarni nazorat qilish tendensiyasi mavjud.

“Bu qaror ham shu rasmiyatchiliklardan biri, bosh muharrir tavsiya qilsagina siz haqlisiz, lekin ommaviy axborot vositalari vakili sifatida bunday huquqqa ega emassiz, bu xalqaro me`yorlarga qarshi”, - deydi Tashanov.

Abdurahmon Tashanov jurnalistlarning hukumat idoralaridan akkreditatsiyadan o`tishi mazkur idora faoliyatini maqtashdangina iborat bo`ladi, deb hisoblaydi.

“Masalan, menga ichki ishlar yoki soliq idoralaridan biror ma’lumot kerak bo`lib qoldi, demak, mening akkreditatsiyam bo`lmasa, men hech qanday ma`lumot ololmayman. Bu qaror mutlaqo aksilkonstitutsiyaviy qaror”, - deydi Tashanov.

Ma`lumotlarga ko`ra, o`zbek matbuotiga tegishli yana bir qonun hukumatga yoqmagan bir qator nashrlarni qayta ro`yxatdan o`tkazmaslik imkoniyatini beradi.

Yangi qonunga muvofiq, hozircha o`nga yaqin nashrlarda qayta ro`yxatdan o`tish muammosi paydo bo`lgan. Bu muammo sabablari turlicha ekani aytiladi.

Bundan tashqari, qayta ro`yxatga olishga doir bu qarorga ko`ra, O`zbekiston matbuot agentligi hisobiga ma’lum mablag` o`tkazilishi kerak.

O`zbekistonda ayrim markaziy gazetalarning nashr ko`rsatkichlari 2 ming nusxa atrofida. Yangi tartib-qoida og`ir sharoitda faoliyat ko’rsatayotgan gazetalarni yanayam ogi’r ahvolga solib qo’ymoqda.

XS
SM
MD
LG