Qirg’iziston janubidagi universitetlarda poraxo’rlik avj olgan


Daniya Tashqi ishlar vazirligi yordamida O’shda talabalar o’rtasida o’tkazilgan so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, Qirg’iziston janubidagi universitetlarning barchasida poraxo’rlik avj olgan. Bu haqda universitet o’qituvchilari ham, talabalar ham ochiq gapirmoqdalar.

O’shdagi Qirg’iz-O’zbek Universiteti, O’sh Davlat Universiteti, O’sh Texnologiya Universiteti va O’sh Gumanitar Pedagogika Instituti kabi katta o’quv dargohlarida turli sohalar bo’yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Qirg’iz-O’zbek Universiteti o’qituvchilari, so’rov natijalariga ko’ra, poraxo’rlik bo’yicha birinchi o’rinni egallamoqda.

Talabalarga ko'ra, universitetlarda poraxo’rlik borligi hech kimga sir emas, buni hamma biladi. Ma’lum miqdordagi pul evaziga baho qo’ydirayotgan talabalar ham, talabaning bilimini emas, pulini olib, baho qo’yayotgan o’qituvchining ham o’z bahonasi bor, deydi ular.

Poraxo’rlik Qirg’izistonning bugungi ayanchli holatini anglatadi. O’qituvchi va talabalarning aytishlaricha, hukumat doiralarida poraxo’rlik yo’qolsagina, bu illatga qarshi kurashish mumkin, aksa holda, barcha harakatlar samarasiz bo'ladi.

2005 yilning 24 mart kuni Qirg’izistonda xalq g’alayonlari to’lqinida hokimiyat tepasiga kelgan “inqilobiy hukumat” poraxo’rlikka qarshi keng miqyosda kurash e’lon qilgan. Biroq kurashning qancha davom etishi hamon mavhumligicha qolmoqda.

XS
SM
MD
LG