O'zbekistonda yoshlar va ayollar orasida chekuvchilar ko'paygan


O’zbekistonlik mutaxassislar fikricha, respublikada so’nggi paytlarda yoshlar hamda ayollar o’rtasida kashandalikka berilish holati ko’paygan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, mamlakatda bir yilda 30 mingga yaqin kishi tamaki chekishning salbiy oqibatlari tufayli hayotdan ko’z yumadi. Mutaxassislar fikricha, kashandalik ayollar uchun o’pka va ko’krak saratoniga olib boradigan asosiy omillardan biri.

“Niyatim bor tashlash. Bir oy chekmadim, keyin yana problemalar boshlandi. Nu, chekish yomon baribir-u, odamni bosadi-da, miyasini bir dam oldirib, cheksangiz”, - deydi toshkentlik chekuvchilardan biri.

Mutaxassislar fikriga ko’ra, kashandalik O’zbekiston uchun ham dolzarb muammoga aylanmoqda. Ayni paytda tamaki chekish og’ir xastaliklarni keltirib chiqarayotgani aytiladi.

“Uzoq tamaki chekish orqasidan o’pka-bronx yo’llarida katta o’zgarishlar bo’ladi. Bemor har doim yo’taluvchan bo’lib qoladi. Yurganda nafas qisishi mumkin, havo yetmasligi mumkin. Xullas, bu kasallarning ko’pida keyinchalik borib surunkali abstruktiv bronxit, ayrim kasallarda bronxial astma kasalligi kelib chiqishi mumkin.

Tamaki tutunida 4 mingga yaqin zaharli moddalar bor. Bu o’pka rakini keltirib chiqaradi. Deyarli 80-90 foiz o’pka rakining sababchisi asosan chekishdir. Yurakni ishdan chiqaradi, nerv sistemani ishdan chiqaradi, oshqozon-ichak funksiyasini ishdan chiqaradi”, - deydi Fizioteriya va pulmonologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Abdulla Ubaydullayev.

O’zbekistonda Salomatlik Instituti tashkil topgan. Uning asosiy maqsadi aholi o’rtasida sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish deydi Respublika Salomatlik instituti mutaxassisi Hayitboy Latipov. Uning so’zlariga qaraganda, tamaki chekish oqibatida aholi o’rtasida o’lim holati ko’paymoqda.

“Sog’lom turmush tarzining qirralaridan bittasi bu zararli odatlarga qarshi kurash. O’zbekistonda 16 va undan katta yoshdagilar orasida uchdan bir qism erkaklar chekishadi. Ayollar orasida 3-5 foizni tashkil qiladi bu.

Agar tamaki chekish natijasidagi o’lim holatlariga keladigan bo’lsak, bir yil davomida o’rtacha 30 ming odam tamaki chekish natijasida kelib chiqadigan turli kasalliklardan o’lim holatlari bo’lyapti”, - deydi Hayitboy Latipov.

O’zbekistonda, kashandalar, asosan, erkaklar ekani ta’kidlansa-da, so’nggi paytlarda ayollar orasida ham tamaki chekishga ruju qo’yish kuzatilgan. Akademik Abdulla Ubaydullayevning aytishicha, ayollarning kashandaligi ko’krak saratoni kabi xastalikning ko’payishiga olib kelayotgan omillardan.

“Qishloqlarda, rayonlarda asosiy chekadiganlar erkaklar. Endi esa shaharlarda borgan sari ayollar ichida chekuvchilar ko’payib ketayapti. Oldin narkomaniya tarqalgan bo’lsa, tabakomaniya degan narsa ham tarqaldi hozir. Shuni chekmasa, og’ir ahvolga tushib qolayotganday bo’ladi.

Rak, masalan, oshqozon, ichakda bo’lishi mumkin, tilda bo’lishi mumkin, bachadonda bo’lishi mumkin ayollarda, ko’krak bezida bo’lishi mumkin. Mana hozirgi oxirgi paytda O’zbekistonda ham ayollar ko’krak bezining raki ko’paygan. Sababi nima? Sabab ko’proq o’sha chekuvchilar o’rtasida”, - deb hisoblaydi akademik A. Ubaydullayev.

Keyingi paytlar ayniqsa voyaga yetmaganlar orasida chekishga ruju qo’yish ko’payib bormoqda. Bunga yoshlarning kattalarga taqlid qilishi, ko’chalarda hamda televideniye orqali namoyish qilinayotgan turli reklamalar sabab qilib ko’rsatiladi.

“O’zbekistonda chekuvchilar ko’proq yoshlarning ichida. Qizlarimizning ichida ham bor. Mening shogirdlarimdan bittasi shunaqa tekshirish o’tkazdi, maktablarda 4-sinfdan 10-sinf bolalarining o’rtasida o’tkazishdi.

To’g’ridan-to’g’ri muloqotda bo’lib, “sen chekasanmi?” desa , deyarli 97 foiz bola, qizlarimiz hammasi “chekmayman” deydi. Lekin anonim savollar bor, qo’liga beriladi-da, to’ldiradi, familiya yozilmaydi. Shunda 17-18 foizgacha bolalarimiz, qizlarimiz chekishi ma’lum bo’ldi.

Maktablarda bolalarning ichida 17-18 foiz bo’lsa, qiz bolalarning ichida 3-5 foiz chekadigan chiqdi. Endi bu xavfli narsa. Maktab yoshidagi bolalar agar institutga o’tgandan keyin, yoki boshqa ish faoliyatini boshlaganda, demak, chekish undan battar ko’payadi. Demak, kasalliklarning kelib chiqishiga yo’l ochiladi”, - deydi akademik Abdulla Ubaydullayev.

Ayrim o’zbekistonliklar esa yoshlarning kashandalikka berilish holatlarini turlicha izohlashadi:

“6-7-sinflarni ko’rsam, qizlar bemalol o’tirib, shu maktabning hovlisida chekib o’tirishadi. Endi men shunda hayron bo’laman-ki, nega maktab territoriyasida chekayotganda o’qituvchilar ham, hech kim bu narsaga ahamiyat bermaydi. Yoshlar o’zicha “kulturniy bizlar, saviyali biz, shuni cheksak juda zo’r bo’ladi” deyishadi-da, lekin o’zini halok qilib qo’yishadi”.

“Ko’pincha otaning chekishi bu albatta bolalariga ham o’tadi. Ya’ni buni odatiy hol qilib, bolalar shundan o’rnak olganday bo’ladi. Ikkinchi tomondan bo’lsa, bu bolalarning qarovsiz qolishi ota-ona tomonidan o’z holiga tashlab qo’yilishi aynan shu sabablarni keltirib chiqaryapti”.

“Chekishni to’xtatadigan qandaydir harakat ko’rinmaydi. Misol uchun, chet ellarni oladigan bo’lsak, spirtli ichimliklar yoki bo’lmasa sigaretlar ma’lum bir yoshda chegaralangan. Menimcha, ba’zi bir shunaqa harakatlar qilinsa ham bolalarning balki cekishdan uzoqlashishiga ancha ta’sir qilsa kerak, deyman O’zbekistonda ham”.

Biroq mutaxassislar fikricha, kashanda o’zi va yaqinlari sog’ligi haqida qayg’urmas ekan, o’nlab tadbirlar ham natijasiz qolaveradi.

XS
SM
MD
LG