Bushdan Putinga nisbatan qattiqqo'l siyosat kutilmoqda


AQSh senatorlari Bush ma’muriyatidan prezident Putin boshchiligidagi Rossiya hukumatiga nisbatan qattiqroq turishni talab qilmoqda.

Ular nazarida Putin ma’muriyati inson huquqlarini cheklab, xalqaro hamjamiyatni tashvishlantirmoqda.

AQSh senatorlarining bu talabi ayniqsa yaqinda radioaktiv modda bilan zaharlangan KGB sobiq agentining o’limidan so’ng kuchaygan.

Britaniyada radioaktiv moddadan zaharlangan sobiq rus razvedkachisi, Aleksandr Litvenenkoning o’limi yuzasidan tergov davom etrmoqda. O’limidan oldin Litvenenko Rossiya rahbari Putinga ishora qilib, unga qarshi chiqqani uchun zaharlanganini aytgan edi. Kreml bu ayblovlarni rad etadi.

Demokrat senator Josef Bayden Putin hukumati bu ishga aralashganmi yo’qmi, noto’g’ri yo’nalishda ketmoqda, deydi.

“Putinning bunda qo’li bormi bilmayman, biroq Rossiya bilan avvaldan boshlab aloqalarni oydinlashtirish zarur. Putin o’z hokimiyatini mustahkamlab oligarxiya tomon yo’l olmoqda”, - deydi AQSh senatori.

Bayden Rossiyani Katta Sakkizlikdan chiqarib yuborilishiga qarshi, biroq Putin hozirgi siyosatini davom ettirsa, Rossiya a’zoligini ko’rib chiqish kerak, deydi.

Prezident Bush Rossiya prezidentini o’zining hamfikri deb bilsada, uning partiyadoshlari Putinga nisbatan qattiqqo’lroq bo’lishga chaqirmoqda. Bush Putinga ishonib adashadi, deydi respublikachi senator Lindzi Grexam.

“Putin Rossiyani orqaga sudramoqda. U xalqaro muammolarga biror yechim taklif etmayapti. Eron borasida agar xohlasa, yordam berishi mumkin. Rossiyada diktatura kuchayar ekan, Bush unga nisbatan qattiqqo’l turishi lozim”, - deydi respublikachi qonun chiqaruvchi.

Britaniya Ichki ishlar vaziri Jon Rid hozirda Bryusselda. Bir qator masalalar doirasida, Yevropa Kengashidagi hamkasblari bilan sobiq rus razvedkachisi o’limi sabablarini ham muhokama qilishi kutilmoqda.

AQSh Davlat kotibi muovini Nikolas Byorns esa Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti yig’ilishida soz’lab, Rossiyani Moldova va Gruziyada bo’lginchi kuchlarni moliyalamaslikka chaqirdi.

AQSh nazarida bu yo’l bilan Rossiya har ikki davlatni beqarorlashtirmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa AQSh tanqidini rad etib, Ga’rb sobiq Sovet davlatlaridagi muammolarga o’z siyosiy yechimlarini taklif qilishni bas qilsin, dedi.

XS
SM
MD
LG