Yosh o'zbekistonliklar uchun AQShda o'qish imkoniyati


AQShning O’zbekistondagi elchixonasi o’rta maktab o’quvchilariga Amerikada bir yil tahsil olish imkoniyatini beruvchi dastur e’lon qildi.

O’zbekistonda deyarli har bir ota-ona farzandining chet-eldagi nufuzli o’rta va oliy ta’lim maskanlarida bilim olishini istaydi. Buning sabablaridan biri - mamlakatda mavjud ta’lim tizimiga ishonchning yo’qolganligi.

“Hozirgi kunda yoshlarning ta’lim sohasidagi imkoniyati judayam cheklangan. Sabab? Birinchidan, O’zbekiston korrupsiyasining ta’lim sohasiga bevosita aralashib qolayotganligi, ikkinchisi yoshlarning ta’lim tizimiga bo’lgan ishonchining yo’qolganligi”,- deydi bir o'zbekistonlik.

“Domlalarning hammasi poraxo’r. Agar misol uchun, bitta fandan baho olish uchun 5 ming, 10 ming, 20 minggacha pul talab qiladi. Ularga studentlar qayerdan pul topib beradi. Oylik 20 mingu, kontrakt to’lash kerak 500-400 minglab. Unga qayerdan pul topadi, qiyin ahvol-ku hozir O’zbekistonda. Keyin har sessiyada yana borib har bitta fanga 10 mingdan bersa, 10 ta fan bo’lsa, 60 ming pul bo’ladi. Bularni mundoq davlatimiz o’ylab ko’rishini iltimos qilamiz bizlar”,- deya bildiradi fuqarolardan biri.

O’z hisobidan nafaqat xorijda, balki o’z yurtida o’qishga hammaning ham qurbi yetmaydi.

Ana shunday paytlarda turli xil xalqaro ta’lim dasturlari juda qo’l keladi. Iqtidorli, bilimli, biroq moliyaviy jihatdan qiynalgan yoshlar dasturda qatnashib, chet-elda bepul ta’lim olish imkoniyatini qo’lga kiritadi.

AQShning O’zbekistondagi elchixonasi yaqinda ana shunday dasturlardan biri – Yoshlar almashinuv dasturini e’lon qildi. Unga ko’ra, O’zbekistondagi o’rta maktab o’quvchilari 2007-2008 o’quv yilida AQShda yashab, ta’lim olishi mumkin. Ilk bor amalga oshirilayotgan Yoshlar almashinuv dasturi AQSh hukumati tomonidan moliyalanadi.

Tanlov shartlariga ko’ra, ishtirokchi 9 yoki 10-sinfda, yoki bo’lmasa, litsey-kollejning birinchi bosqichida o’qishi lozim. Hujjatlar 15 dekabrga qadar qabul qilinadi.

Dastur haqida batafsil ma’lumotni www.amerikaovozi.com , www.russnet.org yoki www.usembassy.uz saytidan olish mumkin.

Uzoq yillar davomida O’zbekistonda bu xildagi dasturlar ACCELS, ya’ni Xalqaro Ta’lim bo'yicha Amerika kengashlari kabi tashkilotlar tomonidan yuritilar edi.

2006 yilning bahorida Toshkent shahar sudi qarori bilan ACCELS O’zbekistondagi idorasini yopishga majbur bo’ldi.

Adliya vazirligi ACCELSni o’z nizomidan chetga chiqqanlikda va O’zbekiston yoshlarini hukumat ruxsatisiz AQShga jo’natganlikda ayblagan.

ACCELS tashkiloti haligacha mazkur ayblovni inkor etadi. Tashkilot vitse-prezidenti Devid Petton:

"AQSh-O’zbekiston aloqalari yomonlashar ekan, siyosiy tashkilotlarga oshayotgan bosim bizga kelmaydi, biz ta’lim sohasida ishlaymiz, bizni tinch qo’yishadi, deb o’ylagan edik. O’zbekiston hukumatining o’zi ham 1990- yillarda yoshlarni G’arbda o’qitish katta sarmoya ekanini ta’kidlab, Umid kabi dasturlarni boshlagan va moliyalagan edi. Biz bu dasturni unga yuritib bergan edik. Hukumat 500 ga yaqin o’zbekistonlik talabalarning chet-elda bilim olishi uchun ancha mablag’ ajratgan edi. Shunday ekan, hukumatning G’arb yoshlarni buzadi, degan fikri uzoqqa bormaydi. Biz O’zbekiston Adliya vazirligi qo’ygan ayblarni rad etamiz",- deya tushuntiradi ACCELS vakili.

Hozir aksariyat o’zbekistonlik yoshlar mustaqil ravishda AQShga borib ta’lim olish yo’llarini izlamoqda. Buning eng keng tarqalgan usuli – internet. Global tarmoq yordamida iqtidorli va bilimga chanqoq yoshlar xorij oliy o’quv yurtlarida grant asosida tahsil olish imkoniyatiga ega.

XS
SM
MD
LG