O'zbekistonda ko'pchilik hayotdan rozi, so'rov natijasi haqiqatmi?


“Ijtimoiy fikr” tadqiqot markazi o’tkazgan so’rov ishtirokchilarining 90 foizi O`zbekistondagi islohotlardan rozi ekanini ma’lum qildi. Ular nazarida O’zbekistonning chet-eldagi obro’si kun sayin oshib bormoqda.

“Ijtimoiy fikr” markazi direktori o`rinbosari Marat Xojimuhamedov fikriga ko`ra, O`zbekiston konstitutsiyasining 14 yilligi munosbati bilan o`tkazilgan so`rovda qatnashganlarning 67 foizi qishloq aholisi. Ularning qariyb 90 foizi Konstitutsiyaviy huquqlar ta`minlanayotganidan qoniqish hosil qilgan.

Xo`jimuhamedovning aytishicha, so`rovda respublika bo`yicha 1,5 mingdan oshiq kishi tasodifiy tanlov asosida qatnashgan, so`rovlar ishtirokchilarning uylarida otkazilgan.

“Bizning tadqiqotlarimizga ko`ra, aholining 90 foizi muntazam ravishda O`zbekiston televideniyesining “Axborot” dasturini ko`rib boradi. Shuning uchun ham ularning javoblari mantiqli”, - deydi Xo`jimuhamedov.

So`rovga ko`ra, ishtirokchilarning 90 foizi mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlardan rozi.

“Biz “Respublikamizda olib borilayotgan islohotlardan qoniqasizmi, davlatimiz rahbari boshchiligida huquqiy, iqtisodiy, tashqi siyosiy islohotlarga munosabatingiz qanday?” degan savollar bilan murojaat qilganmiz”, - deydi “Ijtimoy fikr” markazi vakili.

Mustaqil kuzatuvchilardan biri “Ijtimoiy fikr” markazining tadqiqotlari hukumat buyurtmasi asosida amalga oshirilgan va so`rovlarda faqat hukumat a`zolari ishtirok etgan bo`lishi mumkin deb hisoblaydi.

Huquq himoyachisi A`zam Turg'unov nazarida “Ijtimoiy fikr” tadqiqotlarining xulosalari haqiqatdan juda uzoq.

“O`zbekistondagi hayotni, Konstitutsiyaviy huquqlar ta’minlanayotganini televideniyeda qanchalik bezab ko`rsatishmasin, baribir amalda hayot boshqacha ekani ayon bo’lmoqda”.

A`zam Turg`unov Konstitutsiyaning 39-moddasini misol tariqasida keltiradi. Bu moddaga ko`ra, mamlakatdagi nafaqa, ijtimoiy va eng kam maosh miqdori bir oylik iste`mol korzinasidan kam bo`lmasligi kerak.

“Lekin biz 15 yildan buyon mustaqilmiz, buyuk kelajak sari qadam tashlayapmiz, “projitochniy minimum” nima ekanini hech kim bilmaydi, bu boradagi qonun u yoqda tursin. Lekin eng kam ish haqi, nafaqa miqdorlari belgilab qo`yilayapti.

Bu Konstitutsiyani ishlayotganidan darak beradimi, yoki o`lib yotganidan… Bu o`lik holatdagi konstitutsiya”, - deydi Turg`unov.

Uning ta’biricha, konstitutsiya amalda ishlaganda, 15 yildan buyon 39-modda haqida eslanar edi, narxlar nimaga asosan belgilanayotgani izohlanar edi, nega aholi kommunal xizmatlardan qarz bo`lib kelayotgani haqidagi savollarga javob topilar edi.

A`zam Turg`unov so`nggi paytda O`zbekistonda bo`lgan norozilik namoyishlari aholining O`zbekistondagi ijtimoiy vaziyatga munosabatini yaqqol ko`rsatgan deb hisoblaydi.

“Bu odamlarni hech kim ko`chaga majburlab, olib chiqmagan yoki muxolifat vakillari borib undamagan. Ularning o`zlari hukumatga nisbatan norozil bildirib chiqishdi, bu odamlarning hammasi bugungi hayotidan, hukumatdan norozi”, - deydi Turg`unov.

“Ijtimoiy fikr” markazi o’tkazgan so’rov natijalari e`lon qilinishidan biroz avval Toshkent viloyatining Cihnoz tumanida norozilik namoyishi bo`lib o`tgan. Yaqinda esa Qoraqalpog`istonning Xo`jayli tumanida aholining chiqishi, ko`chada qatnovning berkitib qo`ilishi kuzatilgan.

Xo`jaylida namoyishga chiqqan aholi gaz ta’minotini yaxshilashni talab qilgan. Qish mavsumida aholining gazsiz qolishi nafaqat Qoraqalpog`iston, balki respublikaning barcha viloyatlariga tegishli ahvol.

“Masalan nafaqalarni tarqatayotganda yonida “raygaz”dan va “svet”dan kassir yuradi, gaz yo’q lekin pulni to`la deydi. Gazni yoqadida, mana gaz bor pulini to`la deydi, gaz pulini to`lganingizdan keyin uch kun yonadi, shu bilan gazni boshqa mahallaga o`tkazib u yerdan pulni yi`gishni boshlashadi.

Odamlar g`o`zapoya yoqayapti, daraxtlarni kesib yoqayapti. O`tin qimmat, bir moshini yuz ming so`m, oylik 25-50 ming so`m bo`lsa, hamma ham ololmaydi, faqat kim taksichilik qilayotgan bo`lsa, bir-ikki so`m topish mumkin”, - deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.

O`zbekistonda mavjud fikrga ko`ra, hozir asosiy muammo ishsizlik. Erkaklarning tirikchilik uchun mamlakatdan chiqib ketishi turli muammolar tug`dimoqda. Turmush tashvishlari asosan ayollar zimmasida qolmoqda.

Kuzatuvchilar ta`kidlashicha, “Ijtimoy fikr” tomonidan o`tkazilgan tadqiqotlar hukumat bildirgan munosabatga asoslangan bo`lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG