Eron va Suriya bilan murosa AQShga qimmatga tushishi mumkin


Iroqdagi vaziyatni o’rgangan guruh AQSh hukumatiga Iroqqa qo’shni davlatlardan yordam so'rashni tavsiya etmoqda.

Biroq AQShning terror rahnamolari deb hisoblovchi Eron va Suriya bilan muzokaraga kirishi mushkul masala. Mutaxassislar nazarida aynan shu kabi muzokara bilangina Iroqni barqarorlashtirish mumkin.

Ammo bu harakatlar AQShga qimmatga tushadi, deydi sobiq davlat kotibi Kollin Pauelga maslahatchi bo’lgan Larri Uilkerson.

“Maslahatlarga avvalroq quloq tutib, muzokara boshlaganimizda osonroq kechardi. Hozir esa vaziyat ancha tarang. Eron va Suriya bilan bir davrada muloqot qilish AQSh tashqi siyosatiga putur degani. Ularning shartlariga ko’nishga hech qaysi AQSh prezidenti rozi bo’lmasa kerak”, - deydi janob Uilkerson.

Britaniya Bosh vaziri Toni Bleyer bilan o’tgan matbuot anjumanida, AQSh rahbari Jorj Bush, Eron va Suriya o’z fe’l-atvorini o’zgartirmas ekan, ular bilan muzokara qilmaymiz, dedi.

Biz bilan Iroq masalasida gaplashmoqchi bo’lgan hukumatlar terrorizmni quvvatlamasligi, ma’suliyatli bo’lishi kerak. Agar Suriya va Eron bunga ko’nmasa, unda muzokaralar haqida gapirishning hojati ham yo’q”, - dedi AQSh prezidenti.

Britaniya Bosh vaziri Toni Bleyr fikricha, mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun Iroq hukumatini qo’llab quvvatlash maqsadga muvofiq.

“Iroqning ayrim qismlarida jangarilarning faoliyatini qo’shni davlatlar, jumladan Eron moliyalamoqda”, - deydi janob Bler.

Ba’zi tahlilchilar nazarida, Eron uning atom dasturiga yon berilsagina Iroqqa yordam berishga rozi bo’lishi mumkin.

Eron bo’yicha mutaxassis, AQSh Davlat Xavfsizlik Kengashi sobiq xodimi Gari Sik fikricha, Ahmadinejod ma’muriyati muzokaralarga tayyor emas.

“Ular AQSh askarlarini qo’shni davlatdan chiqarmoqchi xolos. Harbiylarimiz Iroqda ekan Eronning biz bilan biror kelishuvga kelishi amrimahol. Bu esa kalta o’ylangan siyosat, sabab Eron hukumati qo’shinlar Iroqdan chiqib ketgach u yerda qanday ofat boshlanishini tassavur ham qilmayaptilar”, - deydi diplomat.

Suriya esa muzokaralar evaziga, Isroildan Golan tepaliklarni qaytarishni so’rashi mumkin, deydi Jorj Vashington Universiteti professori Murhaf Joujati.

“Suriya bekordan bekor harakat qilmaydi. AQSh oldiga qo’yadigan shartlaridan biri, Livanga qaytish hamda Isroil bilan tinchlik muzokarlarini boshlash. Bu esa albatta Golan tepaliklarini yana Suriya tasarrufiga o’tkazish degani”, - deydi olim.

Isroil uchun ham bu juda qimmat kelishuv. Bosh vazir Yahud Olmertning yaqinda bergan intervyusida, u Suriya bilan muzokara qilish ishtiyoqida emasligini aytgan. Uning aytishicha, Iroqni o’rganish guruhi bergan xulosa, ya’ni Arab-Isroil mojarosiga yechim topish va Iroqni barqarorlashtirish – ikki alohida masala.

“Menimcha, prezident Bushning hisobot bilan tanishib, mavjud muammolarning boshqa yechimlarini izlashga kirishgani juda ijobiy hol. Albatta vaziyatni oson hal qilib bo’lmaydi. Hisobot ustida ishlagan tajribali mutaxassislar taklifi e’tiborsiz qolmaydi deb umid qilaman”, - deydi o’za vakolatlarini topshirayotgan BMT Bosh kotibi Kofi Annan.

Iroqdagi ahvolni bir oy davomida o’rgangan Beyker-Gamilton komissiyasi ish jarayonida BMT Bosh kotibi bilan maslahat-suhbat o’tkazgan.

Kofi Annanning aytishicha, u guruhga Suriya va Eronni jalb qilishni taklif qilgan. Mutaxassislar Annandan Bushni Damashq va Tehron rahbarlari bilan muzokara o’tkazishga ko’ndirishni so’ragan.

XS
SM
MD
LG