AQSh askarlari diplomatik daxlsizlik huquqidan ayrilishi mumkin


Qirg’iziston rasmiy idoralari va siyosiy partiyalari Bishkekdagi AQSh harbiy bazasi xizmatchilarini daxlsizlik huquqidan mahrum qilishni talab qilmoqdalar.

Ayni talab 6 dekabr kuni Bishkek yaqinidagi “Manas” aeroportida AQSh bazasi harbiysi Zakari Xetfild 42 yoshli Qirg’iziston fuqarosi Aleksandr Ivanovni otib qo’ygandan keyin yangray boshlagan.

AQSh harbiy bazasi tarqatgan bayonotda aytilishicha, 6 dekabr kuni harbiy baza xizmatchisi Zakari Hetfil’d “Aircraft Petroleum” yoqilg’i quyish shirkatining haydovchisi Aleksandr Ivanovni otib qo’ygan. Ma’lum bo’lishicha, marhum haydovchi harbiy baza nazorat bekatida mashinasini har kungi tekshiruv uchun to’xtatib, o’zi kutish uchun chodirga kelib o’tirgan.

Amerikalik askar yaqinlashgach, haydovchi unga qo’lbola pichoq bilan tahdid qilgan. Amerikalik harbiy esa, qoidaga muvofiq, ikki marotaba haydovchining ko’kragiga qarata o’q uzgan.

Jabrlanuvchiga o’sha zahoti tibbiy yordam ko’rsatilgan, ammo haydovchi kasalxonada jon taslim qilgan. Ayni paytda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Mazkur hodisa Qirg’iziston rasmiy doiralari va jamoatchilikda amerikaliklarga qarshi kayfiyat uyg’otdi. Qirg’iziston prezidenti, mamlakat tashqi ishlar vazirligi, “Ota Makon”, Liberal-Progressiv partiyalari, Qirg’iziston nodavlat va notijorat tashkilotlari uyushmasi AQSh bazasi harbiylarini diplomatik daxlsizlik huquqidan mahrum qilishni talab qilmoqdalar.

AQSh va Qirg’iziston rasmiylari o’rtasidagi shartnomaga muvofiq, 2002 yilda Afg’onistondagi aksilterror amaliyotlarini qo’llash maqsadida Bishkek yaqinidagi “Manas” aeroportida joylashtirilgan amerikalik harbiylar diplomatik daxlsizlik huquqiga egadirlar. Shuningdek, amerikalik askarlar AQSh va Qirg’iziston o’rtasidagi bitimga binoan, Qirg’iziston hududida sodir etgan jinoyatlari uchun Xalqaro Jinoyat Sudi (Gaaga Tribunali) tomonidan mahkamaga tortilmaydi.

Qirg’iziston Tashqi Ishlar vazirligi hodisani izlohlash talabi bilan AQSh elchisi Mari Yovanovichga nota topshirgan. Notada amerikalik askar Zakari Hetfil’dni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish, shuningdek, tergov ochiq-oydin va xolis o’tishi uchun Zakari Hetfil’dning mamlakatdan chiqib ketmasligini ta’minlash so’ralgan.

Shuningdek, mamlakat tashqi ishlar vazirligi Qirg’iziston huquq-tartibot idoralari xodimlarini tergov uchun amerikalik askar Zakari Hetfil’d bilan uchrashtirishni ham talab qilgan.

AQSh elchisi Mari Yovanovich ayni masala yuzasidan prezident Qurmanbek Bakiyev qabulida bo’lgan. Prezident Tashqi Ishlar vazirligiga amerikalik harbiylarning daxlsizligini ta’minlovchi shartnomani qayta ko’rib chiqish uchun topshiriq bergan.

AQSh elchisi va Amerika harbiy bazasi xodimlari bo’lib o’tgan hodisa yuzasidan taassuf izhor qilganlar. Shuning barobarida, amerikalik diplomat agar Zakari Hetfil’d noqonuniy harakat qilgan bo’lsa, u harbiy tribunal tomonidan vatanida mahkamaga tortilishini aytgan.

XS
SM
MD
LG