Yozuvchi Mamadali Mahmudov amnistiyaga tushmadi


O’zbekiston Konstitutsiyasining 14 yilligi munosabati bilan respublika bo’ylab amnistiya e’lon qilingan. Mustaqil kuzatuvchilar fikricha, siyosiy mahbuslarning ba’zilari amnistiya arafasida qamoqxona ichki tartibini buzish bahonasi bilan amnistiyaga tushirilmagan.

Siyosiy mahbus, qamoqda 67 yoshini qarshilayotgan Mamadali Mahmudov, amnistiya arafasida qamoqxona ichki tartibini buzishda ayblanganlardan biri. Yozuvchining sog`lig`i yuzasidan jiddiy tashvish bildirilmoqda.

Muxolif qarashlari bilan tanilgan yozuvchi ikkinchi bor qamoq muddatini o`tamoqda. Bundan avval Mahmudovni giyohvand moddalari va noqonuniy tarzda qurol saqlash aybi bilan to`rt yilga ozodlikdan mahrum etilgan va muddatning ikki yilga yaqinini o`tab chiqqan edi.

Mamadali Mahmudov rasman bironta muxolif partiyaga a'zo bo`lmasada, kuzatuvchilar fikricha, u O`zbekistonda muxolif qarashlarni birlashtirishi mumkin bo`lgan shaxsdir.

Yozuvchi ikkinchi safar ekstremizm va konstitutsion tuzumni kuch bilan ag`darish aybi bilan 14 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Mamadali Mahmudov ayni damda muddatning sakkizinchi yilini qamoqda o`tamoqda. Yurak xastaligiga uchragan mahbus bu vaqt mobaynida u bir necha bor operatsiya qilingan.

Uchrashuv paytida yozuvchi turmish o`rtog'i Gulsar Mahmudovaga sog`lig`i, yurak og'rig`idan shikoyat qiladi.

“Hamma tomoni kasallangan. Dorilarni yetkazib turamiz, nafas olishi qiyinlashgan, dori tomizmasa nafas yo'llari ochilmasligi mumkin yoki uyquda shunday bo`lib qolishi mumkin. Yetmish yoshga yaqinlashgan odamda qanday sog'liq bo`lsin? Operatsiyadan keyin ham Sangorodda izolyatorga qamab qo`yishgan. Zonaga olib kelishgandan keyin ham ikki-uch marta 10 kundan izolyatorga yana qamab qo'yishgan. 12 dekabrda tug`ilgan kuni, [67 yoshga to'ladi] konstitutsiya munosabati bilan chiqarilgan amnistiya bo`yicha ozod etishlarini iltimos qilaman, bu yoshda qamoqda o`tirishning o`zi bo`lmaydi”, - deydi yozuvchining turmush o`rtog'i.

Mamadali Mahmudovga nibatan qo'yilgan ayblovlar boshqa muxolifat vakillari tomonidan mutlaqo asossiz, deb urg`ulanadi.

Tilshunos olim Baxtiyor Isabekka ko`ra, Mamadali Mahmudov qarashlari uchun qamoqda o`tiribdi.

“U erkin fikrlovchi odam. Turkiy dunyosining yaxlitligi uchun harakat asarlarida ham, so`zlarida ham ifoda etib turilardi. Mening nazarimda erkin va ochiq gapira oladigani uchun qamoqda. Bundan tashqari uning bir oz qaysarligi ham bor, ya'ni hamma narsaga "xo`p" deb ketavermas edi”, - deydi tilshunos olim.

Mamadali Mahmudov qamoqda ham ijod bilan shug'ullangan: “Muqanna” nomli tarixiy roman boshlagan, biroq bu asar tugallanmasdan muassasa nazoratchilari tomonidan tortib olingan.

Gulsar Mahmudovaga ko`ra, asar 555-betgacha yozilgani ma`lum. Asarining tortib olingandan keyingi taqdiri noaniq.

Huquq himoyachisi A`zam Turg`unovning aytishicha, muassasa rahbariyati arablarning Markaziy Osiyoga bostirib kirishi haqida yozilgan bu asardan ekstremistik g`oyalar qidirgan.

“Bu kitobni Mamadali Mahmudovdan 2005 yil Sangorodda yotganida olib qo'yishgan edi. Unga “Muqanna” dastlabki ishchi nomi qo`yilgan. Kitob qo`lyozma shaklida, nusxasi yoq. Shuning uchun bis GUINga ariza bilan bordik. O'sha paytda Shodiyev edi boshliq o`rinbosari. U "olib qo'yib to`g`ri qilishibdi, biz ekspertizaga beramiz, agar siyosatga qarshi biron gap topsak, Mahmudovga yana muddat qo`shib beramiz" dedi.

A`zam Turg`unovga ko`ra, keyinchalik kitob diniy qo`mitaga ekspertiza uchun berilgan va diniy qo`mita unda siyosatga qarshi hech narsa topa olmagan va kitob muassasaga qaytarilgan.

“Bu kitobni topish kerak, chunki bu yozuvchining mulki. Mamadali Mahmudovni o`zi esa yetmishga yaqinlashayotgan ziyoli, intellektual bir odam. Meni bilishimcha, hukumat bu odamdan yana qanaqadir xavf sezayotgan bo`lsa kerak, chunki jarima choralarini qo`llab yana uni amnistiya tegmaydigan holatga olib kelib qo`yibdi”, - deb takidlaydi A`zam Turg`unov.

Ta'kidlanayotgan fikrlarga ko`ra, Mamadali Mahmudov ziyoli yozuvchi sifatida o`z muxolif qarashlari uchun jazolanyapti va yozuvchi pozitsiyasi hukumatni hamon cho`chitib kelmoqda.

Mamadali Mahmudov o`z mustaqil qarashlari uchun qamoqda saqlanayotgan dunyo yozuvchilari qatoriga kiritilgan. U bir qator xalqaro tashkilotlar mukofoti bilan taqdirlangan.

Yozuvchi O`zbekiston qamoqxonalarida ashaddiy qiynoqlarni boshdan kechirgan kishilardan biri. Bundan uning bir necha yil avval e`lon qilingan ochiq xati ham guvohlik beradi. Unda yozilishicha, qiynoqlar, jumladan yozuvchining o`ziga nisbatan qo'llangan qiynoqlar ham, ayblanuvchining unga qo'yilgan aybga iqror bo'lmaguncha vahshiyona tarzda amalga oshiriladi.

XS
SM
MD
LG