Breaking News

BMT: Qashshoqlik inson huquqlariga doir muammo


10 dekabr – Xalqaro Inson Huquqlari Kuni.

1948 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi inson huquqlari deklaratsiyasini qabul qilgan edi. Bu yili BMT hukumatlarni qashshoqlikka va diskriminatsiya qarshi kurashishga chaqirmoqda.

BMT nazarida qashshoqlik inson huquqlari buzilishining ham sababi, ham natijasidir. Odatda, deydi tashkilot, yo’qsillarning huquqlari poymol etiladi, ular kamsiladi, ta’qib ostiga olinadi.

Jahon Bankidan olingan 2002 yil ma’lumotlariga ko’ra, O’zbekiston aholisining 28 foizi qashshoqlikda hayot kechiradi.

BMT Inson Huquqlari idorasi vakili Mak Derrovning aytishicha, oxirgi 10 yil mobaynida qashshoqlikka nafaqat iqtisodiy, balki inson huquqlari bilan bog’liq muammo deb qaralmoqda.

“Ta’lim ololmaslik, xavfsizlik yo’qligi, jamiyat hayotida qatnasha olmaslik – bularning hammasi qashshoqlikning bir ko’rinishi. Izlanishlar shundan dalolatki, fuqarolarni hatto mahalliy darajada qarorlar qabul qilishdan chetlatish, siyosiy, iqtisodiy imkoniyatlardan ayirish – qashshoqlik sababidir,” – deydi janob Derrov.

Tahlilchi Deyvid Bredlo fikricha, qashshoqlikka inson huquqlari masalasi deb qarash muhim. Hukumatlar qanday siyosat yuritayotgani, mamlakat byudjetini qanday taqsimlanayotgani haqida chuqurroq o’ylashi, fuqarolarni ta’lim, ish o’rinlari, sog’liqni saqlash tizimi bilan ta’minlashga javobgar ekanini tushunishi kerak, deydi mutaxassis.

Qashshoqlik va qatag’onlar, deydi janob Bredlo, zo’ravonlik va urushga yetaklaydi. Urush esa qashshoqlikni yanada kengaytiradi.

BMT ma’lumotlariga ko’ra, oxirgi 15 yil ichida dunyoning eng kambag’al davlatlarining 80 foizi katta urushlarni boshdan kechirgan. Zo’ravonlik tugagach ham, shu mamlakatlarning yarmida urush besh yil ichida qayta boshlangan.

Mutaxassislarning aytishicha, qashshoqlik chuqur ildiz otgan davlatlarda urush kelib chiqish ehtimoli ko’proq.

BMT hisobicha, bugungi kunda dunyo bo’ylab deyarli 3 milliard kishi kuniga 2 dollardan kam pulga yashaydi. Tashkilotga ko’ra, qashshoqlik har yerda mavjud, hatto rivojlangan davlatlarda ham, va undan ayollar eng ko’p aziyat chekadi.

Tadqiqotchi Maykl Shifterning aytishicha, muammoga yechim topish uchun, hukumatlar ijtimoiy va iqtisodiy masalalarga inson huquqlari nuqtai nazardan qarashi lozim.

XS
SM
MD
LG