Breaking News

AQSh SPIDga qarshi kurashda O'zbekiston bilan hamkorlikka tayyor


Toshkentda kuni kecha AQSh elchixonasida o`tgan tadbirda Amerikalik diplomat AQSh hukumati SPIDga qarshi kurashda O`zbekiston bilan hamkorlikka va moddiy ko`mak ko`rsatishga tayyorligini aytgan.

AQSning O`zbekistondagi elchixonasida o`tgan tadbir Xalqaro SPIDga qarshi kurash kuniga bag`ishlandi.Tadbirda “Ishonch va Hayot” nodavlat tashkilotining AQSh xalqaro rivojlanish agentligi ko`magida tayyorlagan ko`rgazmalari namoyish qilindi.

SPID kasalligi tufayli vafot etgan o`zbekistonliklar xotirlandi, ular hayotlik paytlarida ishlagan suratlari, vidolashuv so`zlari bitilgan va turli shakllarda ishlangan ijod namunalari namoyish etildi.

Tadbirda qatnashgan AQShning O`zbekistondagi elchisi Jon Purnel SPIDning dunyodagi xavfi haqida gapirdi.

Janob Purnel “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida ikki davlat SPIDga qarshi kurash bo`yicha qator hamkorlik ishlarini amalga oshirganini urg`ular ekan, bu boradagi vaziyat yuzasidan shunday mulohazlar bildiradi:

“Ko`p narsa odamning o`ziga bog’liq. O`zbekistonda ham bu muammoni professional ravishda yechadigan va bu borada juda ko’p ish qilayotgan kishilar bor. Shu bilan bir qatorda, bu yerda ham kasallik haqida hech narsa bilmaydiganlar bor. Menimcha bu holat dunyoning ko`plab mamlakatlarida kuzatiladi. Biz bu kasallik haqida imkon qadar ko`proq odamlar bilishi uchun qo`limizdan kelgan barcha ishni qilishimiz kerak”, - deydi Jon Purnel.

Janob elchining so’zlariga ko`ra, AQSh SPIDga qarshi kurashda O`zbekiston rasmiy idoralari, shuningdek, jamoatchilik bilan hamkorlikka, moddiy ko`mak ko`rsatishga tayyor:

“Biz keyingi qadamlarni muhokama qilishga tayyormiz. Sog`liqni saqlash vazirligi bilan aloqalarimiz yaqin. Ular bizning jiddiy hamkorlikka tayyor ekanligimizni bilishadi. Biz har doim, har qanday jiddiy taklifni muhokama qilishga tayyormiz”, - deydi AQShning O`zbekistondagi elchisi.

AQSh elchixonasida o`tgan tadbirda O`zbekistondagi SPIDga oid vaziyat, bu boradagi muammolarga to`xtab o`tildi. BMT vakolatxonasi vakili Olga Yanning aytishicha, O`zbekiston SPID kasalligi tarqalishi yuzasidan mintaqada yetakchi o`rinni band etadi.

O`zbekistonda SPID kasalligi birinchi bor 1987 yilda aniqlangan, hozirga kelib kasallanganlar soni bir necha ming barobarga ortgan.

BMTning SPIDga oid vaziyat yuzasidan biroz avval chiqargan hisobotida 2005 yil yakunlariga ko`ra, O`zbekistonda SPIDga chalinganlar soni 31 ming kishi atrofida ekani qayd etilgan.

Bu raqamlar keyinchalik O`zbekiston So`gliqni saqlash vazirligi tomonidan rad etildi. Vazirlik SPIDga chalinganlar 8 ming kishiga yaqin deb hisoblaydi.

Kuzatuvchilar nazarida SPIDga qarshi kurash O`zbekiston uchun eng dolzarb muammolardan biri. Bu kasallik tahlikasi kuchayishda davom etmoqda. Hukumatdan aniq choralarni talab qiladi.

Tadbirda bildirilgan ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistonda SPID yuqtirilishining asosiy vositasi - giyohvandlik, qon orqali o`tish bo`lib qolmoqda. O`zbekistonning Afg`onistondan kelayotgan giyohvand moddalar uchun tranzit mamlakat sifatida qolayotgani ham bunda muhum o`rin tutadi.

Ta’kidlangan ma`lumotlarga ko`ra, SPIDga qarshi kurash samaradorligi jamoatchilikni xabardor etish, targ`ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish bilan bo`gliq.

Ayniqsa, SPIDga chalinganlarga nisbatan jamoatchilik munosabatini to`g`ri shakllantirish, kasallarning jamiyatda o`rnini topishiga ko`maklashish, yosh bolalarni davolash, ularga qarash, parvarishlash alohida yechimini kutayotgan muammolar sifatida qayd etildi.

Elchixonada o`tgan tadbirda SPID tufayli hayotdan ko`z yumgan o`nlab kishilarning ism- shariflari o`qildi, xotirlandi. Ta`kidlanishicha, xotirlanganlar faqat ma`lum bo`lgan qurbonlar, ma`lum bo`lmaganlari esa bir necha barobar ko`proq.

XS
SM
MD
LG