Breaking News

O'zbekiston Yevropa bilan muzokaradan umidvor


Yevropa Ittifoqi ekspertlari O`zbekistonga tashrif buyurib, rasmiylar va faollar bilan uchrashmoqda. Andijon fojeasi haqida ma’lumotlar yig’ishga urinmoqda.

Biroq tashrif Andijon voqealari bo`yicha hozirgacha mavjud pozitsiyaga biror o`zgartirish kiritishi qiyin ekanligi ta’kidlanmoqda.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov fikricha Yevropa ekspertlarining ma’lumot olish imkoniyati cheklangan. Andijon ishi bo’yicha guvohlar yo`qotilgan.

“Ekspertlar kelgani bilan istagan odami bilan uchrasha olmaydi. Shuning uchun qaysidir haqiqat yuzaga chiqishi mumkin. Lekin Andijon voqeasi haqiqatini to`laligicha yuzaga chiqara olmaydi. Yevropa Ittifoqi ham, AQSh ham tashqaridan turib, O`zbekistondagi vaziyatni tubdan o`zgartira olmaydi. Shu bilan birga alohida holatlarda ayrim oilalarga yordami tegishi mumkin. Bu ham yaxshilik”, – deydi Oripov.

Jamiyatshunos Komron Aliyev nazarida tashrif Andijon fojeasi hali ham xalqaro jamoatchilik e`tiborida turgani va yangi faktlarni yuzaga keltirishi bilan muhum.

Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o`rtasidagi muloqotlar har ikki tomon manfaatlari asosida tiklanmoqda. Biroq bu jarayondagi asosiy muammo O`zbekistonda inson huquqlari salbiy ahvolda ekanidir.

“Albatta ular kelgach, O`zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish masalasi, O`zbekistonda muxolifatni rasman tan olish masalasi, gazetalarning mustaqillik darajasi, qiynoqlar mavjudligi masalasi bilan shug`ullanadiki, ularni ko`rgan-ko`rmagani O`zbekiston hukumati tan oladimi-yo`qmi, baribir ijobiy natija bo`ladi. Chunki mana shu masalalarga boshqa mamlakatlar ham qarab turibdi”, - deydi jamiyatshunos.

Ayrim kuzatuvchilar ta`kidlashicha, Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar bundan bir necha yillar avval O`zbekiston hukumatining AQSh bilan bo`lgan muzokaralarini eslatadi. Hukumat faqat va`dalar bilan yoki ayrim faollarni qamoqdan ozod etish bilan chegaralanishi mumkin.

Mustaqil jurnalist Ulug`bek Haydarovning qamoqdan ozod etilishi bevosita shu jarayonlar bilan bog’landi.

Lekin qamoqda o`tirgan huquq himoyachilari va muxolifat vakillariga nisbatan jazo choralarining kuchaytirilayotgani haqida ma`lumotlar bor.

Ayrim holatlarda jazo choralari bevosita huquq himoyachilariga emas, balki ularning yaqinlariga nisbatan qo`llanmoqda. Yaqinda e`lon qilingan umumiy avf bu mahbuslarning ko’plariga tegishli emasligi bildirilmoqda.

Jizzaxlik huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyevning aytishicha, uning bezorilikda ayblanib qamalgan o`g’li Ixtiyor Hamroyevga nisbatan amnistiya qo`llanilmasligi uning faoliyati bilan bo`gliq.

“Amnistiya chiqmasdan avval bitta jarima qo`yishgan go`yoki ichgan deb. Amnistiya chiqqandan keyin esa ikkinchisini. Qamoqxona boshli`g’i o`g`limga, senga amnistiyaga tushmaysan, ustingga ikkita jarima yozilgan, deb aytgan. Meni boshqa yo`lim qolmadi. O`g’limni chiqarish maqsadida viloyat hokimligi oldida piket o`tkazmoqchiman”.

Firibgarlikda ayblanib sakkiz yil qamoq jazosiga hukm qilingan huquq himoyachisi Mo`tabar Tojiboyevaning ukasi Rasul Tojiboyev ham xuddi shunday tazyiqlar sabab so`nggi chora sifatida O`zbekiston prezidenti devoni yonida piket qilish harakatida.

“Uch oydan buyon kirishga harakat qilamiz, bizga ham advokatiga ham ruxsat yo`q. Prezident devonidagilar, piket qilmanglar yordam beramiz, deb aytishdi. Lekin bunga ishonch yo`q. Ular faqat koptok qilib tepishayapti”, - deydi Tojiboyev.

Kuzatuvchilar fikricha Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o`rtasida boshlangan muzokaralar ayrim holatlarda natijalar berishi mumkin, biroq O`zbekistondagi vaziyatni tubdan o`zgartirish uchun imkoniyatlar yaratishi, jumladan O`zbekiston hukumatining bunday muzokaralarga borishi juda qiyin.

XS
SM
MD
LG