An'ana va zamon talabi o'rtasida muvozanat izlayotgan yoshlar


So’nggi yillarda O’bekistonda yoshlarni milliy an’analar ruhida tarbiyalashga e’tibor qaratilgan. O’zbek yoshlari oldida turgan katta muammolardan biri qadriyat sifatida talqin etilayotgan urf-odatlarni inkor etib, zamon talabiga mos yashashdir.

Keyingi paytlarda yoshlarni jamoatchilik fikriga quloq solishga, rahbarlar gapini ikki qilmaslikka, kattalar fikrini inkor etmaslikka undash odatlari kuchaygani kuzatiladi. Biroq ayrim ziyolilar va psixologlar fikricha, bu kabi tarbiya shaxsni emas, oson boshqariladigan olomonni yetishtiradi.

O’zbekistonda mustaqillik yillarida yoshlarni milliy an’analar ruhida tarbiyalashga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda ota-onaga itoat qilib, o’zidan kattalarga bo’ysunib yashashni milliy qadriyat sifatida taqdim etish kuchaygan.

Ayniqsa, ommaviy axborot vositalarida, maktablardagi “Odobnoma”, o’rta maxsus va oliy o’quv yurtlaridagi “Ma’naviyat” darslarida ham bunday talqin juda kuchli. So’nggi paytlarda qadriyat tushunchasiga istagan urf-an’anani zo’rlab kiritish hodisasi kuzatilmoqda.

Milliy urf-odatlarni qadriyat sifatida ulug’lab, hayotga joriy etishga, uni saqlab qolishga urinish mana shu jarayonning bir ko’rinishidir. Biroq bu kabi holatlar yoshlarni taraqqiyotga emas, mahdudlikka boshlaydi, degan fikrlar ham yo’q emas. Ziyolilardan biri shunday deydi:

“Menimcha, taraqqiyot jarayonida milliy urf-odatlarning ayrimlari o’z-o’zidan eskirib, yo’qolib ketishi kerak. Va, eftimol, ularning o’rniga yangilari paydo bo’lishini ham tabiiy jarayon sifatida qabul qilish kerak. Ayniqsa, juda eskirib ketgan va mohiyat-ma’no jihatdan bugungi kun talabiga javob bermaydigan milliy urf-odatlarni qadriyat sifatida mahkam ushlab olib, ularga yopishib olish – bu millatning taraqqiyoti uchun, ayniqsa, yoshlarning taraqqiyoti uchun, ma’naviyati uchun xizmat qilmaydi".

Uning nazarida bu hol, aksincha, yoshlarni mahdudlikka olib keladi, bir xil fikrlashga olib keladi. An’anaviy qadriyatlarga suyanilsa, shu urf-odatlar doirasida qolib ketish kerak.

"Bu, ayniqsa, qizlarning uy bekasi bo’lib qolishiga ko’proq rag’bat bildirilishi, yigitlarning aytaylik, ota-onasining chizig’idan chiqmay xizmat qilishiga, doim ota-onasi xizmatida bo’lishiga da’vat qilishlar ham, mening nazarimda",- deydi ziyoli, "bugungi kun zamon talabida juda mahkam yopishib oladigan darajada chuqur qadriyatlar emas."

Amerika universitetlaridan birida tahsil olgan Dilnora Azimova o’zbek urf-odatlari unga yaqinroq ekanini aytadi. Uning fikricha, o’zbekona qadriyatlarga suyanmaslik, o’zlikdan tonishday gap ekan:

“Sababi shuki, chet elda o’qish menga O’zbekistonga boshqa bir munosabatda bo’lishni, ya’ni Vatanga sodiqlik tuyg’usini oshirdi, desam adashmayman. Sababi, O’zbekistonda bo’lib hali o’zbekchilik qanchalik boshqacharoq, qanchalik qiziqroq va o’ziga xosligini tushunolmaysiz".

Lekin chet elga chiqqaningizdan keyin, deydi Dilnora, mana shu urf-odatning o’zga chiroyi borligini va takrorlanmasligini tushunasiz. Ular o’ziga xosligi, shu bilan birga qiziqarliligi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, uning fikriga ko'ra, G’arb an’anasidan o’zimizni olib qocholmaymiz, buni xohlaysizmi-xohlamaysizmi.

"Lekin men o’ylaymanki, talabalar va yoshlar xohlasa, diskotekaga borishi mumkin, bo’sh vaqtlarida, masalan, bilyard o’ynashi mumkin, yoki boshqa bir narsalar bilan shug’ullanishi mumkin. Aytmoqchimanki, chet el urf-odatlari kirib kelsa ham, yoshlar shu bilan shug’ullansa ham, lekin o’zbekchiligimizni yo’qotmasligimiz kerak, deb o’ylayman”.

Dilnoraga ko’ra, yosh bolaga ham shaxs sifatida qarash odati o’zbek jamiyatida uchramaydi. Bugungi yoshlar orasida zamonaviy turmush tarzini yoqlovchilar qator muammolarga ham duch kelishadi. Bu o’rinda mahalla-ko’y, jamoatchilik fikri yuqori turishi ham aytiladi.

O’zbek yoshlari oldida turgan katta muammolardan biri – qadriyat sifatida talqin etilayotgan urf-odatlarni inkor etib, zamon talabiga mos yashashni bilish muammosidir. Bugungi o’zbek jamiyatiga an’anaviy ruhda tarbiya olgan yoshlar ko’proq kerak ko’rinadi. Ba’zi ziyolilar va psixologlar bunday tarbiya shaxsni emas, itoatdagi olomonni yetishtirib beradi, degan fikrda.

“G’arb ta’lim tizimi, qadriyatlari Shaxsni tarbiyalashga qaratilgan bo’lsa, Sharqda bu ta’lim-tarbiya tizimi asosida, ayniqsa, yoshlarni tarbiyalashda ko’proq omma fikriga, jamoatchilik fikriga quloq solishga undash ko’proq seziladi. Natijada Sharqda Shaxs emas, aytaylik, olomonni tarbiyalashga moyillik kuchliroq bo’ladi".

"Aytaylik, yoshlarga bolaligidan boshlab miyasiga singdirilgan “kattaning aytganini qilgin, uning gapidan chetga og’ishma, ayniqsa, rahbarlarning gapini ikkita qilma, ota-onaning gapini qonun sifatida qabul qilish kerak” degan tushunchalar bora-bora yoshlarning miyasiga shu qadar o’rnashib qoladiki",- deydi ziyolilardan biri, "bu qolipdan chiqish unchalik oson kechmaydi, albatta".

"Hamisha taraqqiyotning negizida mustaqillikka intilib yashash, mustaqil insonning falsafasi yotadi, albatta. Urf-odatlarni qadriyat sifatida talqin qilib, zo’rlab yoshlarning ongiga tiqishtirishga urinish va bunga qisman erishish o’zbek yoshlari orasida Shaxslarni kamaytirishga olib keladi. Shaxsi yo’q yoshlar esa olomonning bir qismiga aylanishadi. Olomonni albatta boshqarish oson, olomonga o’zining fikrini o’tkazish oson. Shaxslar bilan esa bunday muomala qilib bo’lmaydi”, - deydi ziyolilardan biri.

Ba’zilarga ko’ra, an’anaviy ruhdagi tarbiya yoshlar tafakkuriga salbiy ta’sir etishi mumkin emas. O’zbeklarning dunyoga mashhur mutafakkirlari ham ana shu qadriyatlar asosida tarbiya topganlarini unutmaslik lozim, deydi talaba yigit.

“Men bugungi o’zbek jamiyatida an’anaviy ruhda tarbiya olgan yoshlar keyinchalik itoatdagi olomon bo’lib yetishadi, degan fikrga qo’shilmayman. Agar shunday bo’lganda, Buxoriy, Motrudiy hazratlari, Yassaviy hazratlari, Samarqandiy va mana shunaqa ziyolilarimiz, yana minglab Sharq ma’naviyatining nuri hisoblangan odamlar yetishib chiqishi mumkinmidi O’zbekistondan?"

Ana shu odamlar, deydi talaba yigit, aynan mana shu an’anaviy ruhdagi tarbiyada voyaga yetgan odamlar.

"Lekin ana shu odamlar Payg’ambarimiz Hadislarini yoqlagan holda zolim podsho yuziga haqiqatni ayta oladigan bo’lishgan. Nohaq qozilarga nisbatan isyon qilib chiqa olishgan. Hamma payt, hamma jamiyatlarda ham yoshlar eng inqilobchi ruhdagi kuch hisoblanadi. Nima uchun keyingi paytda o’zgardi? Keyingi paytda bolalar an’anaviy ruhdagi tarbiyadan uzoqlashtirildi”.

Ayrimlar O’zbekistonda shaxs emas, jamoatchilik fikri muhimroqligini ta’kidlashadi. Bu esa yoshlarning o’z fikrini emas, kattalarga yoqadigan mulohazalar bildirishga, ko’pchilikka ma’qul keladigan ishni qilishga undashini aytishadi:

“To’rtta bolani yig’ib so’rangchi, ular nima deyishadi. Majlisga olib chiqing to’rtta bolani, hammasi avtomatday mustaqilligimizni mustahkamlashimiz kerakligi haqida gapirishadi. O’zlari bilan o’tirib dildan gapiringchi. Hech narsa kerak emas. Ularning ko’zida nur qolmagan, ularda mutlaqo romantika qolmagan".

Ayrimlar ta'biricha mustaqillik zombilarni tarbiyalab berdi. Ular shunaqa insonlar bo’layaptiki, deb hisoblaydi ular, ularga faqat “tanka” kerak.

"O’qishga kirish uchun “tanka” kerak, pul kerak, ishga kirish uchun “tanka”ng kerak, pul kerak. Hech narsa kerak emas ularga. Nahotki bizning yoshlarimiz hayoti mazmuniga “tanka” bilan pul aylanib qoldi. Yoshlar bilan gaplashing, ular boshqacha o’ylolmayapti. Bitta avlodni qurbon qilib qo’ydik biz".

Eng dahshati shuki, deydi ziyolilar, bizning hamyonimiz bilan ko’nglimiz bir xil tempda bo’shayapti.

"Ko’nglimiz ham qashshoqlashyapti, hamyonlarimiz ham. Juda parallel ketyapti bu narsa. Bu turgan gap, iqtisodiy qiyinchilikning oqibatlari mana shunaqa bo’ladi”.

Ba’zilar esa, bugun o’zbek yoshlari zamonaviy tarzda, o’z xohishlariga ko’ra yashashlari mushkulligini, jamiyatdagi cheklashlaru tazyiqlar yoshlar tafakkuri va dunyoqarashiga salbiy ta’sir etishi mumkinligini urg’ulashadi.

XS
SM
MD
LG