Inson huquqlarini poymol etish O'zbekistonda odatiy hol


O’zbekistonda inson huquqlari borasidagi vaziyat hamon dolzarbligicha qolmoqda. Ayrim o’zbekistonliklar fikricha, ayni paytda mamlakatda demokratik davlat hisoblanib kelingan Amerika va xalqaro jamoatchilik yordamiga muhtojlik seziladi.

"Amerika va boshqa mamlakatlar mamlakatimizda demokratik tizimni yaratishda yordam bera oladilar. Bu harakatlarni ijobiy qabul qilish kerak. Lekin ba’zi holda “bu bizning ichki ishimizga aralashuv” degan gaplar, qarashlar noto’g’ri va totalitar, aksdemokratik tizimlarga mos”,- deydi o’zini Mirsodiq deb tanishtirgan fuqaro.

O’zbekistonda inson huquqlari ayanchli ahvolda, deb hisoblaydi inson huquqlari himoyachisi A’zam Turg’unov. Biroq bu vaziyatni o’zgartirish xalqning o’ziga ham bog’liq, deydi u.

“Men ularga qurol olinglar, yoki u bu deb da’vat qilmayapman. Faqat qo’lingga kitob olgin-da, o’zingning haq-huquqingni bilgin, joyida talab qilgin. Bir marta qaytaradi, ikki marta qaytaradi, o’ntasini olib borib qamab qo’yadi, [26] million odamni oborib qamab qo’yolmaydi-yu. Lekin demokratik davlatlardan bo’lgan Amerika Qo’shma Shtatlarining yordami albatta kerak. Undan tashqari, jahon jamoatchiligi, BMTga o’xshagan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotlariga o’xshagan yoki Jahon Banki kabi tashkilotlarning yordami ham kerak. Lekin o’sha yoshligimda havas qilgan Amerikaga o’xshagan Amerika bo’lsa, masalan ikkiyuzlama siyosat emas, demokratik siyosat bo’lsa. Shu ko’rib turgan narsasini “ha, men ko’rdim” deya olsa o’shalar ham”.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, O’zbekistonda qamalganlar, hatto konstitutsion tuzumga tajovuz qilganlikda ayblangan mahbuslar uchun amnitsiya e’lon qilinayotgani inson huquqlarini himoya qilish tomon qo’yilayotgan qadam sifatida ko’riladi. Biroq Shohida ismli suhbatdosh qamoqxonadagi turmush o’rtog’i amnitsiya e’lon qilingandan keyin qattiqroq qiynoqqa solinganini aytadi.

“Amnitsiya e’lon qilindi-da, endi biron bir yangilik bo’lib qolarmikan, deb borsak, u yerda hech qanday yangilik bo’lmapti. Lekin azoblash, qiynash bo’lyapti. Borgan edik oldilariga, “shlankalar tiqdi, rezinkalar tiqdi, qiynadi meni rosa, shuncha qiynaganiga men kimdan kechirim so’rayman. Kechirim so’raydigan nima ish qildim? Besh yil o’tirdim, yana shuncha qiyinchilikni ko’ryapman shuncha yildan beri”, deb gapirayaptilar. Qaynonam ham hokimiyatlarga chiqdilar, Ombudsmanlarga chiqdilar, hech qanaqa yordam bo’lmadi. Aksincha, bizlar hokimiyatga yozsak, xatimiz turmaga boribdi-da, “sening onang mana shunaqa shikoyat qilib yuribdi” deb yanayam qattiqroq qiynabdi”, - deydi Shohida.

Mamlakatda qonunlarning amalda ishlashiga erishilmas hamda qashshoqlik bartaraf etilmas ekan, inson huquqlariga doir vaziyatni yaxshilash borasida har qanday savol javobsiz qolaveradi, deydi yana bir o’zbekistonlik.

“Bizda bugungi kunda oddiy xalq uchun qonun ishlayapti, lekin afsuski amaldorlar va katta-katta mablag’ga ega bo’lgan insonlar qonunni chetlab o’tmoqda. Yangi korxonalar vujudga kelmayapti. Shu sabab minglab odamlar qo’shni davlatlarga noqonuniy ravishda chiqib ketishga majbur bo’layapti, oilalarini tashlab. U yerda ularning huquqlari poymol etilmoqda. Bu borada hukumat katta bir ishlarni amalga oshirishi kerak”.

“Keyingi paytda inson huquqlarini himoya qilayotgan ba’zi huquq himoyachilari tomonidan hozir mana qiynoqlar yo’q, degan gaplarni ham eshityapmiz”,- deydi siyosiy faol Dilorom Isxoqova.

“Qamoqxonalarda qiynoqlar to’xtatilgan, tergov jarayonida qiynoqlar bo’lmayapti, hamma narsa boshqacha... deyishadi. Bu gaplarning hammasi safsata va ertak. Men oxirgi yillar ichida bir necha sud jarayonlarida qatnashdim. Shuni bildimki, o’sha liberealizatsiya degan narsasi juda yolg’on bo’lib chiqdi. Bu jarayon O’zbekistonda amalga oshmayapti. Tergov jarayonining o’zida qilmagan ishlari uchun yigitlarni bo’yniga qo’yish uchun urish, kaltaklash hozirgacha davom etyapti va bir kun to’xtagani yo’q’”.

Toshkentlik bir fermer esa huquqlarini tiklash uchun qilayotgan harakatlari befoyda ketayotganini aytadi.

“Xotinim bilan birgalikda ferma sotib oldik. 6-7 oy o’tmasdan rais kelib, ta’magirlik yo’lida taxta, temirlar so’ragani uchun bermadik biz. Shuning uchun fermamizni 70 foiz yerini va imoratimizni olib, joylarni sotib yuborib, talon-taroj qilishdi. Shu orqasidan bizlar olti yildan beri ovora-sargardon. Har yoqda bizning ish bo’yicha poraxo’rlik, ta’magirlik, ochko’zlik. Adliya vazirligi da’vo arizasi berdi, buning joyini qaytib berlaring, deb. Oliy Sud protest berdi ,bizlarning 100 foiz haqligimizga. Viloyat sudi esa har xil yolg’on-yashiqlar bilan [chiqdi]”.

XS
SM
MD
LG